Jizzaxlik tilshunoslar mehnati Yevropada e’tirof etildi
Abdulla Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika instituti chet tillar kafedrasining bir guruh o‘qituvchilari tomonidan tayyorlangan kitob dunyoning yetakchi davlatlari — Germaniya va Shveytsariyada e’tirof etildi. 688 betdan iborat ushbu kitob 2016-yili Toshkentda chop etilgan bo‘lib, “Deutch-uzbekisches wo’rterbuch, nemischa-o‘zbekcha lug‘at” deb nomlanadi.
Aytish kerakki, respublikamizdagi chet tili o‘qituvchilarining o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha chet eldagi oliy o‘quv yurtlari, kutubxonalar, uyushmalar va kasbdoshlari bilan aloqa o‘rnatishi va hamkorlik qilishi uchun bugun imkoniyatlar yetarli. Shundan foydalangan JDPI professor-o‘qituvchilari institut rahbariyati ko‘magida Angliya, Germaniya, Fransiya, Shveytsariya, Rossiya va boshqa davlatlardagi hamkasblari bilan do‘stlik aloqalarini bog‘lagan edi. Shu say’-harakatlar natijasi o‘laroq “Nemischa-o‘zbekcha lug‘at” dunyo kutubxonalari reytingida 13-o‘rinda turadigan Germaniya milliy kutubxonasi fondiga qabul qilinib, fond katalogiga kiritildi va o‘quv zallariga qo‘yildi.
Bundan tashqari, ushbu lug‘atni Shveytsariyadagi “Ubersetzerhaus Looren” xalqaro tarjimonlar uyushmasi kutubxonasi ham qabul qildi. Bu xalqaro uyushma ingliz, nemis, fransuz, italyan va ispan tillaridan dunyodagi barcha tillarga adabiy asarlarni tarjima qilish bilan shug‘ullanadigan tarjimonlar uyushmasidir. Uyushma tarjimonlarga tanlov asosida grantlar, stipendiyalar, Shveytsariyaning o‘zida ijodiy ta’tillar taqdim etadi. Uyushma raisining bizga xabar qilishicha, u yerda o‘zbek tarjimonlari ham tez-tez mehmon bo‘lib turishar ekan.
Lug‘atni fakultetlararo chet tillar kafedrasi dotsenti Abdujabbor Boymatov, katta o‘qituvchilar — O‘rol Inomov, Guljahon Umurzoqova, Ro‘zigul Qarshiyeva va Abdulaziz Boymatov 10 yil davomida tuzgan va bu lug‘at so‘zlar miqdori bo‘yicha hozircha respublikada yagona bo‘lib turibdi.
Mahkam QUVVATOV,
Xayrulla JUMANAZAROV,
Jizzax davlat pedagogika instituti fakultetlararo chet tillar kafedrasi katta o‘qituvchilari