Endi OTMlar yolg‘on hisobot berolmaydi
26 OTMdan 13 tasi attestatsiya talablariga javob bera olmagan
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan 2018-2019-yillar davomida 26 ta OTM akkreditatsiya sertifikati muddati o‘tgani bois attestatsiyaga jalb qilingan edi. Tahlil natijalariga ko‘ra, shundan 12 tasi attestatsiyadan o‘tgan, 1 tasi o‘tolmagan, qolgan 13 tasi, ya’ni 50 foizi “Attestatsiyadan shartli o‘tdi”, deb belgilangan va ularga kamchiliklarini bartaraf etish uchun 1 yil muddat berilgan. Bu degani — tahlil qilinayotgan OTMlarning teng yarmi attestatsiya talablarini bajarolmagan. Bu raqamlar bugungi oliy ta’lim tizimining qanday ahvolda ekanini yana bir bor namoyon qilmoqda.
Ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha tahlil qiladigan bo‘lsak, natija quyidagicha bo‘lgan:
432 ta ta’lim yo‘nalishidan 294 tasi (68,1 foiz) attestatsiyadan o‘tgan, 138 tasi (31,9 foiz) attestatsiyadan o‘tmagan.
282 ta magistratura mutaxassisligidan 242 tasi (85,8 foiz) attestatsiyadan o‘tgan, 40 tasi (14,2 foiz) attestatsiyadan o‘tmagan.
Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim bo‘yicha 186 ta ixtisoslikdan 132 tasi (71 foiz) attestatsiyadan o‘tgan, 54 tasi (29 foiz) attestatsiyadan o‘tmagan.
Endi o‘ylab ko‘ring: 432 ta ta’lim yo‘nalishidan 138 tasi talab darajasida emas deb baholandi va endi bu yo‘nalishlarga qabul to‘xtatiladi. Lekin o‘sha yo‘nalishlarda necha yuzlab yoki minglab talaba tahsil oldi va olyapti-ku?! Talabga javob bermaydigan yo‘nalish bo‘yicha diplom olgan mutaxassisning saviyasi, salohiyati qanday bo‘ladi?
Bir universitetda 14 yo‘nalish yopiladi(mi)?
22 ta OTM (69 ta ta’lim yo‘nalishi, 20 ta magistratura mutaxassisligi, 40 ta ixtisoslik) va 5 ta ilmiy-tadqiqot muassasasining (22 ta ixtisoslik) attestatsiyadan o‘tmagan ta’lim yo‘nalishlari, magistratura mutaxassisliklari hamda ixtisosliklari 2019-yilning sentabr oyida inspeksiya tomonidan qayta attestatsiyadan o‘tkazildi.
Qayta attestatsiya natijalari esa quyidagicha:
69 ta ta’lim yo‘nalishidan 15 tasi (21,7 foiz) attestatsiyadan o‘tmadi (TAQIda 1 ta, TATUda 2 ta, TKTIda 1 ta, TDTUda 2 ta, TerDUda 2 ta, TAYLQEIda 1 ta, GulDUda 1 ta, JDPIda 1 ta, JPIda 1 ta, AnMIda 1 ta, Qo‘qon DPIda 2 ta);
20 ta magistratura mutaxassisligidan 3 tasi (15 foiz) attestatsiyadan o‘tmadi (TDTUda 3 ta);
62 ta ixtisoslikdan 19 tasi (30,6 foiz) attestatsiyadan o‘tmadi (BuxDUda 1 ta, BuxDTIda 1 ta, TDTUda 9 ta,TDAUda 1 ta, QarDUda 1 ta, TIQXMMIda 1 ta, Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida 4 ta, Umumiy va noorganik kimyo institutida 1 ta), deb xulosa qilindi va qabul to‘xtatilishi bo‘yicha qaror qabul qilish uchun tegishli vazirliklarga ma’lumot kiritildi.
Ma’lumotlarga e’tibor bergan bo‘lsangiz, magistratura yo‘nalishlari ichida attestatsiyadan o‘tolmagan uchta yo‘nalish ham bir muassasaga, ya’ni TDTUga tegishli. Nafaqat magistratura, balki bakalavr hamda ixtisoslik yo‘nalishlari ko‘rsatkichlari bo‘yicha ham bu universitet “yetakchilikni qo‘ldan boy bermagan”. Bir universitet uchun jami 14 yo‘nalishning jar yoqasiga kelib qolgani achinarli emasmi?!
Asosiy kamchiliklar nimada?
Ta’lim yo‘nalishlari, mutaxassisliklar va ixtisosliklarning qayta attestatsiyadan o‘tolmaganining asosiy sabablari xususida Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi mutasaddilaridan fikr so‘radik.
— Attestatsiyadan o‘tolmagan OTMlarning 50 foizida dastlabki attestatsiya jarayonida aniqlangan kamchiliklar tizimli o‘rganilmasdan, OTM rahbariyati va mutasaddilar tomonidan tegishli xulosalar chiqarilmagani, masalaga mas’uliyatsizlik bilan yondashilgani, tizimli nazorat o‘rnatilmagani, kadr buyurtmachilari bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilmagani, ushbu muammolarni bartaraf etish bo‘yicha qabul qilingan “yo‘l xaritalari”ning monitoringi yuritilmagani aniqlandi, — dedi inspeksiyaning oliy ta’lim va oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim muassasalarini attestatsiyadan o‘tkazish bo‘limi boshlig‘i Rahmatjon Ro‘zmetov. — Xususan, TAQI, TATU, TAYLQEI, TKTI, TDTU, TerDU, GulDU, JPI, JDPI, Qo‘qon DPI, AnMIda oldingi attestatsiya bo‘yicha aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilmagan. 32 foiz OTMda professor-o‘qituvchilar o‘qitayotgan dars sifatining pastligi, zamonaviy bilimlar yetarli darajada berilmasligi, ularning o‘z ustida muntazam ishlamasligi va mustaqil ta’limga e’tibor qaratilmagani sababli talabalarning fan dasturlarini o‘zlashtirish darajasi hamon pastligicha qolyapti.
Bundan tashqari, 27 foiz OTMda professor-o‘qituvchilarning ilmiy-pedagogik salohiyati mezon talablariga javob bermaslik holatlari bilan bog‘liq kamchiliklar bartaraf etilmagan. Xususan, TATU, TAQI, TerDU, Qo‘qon DPI, JPI, JDPIda tayanch ma’lumotlari dars berayotgan fanlariga mos bo‘lmagan professor-o‘qituvchilar bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmagani aniqlangan. 14 foiz OTMda fan dasturida belgilangan laboratoriya mashg‘ulotlari to‘liq va sifatli o‘tkazilmayotgani bilan bog‘liq kamchiliklar hozirgi kunga qadar bartaraf etilmagani qayd etilgan (TerDU, JDPI, TAYLQEI). 32 foiz OTMda esa ta’lim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasi hamda ilmiy faoliyat samaradorligi qoniqarsiz deb topilgan (TDAU Nukus f., FarPI, JDPI, TDTU, O‘zDSMI, TAYLQEI, TDMRXOM).
Tizim yangilansa, muammolar kamayadi(mi?)
Aslida, attestatsiyadan o‘tish har bir xodim yoki tashkilot uchun ulkan imtihon. Shu imtihondan amallab o‘tib olsa bo‘ldi, muayyan muddat oshig‘i olchi. Keyingi attestatsiyagacha “Bir gap bo‘lar” qabilida ishini davom ettiraveradi. Ammo inspeksiya tomonidan tasdiqlangan 2020-yilda oliy, oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limni amalga oshiruvchi oliy ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalarini attestatsiyadan o‘tkazishning yangi tartibidan muvaffaqiyatli o‘tish uchun OTMlar ancha ter to‘kishiga to‘g‘ri keladi. Bu yil 30 ta oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasini attestatsiyadan o‘tkazish belgilangan bo‘lib, quyidagi yangi tartibda sinaladi.
— Birinchidan, bundan buyon attestatsiya xulosasi ikki ko‘rinishda bo‘ladi: attestatsiyadan o‘tdi va attestatsiyadan o‘tmadi. Endilikda “shartli o‘tdi” degan tushuncha bo‘lmaydi, attestatsiyadan o‘tmagan ta’lim yo‘nalishi yoki mutaxassisligiga qabul to‘xtatiladi, — dedi R.Ro‘zmetov. — Ikkinchidan, mulkchilik shakli va idoraviy mansubligidan qat’i nazar, barcha ta’lim tashkilotlari akkreditatsiyalanishi belgilandi. Uchinchidan, davlat akkreditatsiyasining quyidagi shakllari joriy etildi: ta’lim tashkiloti akkreditatsiyasi (institutional accreditation) va ta’lim dasturi akkreditatsiyasi (programme accreditation)...
Bundan tashqari, xalqaro tajriba asosida OTMlarni akkreditatsiyalash 4 bosqichda amalga oshirilishi belgilandi: o‘zini o‘zi baholash (ichki baholash), mustaqil ekspertlar tomonidan tashqi baholash, xulosalar tayyorlash, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilash va ularni doimiy monitoring qilib borish. Bunda OTMda ta’lim sifatini o‘zini-o‘zi baholash mexanizmi mavjudligi va uning doimiy ravishda olib borilishi akkreditatsiyalanishning asosiy sharti sifatida belgilandi. Demak, OTMlar inspeksiya nazoratini kutib o‘tirmasdan, har yili o‘zini-o‘zi taftish qilib, kamchiliklari ustida ishlashi kerak.
Yana bir yangilik: akkreditatsiya jarayonlariga ish beruvchilar, talabalar va xalqaro ekspertlarni jalb etish tartibi joriy etildi hamda ularning fikri akkreditatsiyalashning asosiy mezoni sifatida belgilandi. Onlayn akkreditatsiya reestrining ishga tushirilishi esa ta’lim sifati bo‘yicha xalqaro ma’lumotlar bazalariga (ENIC-NARIC) ulanish uchun imkoniyatlar eshigini ochadi.
OTMlar yolg‘on hisobot berolmaydi!
Akkreditatsiyalashning yangi tartibida nafaqat tartib-qoidalarga o‘zgartirishlar kiritildi, balki nazoratni kuchaytirish choralari ham ko‘rildi. Xususan, ta’lim tashkilotlari tomonidan akkreditatsiya muddati tugaydigan yildan oldingi yilning 1-oktabriga qadar Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga attestatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risida ariza taqdim qilinishi belgilandi. Eng muhim jihatlardan biri: agar ekspert komissiyalari tomonidan ta’lim tashkilotlari faoliyatini ichki baholash natijalari va boshqa taqdim etilgan hujjatlarda haqqoniy bo‘lmagan ma’lumotlar aniqlansa, o‘sha tashkilot “attestatsiyadan o‘tmadi” deb hisoblanadi hamda davlat namunasidagi ta’lim to‘g‘risidagi hujjat berish huquqidan mahrum etiladi. Akkreditatsiyadan o‘tgan ta’lim tashkiloti (ta’lim dasturlari) tomonidan ta’limga oid qonunlar buzilsa yoki amalga oshirilayotgan ta’lim xizmatlari davlat ta’lim standartlari va davlat talablariga mos kelmasligi yoki sertifikat va unga ilovada belgilangan ko‘rsatkichlar doirasidan chetga chiqish holatlari aniqlansa, akkreditatsiya haqidagi sertifikat inspeksiya tomonidan belgilangan tartibda bekor qilinadi.
Sohiba MULLAYEVA,
“Ma’rifat” muxbiri