Xasta bo‘lsa-da, dadam bor…
Andijon. Chorguzar. Talabalar yotoqxonasi. Ro‘parada 2-tug‘ruq kompleksi joylashgan. Quvonchi ichiga sig‘may “Men otaman!” deb baqirayotgan kishilarni tez-tez ko‘raman. Avvallari tortinardim, keyin “Bitta o‘ynab bering”, deydigan bo‘ldim. Ishonsangiz, hammaning ko‘z o‘ngida mag‘rur o‘ynab berishadi. Havasim keladi: yetkazsin deyman!
Keng dala-yu cheksiz dashtning bolasiman, katalakday xona va talabalar shovqinidan qochib deraza yonida xayol surishni yoqtiraman. Bir payt beixtiyor barvasta qadli, uzun paltoli, boshida furajka kiygan inson ko‘rindi.
Dadam! Eshikka yuguraman va to‘xtayman. Axir dadam Rossiyada-ku...
Qaytib derazaga chopaman, boyagi kishi biroz nari ketgan, lekin… O‘sha qomat, o‘sha yurish, tanish kiyimlar… Faqat yuzlari ko‘rinmayapti. Uzoqlashib boraveradi, ichimdan ezila boshlayman. Xonani yolg‘iz tashlab yupun holda yugurib tashqariga chiqdim. Chiqdim-u, taqqa to‘xtadim, hozirgina ko‘rgan insonim yo‘q, u yoq-bu yoqqa alanglab, topolmadim.
O‘zimga ichimda “Humoyun, otangni sog‘inibsan!” dedim. Shu paytlar otamni ishlari yurishmagan, kamiga biroz bel og‘rig‘i bezovta qilardi. Oyda bir qo‘ng‘iroq qilardi. Uning olisda ishlab qiynalishiga to‘lov-shartnoma asosida o‘qiyotganim sabab deb bilaman. Otamning kelishini, biz bilan yashashini istardim. Biz-ku mayli, esimizni tanib, o‘qib yuribmiz, lekin egizak ukamlar, ayniqsa, singlimga qiyin. Bir safar jovondan kiyimlarimni izlay turib qog‘ozdagi mana bu yozuvga ko‘zim tushdi: “Dadajon, sizni sog‘indik, tezroq keling...”
Qing‘ir-qiyshiq harfchalar, bildimki, ukalarim yozishgan. Onamdan so‘rasam, Zuhrong yo‘qolib qolsa, shkafda dadangning paltosiga o‘ranib, yig‘lab o‘tirgan holda topaman, deb qoldi. Shunda bildim: dadamga mendan ko‘ra ukalarim ko‘proq muhtoj! Singlim “Shkafni ochmang, aka, dadamning hidlari ketib qoladi” deganida ko‘zyoshimni yashirolmay ko‘chaga qochib chiqqandim...
Hozir ham o‘sha holat: ko‘zimda yosh. Qaytib kirib ust-boshimni kiyib chiqdim. Eski shahardan bozorlik qilib kelaman, deya otlandim-u, aslida hislarim bilan dadamni izlab ketyapman. Dehqon bozori uncha uzoq emas, hokimiyat yonidan o‘tilsa, bas. Tez-tez odimlayman-u ko‘zim odamlar orasidan tanish chehrani izlaydi. Ana u! Yo‘lning narigi tarafida. “Hamkorbank”dan o‘tib, “Hilol” kitob do‘koni yonida ketyapti! Bir qatnovli yo‘l mashinalar bilan gavjum, arang o‘tib oldim. Ortidan boryapman. Uzoqlasa, tezlashaman, sekinlasa, to‘xtayman. Oldiga borolmayapman: dadam emasligini bilib qolishdan qo‘rqaman...
Afsuski, sog‘inchimni ko‘p ko‘rgandek zum o‘tmay haligi kishi o‘girilib qaradi.
Begona...
Yosh boladay yig‘lab joyimda qotdim...
Bu voqeaga chamasi ikki yil bo‘ldi. Eng katta orzum oilamni bir yerga yig‘ish bo‘lib qoldi! Shukr, dadam keldi, nasib qilsa, ukam ham o‘qishini ko‘chiradi. Alamlisi — to‘lov-shartnoma summasini oshirishgani-yu, stipendiyani tushirishgani. Menda 13 mln.dan, ukamda 19 mln.dan ortiq kontrakt. Dadam kasal holiga yana chet elga ishlagani ketaman, deydi. Mening esa ichimni it tirnaydi...
Qo‘shimcha to‘garaklarga qatnamay qo‘ydim. Darsdan so‘ng mardikorlik qilib pul topyapman. Axir salkam shifokorsan, dersiz. Tog‘ri, bu holimda xususiy shifoxonalardan ish topiladi (oyligi ko‘pi bilan 400 ming so‘m) u ham bo‘lsa 3–4 oy tekin ishlab bergach.
Xullas, agar ta’limni qutqarmoqchi bo‘lsangiz, bo‘ynidagi sirtmoqni yechmay turib oyog‘i ostidagi g‘o‘lani sura ko‘rmang, naqd o‘ldirib qo‘yasiz!
O‘zimcha, eng zo‘r shifokor bo‘laman, derdim. Qancha loyihalarim qolib ketdi.
Ishning ko‘zini bilmaysiz, kattakonlar! Oxirini ko‘rmayapsizlar, xato yo‘l bu...
Hatto shu korrupsiya o‘lgurni yo‘q qiladigan loyihani ham 3 yildan buyon pishitib kelayotgan edim, tugallashga imkon bermadilaringiz! Rahmat sizlarga!
O‘zbekistonning bir yosh talabasi, mustaqil izlanayotgan innovatori va olimi sifatida ko‘plab marralarni zabt etmoqchi edim. Endi esa Soy mardikor bozorini zabt etyapman. Ayting-chi, kelajagimni qanday tasavvur qilay?!
Hurmat bilan siz qulatayotgan talabalar jamiyati a’zosi
Humoyun MIRZAAHMEDOV