Endi abituriyentlarga 5 yoki 6 tagacha oliy ta’lim muassasasini tanlash imkoni beriladi
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi binosida Yoshlar press-klubining navbatdagi sessiyasi doirasida ta’lim sohasida 2019-yilda amalga oshirilgan ishlar va 2020-yildagi asosiy vazifalar muhokama qilindi. Tadbirda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Maktabgacha ta’lim vazirligi, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Davlat test markazi hamda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi rahbarlari ishtirok etdi.
— O‘tgan yilda test topshiriqlarining mazmuni va tuzilishi takomillashtirildi, — deydi Davlat test markazi direktori Majid Karimov. — Abituriyentlarning Davlat test markazining rasmiy sayti orqali ro‘yxatdan o‘tishi sinovdan o‘tkazildi, ularga 3 ta ta’lim yo‘nalishini tanlash imkoni berildi. Qolaversa, abituriyentlar test natijasini ertasi kuni bilishi, ballarni onlayn monitoring qilishi mumkin. Test javoblar varaqasi soddalashtirildi. Nogironligi bo‘lgan abituriyentlar uchun alohida kunlar belgilanib, ularga ko‘mak guruhi tashkil etildi. Abituriyentlarga qulaylik yaratish uchun ayrim hujjatlar soddalashtirildi. Test jarayonlari shaffof, adolatli va oshkora o‘tishi ta’minlandi. Turli fanlardan o‘tgan o‘quv yilidagi test savollari to‘plamlari chiqarildi.
2020-yildagi vazifalar: Test materiallari sifatini va bu bo‘yicha mutaxassislarning malakasini oshirish rejalashtirilmoqda. Yil davomida ishlash uchun bino kerak. Yangi yilda 8 ta viloyatda ming o‘rinli zamonaviy binolar qurish belgilangan. Tirbandlikni bartaraf etish maqsadida ro‘yxatga olishni elektron tarzda tashkil etish mo‘ljallanmoqda. XTV bilan birgalikda OTMga kirish istagidagi bitiruvchilarni test sinovidan o‘tkazib, o‘quvchilarning bitiruv imtihoni ballari asosida tanlovda ishtirok etishini ta’minlanadi. Endi abituriyentlarga 5 yoki 6 tagacha oliy ta’lim muassasasi (ta’lim yo‘nalishi)ni tanlash imkoni beriladi. Shuningdek, chet tillaridagi kabi (IELTS, CEFR) boshqa umumta’lim fanlaridan ham sertifikatlar berish bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Niginabonu SHUKUROVA yozib oldi.