Diplomi O‘zbekistonda tan olinmaydigan xorij OTMlari
Ta’lim xizmatlari ko‘rsatish bozorida sog‘lom raqobatni shakllantirish ta’lim tizimini rivojlantirishning asosiy strategik yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi. Xususan, nodavlat ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini yanada rivojlantirish, ushbu sohaga davlat-xususiy sheriklikning turli shakllarini samarali joriy etish hamda davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini yaratish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Prezidentimizning 2017-yil 15-sentabrdagi “Nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma yig‘ilishida parlamentga Murojaatnomasida eng dolzarb va o‘z yechimini kutayotgan muammolardan biri sifatida tadbirkorlarga litsenziya berishning markazlashib ketgani, shu bilan birga uzoq hududlardan Toshkentga bir necha bor kelib-ketishlari, yarim yillab litsenziya kutishlari yoki ololmasdan sarson bo‘lganlari, nodavlat ta’lim muassasalariga litsenziya berish va uning tartibini soddalashtirish bo‘yicha dolzarb vazifalar belgilab berildi.
Ushbu vazifalar ijrosini sifatli ta’minlash maqsadida Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash tartibini takomillashtirish yo‘lida xalqaro tajribadan kelib chiqib, fuqarolarning talab va istaklarini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 27-martdagi “Nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur qarorning qabul qilinishi nodavlat ta’lim muassasalari tashkil etish jarayonini soddalashtirish bilan birga, litsenziya talabgorlarining murojaatlarini qisqa muddatda ko‘rib chiqishni ham ko‘zda tutadi.
Shuningdek, qaror asosida litsenziyalash jarayonini qisqa muddatda tashkil etish maqsadida Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali litsenziya qabul qilish uchun murojaat qiluvchilarning arizalarini elektron qabul qilish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
2018-yil 1-apreldan boshlab nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi faoliyat Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan litsenziyalanadi. Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi arizani qabul qilgandan so‘ng 10 kun ichida hujjatlarning litsenziya talablari va shartlariga muvofiqligini o‘rganadi va tegishli qaror qabul qiladi (avval ushbu jarayon 30 kunni tashkil etgan).
Oliy ta’lim sohasida o‘quv jarayonini takomillashtirish, yoshlarga zamonaviy talablar asosida ta’lim berish bugungi kunning asosiy masalalaridan biridir. Bu borada nodavlat ta’lim tashkilotlarining ulushi salmoqlidir.
So‘nggi paytlarda ayrimlarning o‘zini “nodavlat oliy ta’lim tashkiloti” yoki “xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarining filiali” deb tanitib, turli ijtimoiy tarmoqlar va OAV, reklama roliklari orqali g‘arazli maqsadlar yo‘lida yoshlarni chalg‘itishi, aldashi holatlari kuzatilmoqda.
Yangi o‘quv yili boshlanganiga 3 oy o‘tgan bo‘lsa-da, 2019/2020-o‘quv yili uchun o‘qishga kirishga abituriyentlardan hujjat qabul qilish jarayoni davom etayotgani va ushbu xizmat uchun pul undirilayotgani, to‘lov shartnomalari tuzilayotgani to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga abituriyentlar, ularning ota-onalari va yaqinlari tomonidan ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda.
Xususan, fuqarolardan kelayotgan murojaatlarga ko‘ra Rossiya Federatsiyasining ayrim oliy ta’lim muassasalari O‘zbekiston Respublikasi hududida ta’lim berishga ruxsat etuvchi hujjatlarga ega bo‘lmay turib, abituriyentlardan hujjat qabul qilmoqda.
Jumladan:
— Tomsk davlat boshqaruv tizimlari va radioelektronika universiteti;
— Moliya, iqtisod va zaxiradagi ofitserlar huquqi instituti;
— “Tadbirkorlik oliy maktabi” xususiy oliy ta’lim muassasasi;
— “Sharqiy Yevropa instituti” xususiy oliy ta’lim muassasasi;
— “Sibir biznes va axborot texnologiyalari instituti” nodavlat oliy ta’lim muassasasi va boshqalar.
Qonun hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiq, nodavlat ta’lim tashkiloti sifatida Ta’lim inspeksiyasi ro‘yxatidan o‘tmagan nodavlat ta’lim tashkilotlari tomonidan berilgan ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlar yuridik huquqqa ega emas.
Ta’lim inspeksiyasi fuqarolarni haqqoniy va shaffof ma’lumot bilan ta’minlash hamda ularning faoliyati bilan shug‘ullanish vakolatiga ega bo‘lgan ta’lim tashkilotlaridagi ta’lim sifati bo‘yicha ma’lumotlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida O‘zbekistonda akkreditatsiyalangan va diplomi tan olinadigan oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatini e’lon qilib bormoqda. tdi.deepx.uz manzili orqali mazkur ro‘yxat bilan tanishishingiz mumkin.
Bundan tashqari, so‘nggi paytlarda O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirolmagan yoshlar va ularning ota-onalari o‘rtasida xorijda oliy ta’lim olishni va buni hech qanday imtihonsiz, pullik xizmat ko‘rsatish evaziga rasmiylashtirib berishni taklif etayotgan konsalting tashkilotlari faol targ‘ibot ishlarini amalga oshirishmoqda.
Mazkur tashkilotlar tomonidan taklif etilayotgan oliy ta’lim muassasalarining diplomi O‘zbekistonda tan olinishi yuzasidan aniqlik kiritishni so‘rab Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda.
O‘zbekistonda xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-iyuldagi 620-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomga asosan amalga oshiriladi.
Joriy yilda qabul qilingan mazkur nizom qator xorijiy davlatlar tajribalarini o‘rganish va moslashtirish asosida yangilangan bo‘lib, ushbu jarayon birmuncha soddalashtirildi.
Avvalgi tartibda diplomi tan olinishi uchun murojaat qilgan fuqaro 2 bosqichda: O‘zbekiston tarixi fanidan test topshiriqlarini bajarishi va o‘z yo‘nalishi bo‘yicha suhbatdan o‘tishi bilan sinovdan o‘tkazilgan bo‘lsa, endilikda faqatgina bir bosqichda — mutaxassislik fanlaridan test imtihonlari topshirmoqda. Ushbu test jarayonini adolatli va shaffof o‘tkazish maqsadida sinovlar kompyuterda onlayn ko‘rinishda, kuzatuv kameralari nazorati ostida topshiriladi hamda natija bilan talabgor test yakunlangan zahoti tanishishi mumkin.
Bundan tashqari, xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish to‘g‘ri (sinovlarsiz) amalga oshiriladigan holatlar aniq ko‘rsatib o‘tilgan.
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi 1992-yil 1-yanvardan so‘ng berilgan hujjatlarni tan olish tartibini belgilaydi.
Konsalting tashkilotlari tomonidan “Dunyodagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari”, “Diplomi O‘zbekistonda sinovlarsiz tan olinadigan universitetlar” deb targ‘ib qilinayotgan, masofaviy va eksternat ta’lim shaklini taklif etayotgan muassasalarning aksariyati hatto o‘z davlatida ham akkreditatsiyadan o‘tmagani ma’lum bo‘lmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 29-yanvardagi “Davlat oliy ta’lim muassasalarida eksternat asosida o‘qish amalga oshirilmaydigan bakalavriat ta’limi yo‘nalishlari ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq eksternat tartibida o‘qish amalga oshirilmaydigan mutaxassisliklar ro‘yxati tasdiqlangan. Ushbu ro‘yxatda mavjud bo‘lgan ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarining ta’lim hujjatlari tan olinmaydi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunining 3-moddasida ta’lim sohasidagi davlat siyosatining asosiy prinsiplaridan biri sifatida ta’limning uzluksizligi va izchilligi, 4-moddasida esa ishlab chiqarishdan ajralgan va ajralmagan holda ta’lim olishni tashkil etish belgilangan.
Bundan tashqari, ta’lim tizimi rivojlangan davlatlarda ham oliy ta’lim olishda asosiy ta’lim shakli sifatida kunduzgi ta’lim shakli amal qiladi. Masofaviy ta’lim shakli va eksternat ta’lim shakllari esa asosan oliy ta’limdan keyingi kattalar ta’limi va umr davomida ta’lim olishda qo‘llanadi.
Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish tartibi haqidagi nizomning 36-bandiga asosan respublikamizda xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish quyidagi hollarda rad etilishi belgilangan:
a) xorijiy davlatlarda kasbiy ma’lumot to‘g‘risida hujjat beradigan ta’limning umumiy me’yoriy davri (to‘liq umumiy o‘rta yoki o‘rta ma’lumot olingandan keyin) O‘zbekiston Respublikasi ta’lim standartlarida nazarda tutilgan davrdan ikki yildan kam bo‘lsa;
b) xorijiy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat berilgan davlatda uning egasiga O‘zbekiston Respublikasidagiga qaraganda ta’lim olish va (yoki) kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanish uchun kam huquqlar berilgan bo‘lsa (hujjat egasi ta’limning keyingi bosqichida o‘qishni davom ettirish, kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘lmasa);
d) ma’lumot O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilmagan ta’lim shaklida olingan bo‘lsa;
e) oliy ta’lim bosqichlarida: bakalavriat bo‘yicha o‘qish muddati uch yildan kam bo‘lsa yoki Yevropa ta’lim tizimi asosida o‘qish davomida 240 dan kam kredit to‘plagan bo‘lsa;
f) magistratura bo‘yicha o‘qish muddati bir yildan kam bo‘lsa;
g) bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari qo‘shib o‘qitiladigan ta’lim dasturlari bo‘yicha ta’lim olganda umumiy o‘qish davri uch yildan kam bo‘lsa;
h) to‘g‘ridan to‘g‘ri (sinovlarsiz) tan olinadigan xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlar ushbu Nizomning 7-bandida ko‘rsatilgan talablarga to‘g‘ri kelmasa.
O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunida ishlab chiqarishdan ajralgan va ajralmagan holda (kunduzgi, sirtqi hamda kechki ta’lim shakllari ko‘zda tutilgan) ta’lim olish belgilangan, lekin masofaviy va eksternat ta’lim shakli ko‘zda tutilmagan. Shuning uchun ushbu ta’lim shaklida xorijiy ta’lim muassasalarida o‘qib olingan ta’lim hujjatlari hamda xorijiy OTMlarning bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha sirtqi ta’lim shaklida 3 yil yoki undan kam muddatda o‘qib olingan diplomlari respublikamiz hududida tan olinmaydi.
Abdurahim NOSIROV,
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining pedagog kadrlar sifati nazorati, ta’lim hujjatlarini legallashtirish, tan olish va nostrifikatsiya qilish bosh boshqarmasi boshlig‘i