Kredit tizimi afzalligi
So‘nggi yillarda O‘zbekiston xalqaro munosabatlarning to‘laqonli subyektiga aylanib boryapti. Mamlakatimizning Bolonya jarayoni ta’lim tizimiga qo‘shilishi esa xorijiy mamlakatlar bilan oliy ta’lim sohasidagi aloqalarni kengaytiradi. Buning natijasida joriy etiladigan kredit tizimi talabalarning mustaqil ishlashini rag‘batlantiradi. Individual ta’lim yo‘nalishining tanlov imkoniyatini, bakalavr, magistr va doktorantlarning akademik erkinligini ta’minlashga yordam beradi.
Kredit shartli sinov birligi bo‘lib, tinglovchining o‘quv fanining muayyan qismini o‘zlashtirgani haqida ma’lumot beradi. Har bir fanga ma’lum miqdorda kredit birliklari ajratiladi. Ular soni tinglovchilarning mehnat sarfiga mos holda belgilanadi. O‘qitishning kredit tizimida talabaning o‘zlashtirish darajasi ma’lum miqdordagi kreditlar summasini yig‘ishiga bog‘liq. Yig‘iladigan kreditlar talabaning darslardagi faol ishtiroki, muayyan o‘quv kursi davomida olingan test natijalari, ilmiy izlanishlar, og‘zaki va yozma imtihonlar, amaliyot natijalari asosida belgilanadi. U talabaning umumiy yuklamasiga asoslanadi.
Kredit tizimi ta’limning shaffofligini, akademik bilimlar hamda kvalifikatsiyani tan olishni osonlashtiradi. Oliy ta’lim muassasalari uchun yagona kredit tizimining joriy etilishi talabalarning mobilligini ta’minlaydi. Talaba belgilangan kredit ballarini to‘plagan taqdirdagina diplom oladi. Kredit tizimi barcha o‘qitish shakllarining nazoratini o‘z ichiga oladi (auditoriya va auditoriyadan tashqari). Demak, u nafaqat o‘quv faoliyatiga berilgan baho, balki bajarilgan o‘quv yuklamasini ko‘rsatib turuvchi birlikdir. Kredit tizimining asosini, albatta, reyting ball tizimi tashkil etadi.
Kredit tizimiga o‘tish talabalarga xorijda o‘qishni davom ettirishi uchun shart-sharoit yaratishga xizmat qiladi. O‘zbekistonda ta’lim olingan muddatning xorijiy davlatlarda ham tan olinishini ta’minlaydi.
Bu tizimning afzalligi shundaki, talaba ta’lim jarayoni davrida chet el o‘quv yurtlarida yoki o‘zga ta’lim yurtida tahsil olib, so‘ng o‘qishni davom ettirishi mumkin. O‘quv jarayonida chet el o‘quv yurtlari va tashqi muassasalardan malakali mutaxassislar jalb etiladi. Chet el oliy ta’lim muassasalari amaliyotidan kelib chiqqan holda o‘quv dasturlari ishlab chiqiladi. Talabalar o‘zi istagan fanni tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Joriy o‘quv yilida TATUning “Telekommunikatsiya injiniringi” kafedrasida ham kredit tizimi bo‘yicha o‘qitish borasida muayyan ishlar olib borilmoqda. O‘quv jarayonini kredit tizimiga moslab takomillashtirish maqsadida xorijiy davlatlarning oliy o‘quv yurtlari o‘quv rejalari o‘rganildi, ularning tajribalariga asoslangan holda o‘quv dasturi ishlab chiqildi. O‘quv dasturiga muvofiq ko‘pgina ma’ruza darslarini o‘tishda tegishli korxonalarning yuqori malakali mutaxassislarini jalb qilish rejalashtirilgan. Hozirgi kunda kafedraning yetakchi o‘qituvchilari tomonidan o‘quv-uslubiy majmuani yaratish borasida izchil ishlar olib borilmoqda.
R.RAJAPOVA,
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi TATU o‘qituvchisi