Oliy ta’lim muassasalari tarbiya maskanimi yoki ta’lim biznesining bir bo‘lagi?
Yurtimiz qadimdan ilm-ziyo maskani bo‘lib kelgan. Buyuk allomalarimizning dunyoga mashhur shox asarlari xalqimizning dunyo tamadduni rivojiga qo‘shgan hissasi bo‘lib, ularning ko‘pchiligi hatto hozir ham amaliy ahamiyatga ega. Hozirgi O‘zbekiston hududi Markaziy Osiyo mintaqasida tarixda ilm-fan, madaniyat o‘chog‘i bo‘lganligi bois, ilmga intilish, uni e’zozlash bu hudud aholisining qon-qoniga singib ketgan. Mamlakatimizda bugun ham ta’lim tizimi va jarayonini to‘g‘ri tashkil etish masalalari davlat va jamiyat hayotidagi muhim vazifa sifatida dolzarbligicha qolmoqda. Bu borada bir qancha qonun hujjatlari qabul qilindi.
Ushbu jarayonlarni sarhisob qilar ekanmiz, haqli savol tug‘iladi. Xo‘sh, hozirgi kunda ilm maskani bo‘lgan oliy ta’lim muassasalarida amalda ahvol qanday? Biz universitetlarimizda farzandalarimizga munosib ta’lim tizimini yarata olayapmizmi?
Hozirda O‘zbekistonda yuzdan ortiq oliy ta’lim muassasalari faoliyat olib bormoqda. Ular ichida yetakchi xorijiy universitetlarning filiallari ham bor. Bundan tashqari, yuqori salohiyatli professor-o‘qituvchilarga ega mahalliy universitetlar ham kam emas. Shu joyda bir-biriga ulanib keti uzilmaydigan majlislarda hammamiz qo‘llashga o‘rgangan iborani esladim. Yutuqlar o‘zimizniki, qanday kamchiliklarimiz bor?
Ko‘pchilik oliy ta’lim muassalari uchun xos bo‘lgan holatlarni eslashga urinib ko‘ramiz. Birinchidan, o‘quv mashg‘ulotlari har doim ham amaliyot bilan bog‘lanmaganligi sababli amaliyotga tayyor mutaxassislarga universitet diplomlarini topshiryapmiz deya olmaymiz. Bu muammo yechimini tibbiyot, texnika, tekstil, kimyo texnologiyalari kabi sohalarda yechish unchalik qiyin emas. Bu yo‘nalishdagi OTMlarimizda muammoning yechimi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganini ham bilamiz. Ammo ijtimoiy-gumanitar sohalarda nazarimizda, bir oz oqsash seziladi. Biz bu sohalarning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, tayyor mahsulot olishga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqishning o‘zi murakkab jarayon ekanligi bilan o‘zimizni oqlashimiz mumkin, albatta. Ammo rivojlangan davlatlar tajribasi ijtimoiy-gumanitar sohalarda bozor mexanizmlarini qo‘llash imkoniyatlari kengligini ko‘rsatadi. Qolaversa, bugungi kunda ba’zi sohalarda amaliyot nazariyadan ancha ilgarilab ketgan, ba’zilarida esa aksincha amaliyot bor, ammo nazariy asoslar yetarlicha o‘rganilmagan.
Ikkinchidan, ОТМlarda o‘quv mashg‘ulotlari turli sabab va omillarga ko‘ra har doim ham sifatli o‘tilmaydi. Dars sifatini ta’minlovchi eng muhim omil bu – o‘qituvchining bilimi bo‘lib, ikkinchi omil bu – ushbu bilimlarni talabaga mavzuga va fanga mos usullarni qo‘llagan holda yetkazib berish mahoratidir. O‘qituvchining pedagogik mahoratini ta’minlovchi muhim vositalardan biri esa – bu uning dars mashg‘ulotini olib borayotgan har bir guruhiga mos psixologik yondashuvda ish olib borishidir. Pedagog olimlarimiz o‘qituvchining pedagogik mahorati, eng avvalo, uning yillar davomida to‘playdigan shaxsiy tajribasidan kelib chiqishi, har bir o‘qituvchining o‘ziga xos tarzda dars o‘tish metodikasi bo‘lishini ta’kidlaydilar. Shu o‘rinda ta’lim tizimida umume’tirof etilgan qoida va talablar mavjud bo‘lishiga qaramay, “hammaga mos tushadigan namunali dars mashg‘uloti modeli”ni yaratishning imkoni yo‘qligini ta’kidlashni istardim. Har qanday sohadagi OTM dars mashg‘ulotlarining sifatini ko‘tarish uchun eng avvalo – o‘qituvchilarning faoliyatini ma’lum shaklga solishdan voz kechish, ularga qo‘yilayotgan ortiqcha qog‘ozbozlik bilan bog‘liq tazyiqlarni kamaytirish kerak. Ushbu jarayon ko‘p hollarda o‘qituvchining dars mashg‘ulotlariga bo‘lgan ijodiy yondashuvini susaytiradi, natijada o‘quvchi-talabalar aziyat chekadi. Normativ-huquqiy hujjatlarda pedagogik faoliyat ijodiy faoliyat sifatida tan olinmasa-da, o‘quv mashg‘ulotlariga tayyorgarlik va uni o‘tkazish jarayoni unga ijodiy yondashuvni talab qilishi aniq. Qolaversa, zamon talabalariga javob beradigan o‘qituvchilar, albatta, axborot kommukatsiya-texnologiyalari va xorijiy tillarni ham mukammal bilishi kerak. Hozirda oliy ta’limdagi ilmiy salohiyati yuqori, tajribali o‘qituvchilarimiz asosan katta avlod vakillari bo‘lganligi bois ular ichida xorijiy tillarni mukammal biladiganlari nisbatan ozchilikni tashkil etadi. Xorijiy tillarni yaxshi o‘zlashtirgan yoshlar esa hali katta tajribaga va ilmiy salohiyatga ega bo‘lib ulgurgani yo‘q. Har holda bu mening shaxsiy kuzatuvlarim natijasida kelgan xulosam. Bu masalaning yechimi esa, nazarimizda har ikki tarafda yotadi.
Uchinchidan, qator universitetlarimizda hozirda talabalarning mustaqil ta’limini tashkil etishga alohida e’tibor qaratiladi. Bunda talabani fan yoki mavzuga oid mavjud axborot bazasi bilan ta’minlashdan ko‘ra uning analitik fikrlash qobiliyatini rivojlantirish muhim sanaladi. Ushbu tizimning eng muhim ijobiy tomoni shundaki, bu tizimda tahsil olgan bitiruvchi butun mehnat faoliyati davomida har qanday muammoli vaziyatning yechimini mustaqil qidirib topish ko‘nikmasiga ega bo‘ladi. Mustaqil ta’lim tizimining o‘ziga xos pedagogik yondashuvlari ham mavjud. Aslida fanda voyaga yetgan shaxslarga ta’lim berish “andragogika” deb ataladi. Ya’ni andragogikada talabani o‘quv jarayoniga moslashtirish (adaptatsiya), bilimini boyitish (kompensatsiya), uni rivojlantirish muhim funksiyalar sanaladi. To‘g‘risini aytsam, 2003 yildan beri oliy ta’lim tizimida faoliyat olib borayotgan o‘qituvchi sifatida men hozirda mavjud muammoni shunda ko‘ramanki, farzandlarimiz maktab, litsey, kollejdan mustaqil ta’limga yetarli darajada tayyorgarliksiz kirib kelmoqda. Men bu fikrim bilan xalq ta’limi tizimini muhokama qilish fikridan mutlaqo yiroqman. Bu jarayon kompleks iqtisodiy-tashkiliy choralar tizimini o‘z ichiga olib, ushbu yo‘nalishda tegishli vazifalar amalga oshirilayotganligidan barchamiz xabardormiz. Shunchaki ta’lim tizimidagi “uzluksizlik prinsipi”ni ta’minlash o‘ta muhimligi eslatmoqchiman, xolos.
To‘rtinchidan, professor-o‘qituvchilarning akademik erkinligini oshirish, ularning ilmiy-tadqiqot faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash kerak. Ming afsuski, mahalliy OTMlarning professor-o‘qituvchilari haddan tashqari ko‘p hujjatlar bilan ishlashadi. Dunyoga mashhur Oksford universitetining professori, Saymon Mardjinson "Kommersant’ Nauka" jurnaliga bergan intervyusida “oliy ta’lim muassasasi o‘qituvchisi ham ta’lim jarayonida, ham ilmiy ishlarni amalga oshirishda teng imkoniyatlarga ega bo‘lishi kerak. O‘qituvchilar o‘zlarining tadqiqot natijalarini yosh avlodga qoldirishlari nihoyatda muhim. OTM faoliyatida aniq natijalarga erishish uchun nafaqat o‘qituvchilar, balki talabalar ham mas’ul bo‘lishlari kerak. Aks holda kutilgan natija ro‘y bermaydi. Eng muhimi, professor-o‘qituvchilar doimiy nazorat va tekshiruvlardan xoli bo‘lishlari lozim” deydi. Nazarimizda, bu yo‘nalishda AQSh, Xitoy, Buyuk Britaniya va Singapur davlatlari yetakchi OTMlarining ijobiy tajribasi tahsinga sazovor.
Beshinchidan, universitetlarimiz bitiruvchilarining ish bilan ta’minlanishi ko‘p jihatdan mahalliy OTMlarning dunyo miqyosida nufuzini oshirish bilan bog‘liq. Buning uchun qanday ishlarni amalga oshirishimiz zarur?
Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, yetakchi xorijiy OTMlarning aksariyati “Universitet 3.0” konsepsiyasi asosida ishlaydi, ya’ni OTM bir vaqtning o‘zida ta’lim berish, ilmiy-tadqiqot natijalarini tijoratlashtirish yo‘nalishlarida faoliyat yuritadi. O‘zbekistonning aksariyat OTMlarida birinchi va ikkinchi yo‘nalishlar yo‘lga qo‘yilganiga qaramasdan, ilmiy-tadqiqot natijalarini tijoratlashtirish vazifasi yetarlicha yo‘lga qo‘yilmagan. Qolaversa, universitetlarimizda zaruriy chora-tadbirlar bosqichma-bosqich amalga oshirilishi orqali ular Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Higher Education yoki Academic Ranking of World Universities kabi reytinglarda munosib o‘ringa ega bo‘lishi zarur. Ming afsuski, bunday OTMlar hozircha barmoq bilan sanarli. Yuqorida qayd etilgan reytinglarga kirishda Web of science, Scopus/ScienceDirect kabi ma’lumotlar bazasida indeksatsiya qilingan ilmiy jurnallarda maqolalar chop etish sharti belgilangan. Professor-o‘qituvchilarimiz bunday jurnallarda ilmiy maqolalar chop etish bilan birga, tegishli nashriyot va xususiy sektor vakillari mavjud mahalliy jurnallarni bunday ma’lumotlar bazasiga kiritish bo‘yicha tegishli choralarni amalga oshirishlari zarur. O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib, Tadqiqot.Uz ilmiy loyihasi bu boradagi ishlarni boshlab yubordi. Ammo kelajakda bu yo‘nalishda faoliyat yurituvchi autsorsing kompaniyalari sonining ko‘payishi ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini vujudga kelishiga olib keladi va ilmiy hamjamiyat rivojiga xizmat qiladi. Bundan tashqari, mamlakatimiz olimlarining dunyo hamjamiyatiga tanilishida ularning dunyo reytingida tan olingan ma’lumotlar bazasiga kiritilgan jurnallarda e’lon qilingan maqolalarini boshqa olimlarning o‘rganishi va o‘z ilmiy ishlarida ularga iqtibos keltirishi nihoyatda muhimdir. Chunki axborot texnologiyalari nihoyatda rivojlangan va globallashuv, integratsiyalashuv jarayonlari kechayotgan hozirgi davrda chop etilgan manbalarga nisbatan elektron manbalardan foydalanish ancha, qulay, oson, tezkor va iqtisodiy jihatdan tejamkordir. Bundan tashqari, aynan ushbu ko‘rsatkichlarni ko‘tarish yo‘li bilan xorijiy fuqarolarni mahalliy universitetlarimizga o‘qishga jalb qilish jarayoni oson kechadi. Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, ilmiy maqolalarning ommabopligi bo‘yicha AQSh dunyoda birinchi o‘rinni, Xitoy esa ikkinchi o‘rinni egallaydi. Rossiya Federatsiyasining bu borada imkoniyatlari bir oz cheklanganligini mutaxassislar ushbu mamlakat olimlarining asosan rus tilida ilmiy izlanishlar olib borishi bilan asoslashadi. Demak, tadqiqotchilarimizning xorijiy tillarni, ayniqsa, ingliz tilini akademik darajada o‘rganishga bo‘lgan intilishlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashimiz zarur. Masalan, so‘nggi yillarda Niderlandiya, Skandinaviya davlatlarida universitet ma’muriyatining davlat organlari bilan o‘zaro ishonchga asoslangan yaqin hamkorligini yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratilib, ushbu davlatlar OTMlarida iqtidorli yosh tadqiqotchilarga ko‘proq erkinlik beriladi.
Oltinchidan, mamlakatimiz miqyosida OTM tomonidan yoshlarni qamrab olish darajasini oshirish zarur. O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida bu masala belgilangan bo‘lib, unda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, shu jumladan, imkoniyati cheklangan shaxslarning oliy ta’lim bilan qamrov darajasini oshirish, ular uchun infratuzilmaga oid sharoitlarni yaxshilash chora-tadbirlari belgilangan.
Rivojlangan davlatlarda yoshlarning OTMlar bilan qamrab olinish darajasi 60 foizdan, ba’zilarida esa hatto 70, 80 foizdan yuqorisini tashkil etadi. Bizda esa mavjud holat bo‘yicha mamlakatimizdagi OTMlar yoshlarimizning 50 foizini ham qamrab ololmayapti. Shu sababli juda ko‘p yoshlarimiz oliy ma’lumotli bo‘lish uchun xorijiy davlatlarga borishmoqda. Farzandlarimiz chet elda o‘qisa, buning nimasi yomon deyishingiz mumkin. Agar ular haqiqatdan ham nufuzli universitetlarda o‘qib, kelajakda olgan bilimlarini Vatan ravnaqi uchun ishlatishsa nur ustiga a’lo nur, lekin ming afsuski, farzandlarimizning ko‘pchiligi hatto o‘zi joylashgan davlatda obro‘si yo‘q OTMlarda o‘qishyapti. Ota-onalar esa o‘z mablag‘larini xorijiy davlatlardagi sifatsiz ta’lim uchun berilayotgan diplomlarga to‘layapti.
Yettinchidan, har bir OTM o‘zining ta’lim yo‘nalishidan, sohasidan kelib chiqqan holda ta’lim tizimida haqiqiy bozor mexanizmlarini qo‘llash choralarini ko‘rishi kerak. Nazarimizda, bunga quyidagi yo‘llar bilan erishish mumkin: OTMning modul-kredit tizimiga to‘liq o‘tishi, talabalarning o‘qituvchi va fanni tanlash imkoniyatining ta’minlanishi, universitet miqyosida kafedralar, professor-o‘qituvchilar reytingining aniqlanishi, mehnat shartnomasida o‘qituvchi majburiyatlarining to‘liq ko‘rsatilishi, (ya’ni an’anaviy tarzda hozirda bir o‘quv yili uchun bir shtatdagi o‘qituvchiga yuklamada ajratilgan 1540 soatdan voz kechib, OTM sohaviy yo‘nalishi o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda o‘qituvchiga aniq natijadorlikka qaratilgan vazifalarni yuklash), talabalar o‘rtasida muntazam so‘rovnomalar o‘tkazilishi va boshqalar. 2020 yil yanvar oyidan boshlab mamlakatimizdagi 10 ta OTM o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tyapti. Bu jarayon bozor iqtisodiyoti qonuniyatlari asosida yanada rivojlantirilishi zarur. Ushbu jarayon har bir professor-o‘qituvchining o‘z ustida doimiy ishlashiga turtki bo‘ladi, deb o‘ylaymiz. Chunki, to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan talaba bozor qonuniyatlari bo‘yicha iste’molchi sanalib, uning iste’molchi sifatida sifatli ta’lim olish huquqi OTM tomonidan kafolatlanishi zarur. Sifatli ta’lim esa OTM ma’muriyati va professor-o‘qituvchilar jamoasining sa’y-harakatlari bilangina ta’minlanishi mumkin.
Sakkizinchidan, ba’zi OTM larida hanuzgacha korrupsiyaning turli ko‘rinishlarini uchratish mumkin. Ular har bir OTMda turli ko‘rinishlarda uchraydi. Barcha OTMlari bunday illatga qarshi ayovsiz kurash olib borishi kerak. Bunga esa faqat korrupsiyaviy omillarni qo‘llash imkonini rad etuvchi mexanizmlarni qo‘llash orqaligini erishish mumkin. Dunyodagi nufuzli OTMlari faqat mana shunday samarali mexanizmlarni qo‘llash orqaligina kutilgan natijalarga erishishgan. Bunda ochiqlik, shaffoflik va xolislik kabi xislatlardan tashqari har bir professor-o‘qituvchining o‘z kasbiga bo‘lgan sadoqati, mehnatiga vijdonan yondashishi ham muhimdir. Davlat darajasidagi korrupsiyaga qarshi kurash tadbirlarining ahamiyati katta albatta, lekin OTMlarida ko‘proq har bir muassasaning lokal darajadagi chora-tadbirlari amaliy natijalar keltiradi.
Bundan tashqari, mahalliy OTMlar xalqaro va mahalliy grant loyihalarida ishtirok etishi, turdosh sohalar bilan hamkorlikda aniq natijadorlikka qaratilgan turli ilmiy loyihalarda birgalikda qatnashishi, manfaatli xalqaro aloqalarni mustahkamlashi, mahalliy OTMlar bilan o‘zaro tajriba almashishi, ijobiy tajribani keng yoyishi, butun ilmiy jamoatchilik hamkorlikda ma’muriy buyruqbozlik kabi jamiyat hayotida hanuzgacha chuqur ildiz otgan illatga qat’iy kurash olib borishi zarur.
Zero, jahon sivilizatsiyasining hozirgi rivojlanish darajasi soha mutaxassislarining chuqur bilim va malakaga ega bo‘lishini talab qilmoqda. Bu esa oliy ta’lim tizimiga tor ixtisosliklarga asoslangan yangiliklarni tezlikda o‘zlashtirish, ularga moslashish layoqatiga ega kadrlarni yetishtirish talabini qo‘yadi. Bunday mashaqqatli yo‘lda barcha professor-o‘qituvchilarimizga metin iroda tilab qolamiz.
Go‘zal UZOQOVA, Toshkent davlat yuridik universiteti Ekologiya va agrar huquqi kafedrasi mudiri, yuridik fanlari nomzodi, dotsent
Manba: www.uza.uz