Umummilliy maqsad yo‘lida
Bugungi davrning yuksak talablari ta’lim tizimining barcha bosqichlari vakillari oldiga chinakam mas’uliyatli vazifalar qo‘ymoqda. Prezidentimiz rahbarligida shu yil 23-avgust kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bu vazifalar aniq belgilab berildi. Ta’kidlash joizki, ta’lim-tarbiya muassasalari faoliyatini yaxshilashga doir bunday keng qamrovli tadbir yurtimizda birinchi marta o‘tkazildi. Buning o‘ziga xos sabablari bor, albatta.
Ta’lim-tarbiyadek hayotiy muhim masalaga uzoq yillar davomida panja orasidan qarab kelingani rost. Hatto mustaqillik yillari ham ta’lim tizimi moddiy-texnik bazani yaxshilash, ayrim rivojlangan davlatlarning tajribasiga ko‘r-ko‘rona ergashishdan nariga o‘ta olmadi. Soha vakillarining mehnati o‘zining haqiqiy qadrini topmadi. Oqibatda maktabgacha, boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus, hatto oliy ta’lim tizimida ham kadrlarning sohadan chetlashishi ko‘zga tashlandi. Bu esa ta’lim samaradorligiga va tabiiyki, malakali kadrlar tayyorlash sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmay qolmadi. Shuning uchun ham Prezidentimiz mazkur yig‘ilishda ta’limga, o‘qituvchilarga munosabatni keskin o‘zgartirish kerakligi, ustoz degan nom jamiyatda o‘z o‘rnini topmas ekan, komil inson, taraqqiy topgan jamiyatni yaratish amri maholligini ta’kidlab o‘tdi. Bu vazifani zudlik bilan hal qilish lozimligini uqtirar ekan, davlatimiz rahbari: “Bugun yoki hech qachon!” deya xitob qildi.
Ta’lim tizimi deganda farzandning tug‘ilganidan boshlab, dastlab oilada, keyin maktabgacha, boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus hamda nihoyat oliy ta’lim muassasalaridagi bilim olish, kasb o‘rganish, mustaqil hayotga qadam qo‘yish yo‘lini tushunamiz. Hayotiy tajriba mana shu tizim zanjiridagi barcha bo‘g‘inlar bir-biriga chambarchas bog‘liq ekanini ko‘rsatdi. Shuning uchun ham Yurtboshimiz oldimizga qo‘ygan mas’uliyatli vazifalarni bajarish uchun bir yoqadan bosh chiqarib, har bir bo‘g‘inda yuqori sifat ko‘rsatkichlariga erishish uchun kurashishimiz kerak.
Bu borada Guliston davlat universiteti ham ilmiy, ham tajribaviy potensialga ega bo‘lish bilan birga moddiy-texnik imkoniyatlar jihatidan ham boshqa ta’lim muassasalariga yaqin hamkor bo‘la oladi. Biz ishni boshlab yuborganmiz. Bunda Guliston shahridagi 16-maktab bilan hamkorlik sohasida ko‘p yillik tajribamiz qo‘l keldi. Jumladan, birinchi yarimyillikning o‘zida universitet tashabbusi bilan maktabda o‘quv, ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalar bo‘yicha bir qancha ishlar amalga oshirildi. Xususan, “Biologiya”, “Fizika”, “O‘zbek tili va adabiyoti”, “Kimyo”, “Tarix” kafedralari jamoalari bilan aloqalar yaxshi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, universitetimiz tomonidan biriktirilgan professor-o‘qituvchilar, maktab o‘qituvchi va o‘quvchilari huzuriga muntazam borib, uslubiy, amaliy yordam bermoqda. Jumladan, “O‘zbek tili va adabiyoti” kafedrasi mudiri O.Fayzullayeva haftada bir kun maktabda mashg‘ulotlar o‘tib, tadbirlar tashkil etmoqda. “Kimyo” kafedrasi mudiri O‘.Abdurahmonova esa maktabda laboratoriya darslarini olib borishga doir ma’ruzalar tashkillashtirmoqda. “Tarix” kafedrasi mudiri S.Qudratov o‘zbek xalqining kelib chiqishiga doir masalalar bilan bog‘liq seminarlar tashkil etgan.
Universitetning “Ingliz tili” kafedrasi professor-o‘qituvchilari 16-maktab ingliz tili o‘qituvchilari bilan birga kasbiy rivojlanishni muntazam ta’minlash, ilmiy faoliyatga maktab pedagoglarini ham jalb qilish maqsadida hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Bu faoliyatni samarali boshlash uchun maktabda, avvalo, o‘qituvchilar bilan o‘zaro qaysi yo‘nalishlarda ish olib borish bo‘yicha reja tuzilgan. Ushbu maktabda 14 nafar ingliz tili o‘qituvchisi to‘liq stavkada faoliyat yuritadi. Har oy kafedramizdan 2 nafar pedagog rejaga muvofiq maktab o‘qituvchilariga muntazam mahorat darslari o‘tadi. Maktabda tashkil etilgan “Ingliz tili va adabiyoti” kafedrasi burchagida universitet professor-o‘qituvchilari, yo‘nalish talabalari erishgan yutuqlar aks etgan ko‘rgazmali vositalar qo‘yilgan. Yillik mahorat darslari o‘tish ro‘yxati shakllantirilgan. Ilmiy hamkorlik borasida maslahat, tajriba almashilib, bu maktab o‘qituvchilarining ham ko‘proq ilmiy maqolalar yozishga ishtiyoqini oshirmoqda.
Yanvar oyida M.Fozilov hamda Sh.Hakimova maktab o‘qituvchilariga navbatdagi mahorat darslarini o‘tish bilan birga ularning darsini tahlil qilib, yuqori sinf o‘quvchilari o‘rtasida kasbga yo‘naltirish ishlarini olib borishdi. Fevral oyida Toshkentda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Britaniya konsulligining yurtimizdagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan “Key success factors and Challenges in National English reform” nomli konferensiya yakunlari yuzasidan maktab o‘qituvchilariga trening tashkil etildi. Kafedra o‘qituvchilari A.Aliyeva, S.Bazarova, S.Dushayeva bu ishlarga boshchilik qilishdi.
Bunday hamkorlikni barcha kafedralar kesimida ko‘rish mumkin. Biz birgina 16-maktab misolida universitet—maktab hamkorligiga oid ba’zi masalalarni qalamga oldik. Viloyatdagi talay tayanch ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda ish yurityapmiz, ular ichida tayanch maktabgacha, o‘rta maxsus va boshqa ta’lim muassasalari ham bor. Endigi vazifa viloyatdagi barcha ta’lim muassasalari bilan mustahkam, doimiy aloqa o‘rnatishdan iborat. Shu maqsadda mavjud 22 ta kafedramiz mutaxassislari viloyatdagi ko‘plab maktabgacha tarbiya tashkiloti, 309 ta maktab (shu jumladan, 8 ta maxsus maktab va maktab-internat), Bolalar shaharchasi, viloyat axborot-resurs markazi, 12 ta “Barkamol avlod” bolalar markazida bo‘lib, ularning ish faoliyati, natija va muammolari bilan yaqindan tanishdi.
Ayni vaqtda viloyatimizda jami 155 981 nafar o‘quvchi bo‘lib, ularning 10 foizini bitiruvchi, yana 10 foizini birinchi sinf o‘quvchilari tashkil etadi.Viloyat maktablarida o‘qitish 4 tilda (o‘zbek, rus, qozoq va tojik tillarida) olib boriladi.
Ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasi, jumladan, kompyuter va boshqa elektron-ko‘rgazmali texnik uskunalar, laboratoriya jihozlari, musiqa, sport anjomlari kabi zamonaviy ta’lim-tarbiya uchun zarur vositalar bilan ta’minlanish darajasi ham atroflicha o‘rganib chiqildi. Buning natijasida maktab, maktabgacha tarbiya muassasalari va universitetimiz o‘rtasida o‘zaro hamkorlik ufqlarini aniq va ravshan belgilab olish imkoniyati paydo bo‘ldi. Ayniqsa, malakali kadrlarga muhtoj ta’lim muassasalariga doimiy e’tibor qaratish, ularda namunali darslar uyushtirish, universitetimizda mavjud ilmiy, uslubiy va amaliy imkoniyatlardan bahramand qilishni asosiy vazifalardan deb belgiladik.
Ayni vaqtda barcha fakultet va kafedralarimiz shu ishga kirishdi. Masalan, filologiya fakultetining 8 nafar malakali professor-o‘qituvchisi, xorijiy tillar yo‘nalishining 52 nafar yuqori bosqich talabasi viloyatdagi ta’lim sifati talab darajasida bo‘lmagan maktablarga biriktirilib, o‘quvchi va o‘qituvchilar bilan muntazam ravishda amaliy-uslubiy mashg‘ulotlar olib borilmoqda. Xuddi shu tarzda “Rus tili va adabiyoti”, “Tarix”, “Jismoniy madaniyat”, “Musiqa va tasviriy san’at” va boshqa kafedralar jamoalari ham aniq rejalar belgilab, ish boshladi. Universitet professor-o‘qituvchilar jamoasi ilgari asosan tayanch o‘quv muassasalari bilan ishlagan bo‘lsa, endi barcha maktabgacha tarbiya, maktab va boshqa o‘quv-tarbiya muassasalari bilan hamkorlik qilishga astoydil bel bog‘ladi.
Boshqacha bo‘lishi mumkin ham emas. Negaki endi biz talabalikka qabul qiladigan abituriyentlar bugungi maktab o‘quvchilari hisoblanadi. Ularning bilim darajasi qanchalik yuqori bo‘lsa, ertaga biz tayyorlaydigan kadrlarning saviyasi ham shu qadar baland bo‘ladi. Yurtimiz ravnaqi, O‘zbekiston kelajagi biz tayyorlaydigan kadrlarning bilim va saviyasiga qanchalik bog‘liqligini barchamiz yaxshi tushunamiz. Shuning uchun ham Prezidentimiz 23-avgustda o‘tkazilgan videoselektorda: “Moddiy va ma’naviy hayotni uyg‘un rivojlantirishimiz kerak”, deya alohida ta’kidlab, so‘ng barchamizga qat’iy vazifa belgilab berdi: “Maktab bu borada asosiy bo‘g‘in bo‘lishi lozim. Maktab ta’limini rivojlantirish biz uchun buyuk umummilliy maqsadga, umumxalq harakatiga aylanishi zarur”.
Muhsin HOJIYEV, Guliston davlat universiteti rektori, texnika fanlari doktori, professor