Alisher Umarov faoliyatini korrupsiyaga qarshi kurashishdan boshladi
Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-fevraldagi “Oliy ta’lim muassasalari rektorlarini lavozimlarga tayinlash to‘g‘risida”gi qarori bilan Alisher Umarov Toshkent davlat pedagogika universitetining rektori etib tayinlandi.
Alisher Umarov faoliyatining ilk kunlarini korrupsiyaga qarshi kurashishdan boshladi. Shu munopsabat bilan Toshkent davlat pedagogika universitetida “Korrupsiyasiz ta’lim” nomli tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti birinchi o‘rinbosari, adliya katta maslahatchisi Umidjon Muhammedov, Chilonzor tumani ma’muriy sud raisi Abdullajon Muhiddinov, universitet rektori Alisher Umarov, o‘qituvchi va talabalar ishtirok etishdi.
— Korrupsiyaga qarshi kurashishning eng samarali usuli — unga qarshi vaksina ishlab chiqarish, — deydi Alisher Umarov tadbirni ochib berar ekan. — Biz buni qanday amalga oshiramiz, avvalo yosh o‘sib kelayotgan avlod ongiga korrupsiyaning nafaqat jamiyatni orqaga tortadigan, balki o‘zi va atrofdagi yaqinlari, oila a’zolari uchun ham yomon oqibatlar keltirib chiqaradigan illat, jinoyat ekanligini singdirishimiz kerak.
Shundan so‘ng so‘zga chiqqan Umidjon Muhammedov o‘tgan yilning o‘zida ta’lim sohasida 72 ta korrupsiya jinoyati aniqlangan bo‘lib, bu faqat fosh etilganlari ekanligini alohida ta’kidladi. Shuningdek, talaba-yoshlarni hamkorlikka chorlab, avvalo korrupsiyaga qarshi kurashishni o‘zimizdan, arzimagandek tuyilgan maishiy “korrupsiyacha”larni yo‘q qilishdan boshlash kerakligiga urg‘u berdi.
Abdullajon Muhammedov tomonidan qo‘yib berilgan video rolik yig‘ilganlarda korrupsiya haqida yanada to‘liqroq ma’lumot hosil qildi.
Tadbir yakunlanar ekan, universitet rektori Alisher Umarov talabalarni eshitishga doim tayyorligi, kelgusida rektor va talabalar uchrashuvini o‘tkazmoqchi ekanligini ma’lum qildi.
Charos YOQUBOVA