Talabalar “Barkamol avlod” bolalar maktablari va “Bolalar kutubxonalari”da amaliyot o‘taydi
Xalq ta’limi vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 2020-yil 27-yanvar kuni qo‘shma qaror imzoladi. Mazkur qarorga asosan joriy yilning 1-fevralidan boshlab 2021-yilga qadar 17 447 nafar oliy ta’lim muassasalari talabalari respublikadagi 213 ta “Barkamol avlod” bolalar maktablari va 12 ta “Bolalar kutubxonalari”da amaliyot jarayonini olib boradi.
Talabalar amaliyot davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus doirasida to‘garak mashg‘ulotlarini innovatsion texnologiyalar asosida tashkil etish, o‘quvchilarning to‘garaklarga keng jalb qilish, ularning kasb-hunar egallashlarida ko‘makchi bo‘ladi.
Bundan tashqari, talabalar pedagogik amaliyot davrida o‘quvchilarda kitobxonlikka bo‘lgan motivatsiyani oshirib, kitob mutolaasi bo‘yicha o‘quvchilar o‘rtasida turli aksiya, tanlov va qiziqarli klublar tashkil etadi.
Toshkent shahridagi Turin politexnika va Inxa universiteti talabalari o‘quvchilarga robototexnika, mexatronika hamda dasturiy ta’minotning yangi avlod texnologiyalarini yaratish sirlarini o‘rgatadi.
O‘zining iqtidori va tashabbuskorligini namoyon etgan hamda maktabdan tashqari ta’lim muassasalarida samarali ijodkorlik muhitini yaratishga munosib hissa qo‘shgan talabalar Xalq ta’limi vazirligining sertifikatlari bilan taqdirlanishi belgilangan.