Talabaning o‘rtacha xarajati 900 000 so‘m, stipendiyasi esa..
Moliyaviy ahvoli sabab o‘qishdan akademik ta’til olib ketgan kursdoshim qo‘ng‘iroq qildi. Salom-alikdan so‘ng stipendiya haqida gap ochildi.
— Charos, stipendiya kamaytirilib, bir xil beriladigan bo‘lgani haqida yozilgan barcha maqola-yu xabarlarni o‘qib chiqdim. Siz ham shu haqida yozsangiz. Poytaxtda o‘qiyotgan talabalar-ku ish topib ishlayapti ekan, ammo viloyatdagilar ancha qiynalib qoldi. Viloyatda talabalar uchun ish topish qiyin. Bo‘lsa ham, qora mehnat. Talabalarning hammasi ham moddiy jihatdan to‘liq ta’minlangan oila farzandlari emas, stipendiya kutib, kun sanab yurganlar ham bor. Hatto ba’zi ota-onalar maoshini to‘lov-shartnomaga o‘tkazgani uchun ro‘zg‘orni farzandining stipendiyasi evaziga amal-taqal qilib tebratadi. Farzandlar ham shunga yarasha yaxshi o‘qib, “5”lik stipendiya olishga harakat qiladi. Lekin endi...
Kursdoshimning so‘zlarini tinglar ekanman, yaram yangilandi. Axir men ham 3 yildan buyon a’lo baholarga o‘qiyman. To‘laydigan shartnoma pulim va oladigan stipendiyamni hisoblab, oradagi farq u qadar katta emasligini va yaxshi o‘qishim bilan nafaqat o‘zimga, balki ota-onamga ham ma’naviy, ham moddiy yordam berayotganimni o‘ylab, o‘zim uchun motivatsiya olardim. Oilada ikki farzand to‘lov-shartnoma asosida o‘qiymiz. Poytaxtda yashash, o‘qishning o‘zi bo‘lmaydi. Ayniqsa, viloyatdan kelib o‘qiydigan talabalar uchun. Stipendiya moddiy yordam uchun beriladi. Bir oylik stipendiya talabaning xarajatlarini minimal miqdorda qoplay olsa, shartnoma pulini to‘layotgan ota-ona ro‘zg‘ordan tashqari xarajat va qolgan farzandlarining ehtiyoji uchun ham nimadir ajrata oladi. Xo‘sh, talabaning bir oylik xarajati qanchani tashkil etadi?
Uzoqqa bormay, o‘z misolimda sarf-xarajatlarni keltiraman.
Kvartira ijarasi uchun — 300 000 so‘m.
Oylik yo‘l chiptasiga — 83 000 so‘m.
O‘qishdagi qog‘ozbozliklar uchun — 25 000 so‘m (kamida).
Internet uchun — 30 000 so‘m.
Tushlik uchun — 5000—10000 so‘m (kunlik hisobda. Bir oyda taxminan 250 000 so‘m bo‘ladi.)
Oziq-ovqat uchun — 200 000 so‘m.
Jami — 888 000 so‘m.
Tug‘ilgan kun, kiyim-kechak va yana shunga o‘xshash xarajatlarni qo‘shmaganda bir talaba oyiga o‘rtacha 900 000 so‘mga yaqin pul sarflar ekan. Narx-navoning kundan kun oshayotganini hisobga olsak, bu mablag‘ o‘zini oqlamaydi.
Shuncha odam yozdi, foydasi bo‘lmadi. Undan ko‘ra o‘qishga xalal bermaydigan ish topish kerak, degan o‘yda bu mavzuni bir chetga surib yurgan edim. Ammo yaqinda bir opa bilan bo‘lgan suhbat qo‘limga qalam olishga majbur qildi.
— Siz ham talaba ekansiz-da. Mening ham ikki farzandim oliy ta’lim muassasasida o‘qiydi. Ikkisi ham to‘lov-shartnoma asosida tahsil olyapti. Qizim universitetda tanlovlarda faol qatnashib yurardi. O‘tgan yili faolligi va hamma bahosi “5” bo‘lgani uchun Yoshlar ittifoqi to‘lov-shartnoma pulining 35 foizini to‘lab berdi. Biz otasi bilan oyligimizni ikki farzandimizning o‘qishi uchun o‘tkazamiz. Endi qizim “Tadbirlarda qatnashmayman. Yaxshisi, ishga kiraman, bu stipendiya bilan yashab bo‘lmaydi”, deyapti. O‘g‘lim ham o‘tgan semestrni “5”ga yopgandi. “Chet tili o‘rgatish kursiga qatnab qo‘shimcha til o‘rganaman, stipendiyam yetadi”, deb quvonib yurgandi. Endi u ham “Hozircha chet tilini mustaqil o‘rganib turaman, ishlamasam,sizlarga qiyin bo‘lib ketdi”, deyapti. Ikkala farzandim ham ishlamasdan, faqat o‘qib, qo‘shimcha kurslarga ham borishini istayman. Lekin nima qilaylik, farzandlarimiz faqat ikki nafar emas. Ro‘zg‘orni ham tebratish kerak. To‘lov-shartnoma puli ham ko‘tarilib ketdi... — deya gapini tugatdi ayol.
Ha, shartnoma summasining 18 foizga oshib, stipendiya miqdorining tushirilishi ko‘pchilikning rejasini o‘zgartirib yubordi. Bilim olish o‘rnini pul topish fikri egallaganga o‘xshaydi. Javobsiz savollar ham talaygina: xo‘sh, nega aynan 400 000 so‘m? Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi mutasaddilari matbuot anjumanida talabalarning ko‘pi “3” bahoga o‘qishini va bu pul miqdori yaxlitlab olinganini ma’lum qildi. Nega to‘lov-shartnoma puli eng kam ish haqiga bog‘liq holda o‘sib boradi-yu, stipendiya miqdori eng kam ish haqiga bog‘lanmaydi? Sabab nimada?
Regulation.gov.uz portalida “Oliy ta’lim muassasalari talabalariga stipendiyalar to‘lash tartibi va miqdorlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori 23-sentabrdan 6-oktabrga qadar muhokamaga qo‘yilgan. Shu ikki hafta mobaynida 688 nafar kuzatuvchi o‘z fikrini yozib qoldirgan. Ular bilan tanishib chiqib, qarorni ma’qullaydigan birorta fikrni uchratmadim.
Shohboz Xolbo‘tayev:
— Talabalarga stipendiyani to‘lashda tabaqalashtirilgan tizim joriy qilindimi? Nega unda arzimas 400 000 so‘m?! Axir O‘zbekistonda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 577 000 so‘m-ku.
Taklifim, stipendiya miqdori bir xil qilinsa, to‘lov-shartnoma puli ham EKIHning 2 baravari miqdorida qilib belgilansin.
Abbosxon Bozorov:
— Stipendiya tizimi tabaqalashtirilgan holda qolishi tarafdoriman. “Pul uchun emas, bilim uchun o‘qish kerak”, dersiz balki. Bu fikrda ham jon bor, albatta. Biz o‘qiyotgan muhitda esa bunday demagan bo‘lardim. Birinchidan, YIM aholi jon boshiga juda past (shunisiga ham shukr). Bu degani to‘layotgan 14 000 000 to‘lov-shartnoma pulimiz aholi jon boshiga olganda juda yuqori. (Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Ukrainada ham to‘lov-shartnoma miqdori bunchalik emas). Ikkinchidan, agar institut yoki universitetlar maksimal darajada bilim bersa va maksimal o‘qishni talab qilsa, unda talabalarning darsdan keyin ishlashi ham ancha qiyin masalaga aylanadi (ayniqsa, 1-, 2-kurs talabalariga). Bu yerda 3-4-kurs talabalarining sohaga doir ishlari aytilmayapti. Uchinchidan, talabalarning atigi 30–40 foizi yotoqxona bilan ta’minlanganini hisobga olsak, poytaxt yoki viloyatlarda ijarada yashash uchun kamida 200 ming so‘mdan 500–600 ming so‘mgacha to‘lash kerak.
Dilmurod Tursunov:
— To‘lov-shartnoma pulining 18 foizga oshirilib, stipendiyaning 400 ming so‘m qilib belgilanishini hech qanday izoh bilan tushuntirib bo‘lmaydi. Agar barcha talabalar 400 ming so‘mdan stipendiya oladigan bo‘lsa, to‘lov-shartnoma miqdori ham tushirilishini so‘raymiz. Negaki aholi bandligini yetarlicha ta’minlay olmay turib, chet eldan andoza olish — xalqqa nisbatan adolatsizlik. Hamma ham davlat ishida ishlamaydi va hamma ham tadbirkor emas! Nima, oddiy odamning farzandi malakali kadr bo‘lolmaydimi? Agar iqtidorli talaba bo‘lsa, stipendiyasiga 60 000 so‘m qo‘shib berilar ekan. Faol bo‘lsa, rektor tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi ham aytilgan. Lekin faol va iqtidorli talaba bo‘lish uchun bu mablag‘ yetmaydi. Chunki faollik ham pulga borib taqaladi…
Muhokamalar portalida bildirilgan takliflar inobatga olinadimi? Qarorni qayta ko‘rib chiqish chindan ham talabalarning moddiy ahvolini o‘rganish uchunmi yoki shunchaki vaqtdan yutish, chalg‘itish uchun? Agar chindan jamoatchilik fikri inobatga olinsa, nega oliy ta’lim dargohlarida talabalardan o‘qishni stipendiyali yoki stipendiyasiz davom ettirishini tezroq aytib, ariza yozib berish talab qilinmoqda? Nega muhokamaning javobi kutilmayapti yoki bularning bari xo‘jako‘rsingami?
Savollar talay, javob esa…
Charos YOQUBOVA,
O‘zDJTU talabasi