Stipendiya bir xil belgilanishiga qarshi emasman, faqat…
Gazetamizning har bir sonida mushtariylarimiz uchun muhim bo‘lgan mavzularni yoritib boryapmiz. Ulardan kelgan aks-sadolar bizni yanada qattiqroq ishlashga undamoqda.
“Ma’rifat”ning ushbu sonidan “Gazeta va gazetxon” ruknida mushtariylarimizdan kelgan maktublar o‘rin olgan. Quyida gazetaning 2019-yil 20-noyabr sonida chop etilgan Ch. Yoqubovaning “Talabaning o‘rtacha xarajati 900 000 so‘m, stipendiya esa...” nomli maqolasiga kelgan munosabatlar bilan tanishishing.
Ikki talabaning ish izlab darsga bormayotganiga guvoh bo‘ldim. Bugun bunday talabalarni ko‘plab uchratishimiz mumkin. Ularni qiynayotgan moddiy ehtiyoj o‘qishdan biroz chalg‘ityapti. Stipendiya miqdori kam. Viloyatdan ilm olish uchun kelgan moddiy imkoniyati cheklangan talaba dardini kimga aytsin? Axir “Besh qo‘l barobar emas”.
Stipendiyaning bir tizimga tushirilgani ko‘pchilik shartnoma asosida o‘qiydigan talabalarning o‘qishga bo‘lgan intilishini susaytirganday, nazarimda.
Chunki baho uchun ham qiziqib o‘qiydigan talabalar bor. Bunda biz kimni yoki nimani ayblaymiz, ota-onanimi yoki talabaning ehtiyoji ko‘pliginimi?
Axir, endigina shaharga kelgan talabaga bu holat og‘irlik qilmaydimi? Hattoki mardikorlik ishlariga o‘zini urgan talabalar bor. Hammasining dardi — ehtiyojlari uchun pul topish.
Qolaversa, uyimdan pul kelmayapti, ota-onamga og‘irligim tushmasin, deb qiz bola talabalar ham o‘qishdan so‘ng kafe va tamaddixonalarda ishlayotganini inkor etolmaymiz. Har holda qiz bolaga ertaga biron kor-hol bo‘lsa kim javob beradi?
O‘zim grant asosida o‘qiyman, ammo olgan 400 ming so‘m stipendiyam xarajatlarim uchun yetmaydi. Kvartira masalasi, yeb-ichish va hokazo.
To‘g‘ri, hamma narsaga shukur qilish kerak, biroq stipendiya masalasi oldingi tabaqalashtirilgan holatga kelsa, yaxshi bo‘lardi. Bu albatta talabalarning moddiy imkoniyati, ilm olishga bo‘lgan qiziqishini ham oshiradi deb o‘ylayman. Gap faqat pulda emas, aksincha har kim o‘zi uchun harakat qiladi va natijada talabalar o‘rtasida raqobat paydo bo‘ladi. Zero, raqobat bor joyda o‘sish bo‘ladi.
Ulbibi ESHMATOVA, O‘zJOKU talabasi
***
To‘rt yil o‘qishga kirolmadim. Litseyni bitirganim sabab, biror joyda rasmiy ishga olishmadi. Shu bahona umidimni uzmay harakat qildim. Nihoyat, beshinchi yili talaba bo‘lish baxti nasib etdi!
O‘qishga topshirish oldidan stipendiyani hisoblab, “besh” bahoga o‘qisam va shuncha miqdorda stipendiya olsam, qo‘shimcha mashg‘ulotlarga qatnayman. Kontrakt to‘lovini to‘lashda ota-onamga yordam beraman, deb o‘ylagandim. Va aynan kechki yo‘nalishda stipendiya berilmasligini eshitganim uchun ham kunduzgiga topshirgandim.
Ukam va mening oltin davrlarimiz parallel kelib qolgani uchun biroz qiyinchiliklar ham bo‘lib turibdi. Shuningdek, stipendiyaning bir xil qilib belgilangani, to‘rt yuz ming so‘m qilingani kayfiyatimni tushirdi. Bir tomoni talabaga ish yo‘q, ikkinchi tarafdan stipendiya kam.
Toshkent sharoitida eng arzon ijara uy haqi uch yuz ming so‘m. Shundoq ham farzandining kelajagi uchun amal-taqal qilib pul topayotgan ota-onalar yana topgan-tutganini yuboradi.
Stipendiyaning bir xil belgilanishiga qarshi emasman. Faqat uning miqdorini ikki barobar ko‘paytirish kerak. Shunda talaba ko‘chada ish izlab yurmay, o‘qish bilan band bo‘ladi. Qolaversa, har yili Oliy ta’lim vazirligi talabalardan yil davomida o‘rgangan fanlari bo‘yicha imtihon olib, eng yaxshi iqtidorli talabalarni shartnoma to‘lovlaridan ozod qilsin. Shunda talabada stimul bo‘ladi. Yil oxirida yaxshi natijalarga erishish uchun sidqidildan harakat qiladi.
Nuriyaxonim ULUG‘BEK qizi, talaba