Innovatsion rivojlanish vaziri Guliston davlat universitetida uchrashuv o‘tkazdi
Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Sirdaryo viloyatidagi Guliston davlat universitetida olimlar, pedagog-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar, doktorantlar hamda talabalar bilan uchrashdi. Uchrashuvda vazirlik tomonidan ishlab chiqilayotgan “Kimyo va biologiya yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlar va innovatsiya ishlari natijadorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori loyihasi muhokama qilindi. Ishtirokchilar Qaror loyihasi bo‘yicha fikrlarni bildirib, uni takomillashtirish bo‘yicha takliflarini berdilar.
Tadbirning ikkinchi qismida kimyo va biologiya sohasida izlanishlar olib borayotgan tadqiqotchilar o‘z faoliyatlari davomida yuzaga kelayotgan masalalar, muammolar haqida vazirga murojaat qildilar.
Xususan, 1-kurs magistri Sarvar Murodov kartoshkaning yurtimizda an’anaviy bo‘lmagan turi — batatni yetishtirish texnologiyasini Sirdaryo viloyatida joriy qilish masalasini ko‘tardi. Mazkur o‘simlikni oziq-ovqat sifatida aholi ratsioniga kiritish, turli xil kasalliklarda parhez mahsulot sifatida foydalanish taklifini berdi. Tashabbuskor yosh tadqiqotchiga vazir mazkur yo‘nalish bo‘yicha loyiha tayyorlab, startap loyihalar tanlovida ishtirok etish taklifini berdi.
Professor Qarshiboyev dorivor o‘simliklar urug‘chiligi markazini tashkil etish tashabbusi bilan chiqdi. Darhaqiqat, tabiat ne’matlari bo‘lmish dorivor o‘simliklardan preparatlar tayyorlash uchun urug‘chilik sohasini rivojlantirish muhim sanaladi. Bu taklif dolzarb deb topilib, Qaror loyihasida ko‘zda tutilgan Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi ekinlari seleksiyasi, urug‘chiligi va urug‘shunosligi institutida dorivor o‘simliklar urug‘chiligi bo‘limini tashkil etilishini kiritish qayd etildi.
Shuningdek, ayrim doktorantlar, magistrlar o‘z ilmiy ishlarini amalga oshirish jarayonida reagentlar, boshqa butlovchi materiallar yetishmovchiligi bilan bog‘liq muammolarni ko‘tardilar. Vazir O‘zR FA Genomika va Bioinformatika markazi hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazidagi mavjud resurslardan foydalanish bo‘yicha topshiriq berdi. Shuningdek, vazir grantlarga hujjatlarni topshirish, grant loyihalari mavzularini shakllantirish, noyob ob’ektlarni moliyalashtirishga doir qator savollarga javob berdi.
Yig‘ilish ishtirokchilarining xorijda stajirovkadan o‘tishdan tashqari, yana chet ellik olimlarni oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasalariga, ilmiy markazlar va laboratoriyalarga shartnoma asosida taklif qilish lozimligi borasida fikrlari tinglandi. Xorijiy malakali mutaxassislarning ilmiy laboratoriyalarni yuritish, uskunalardan foydalanish tajribasidan bevosita foydalanish lozimligini vazirlik mutasaddilari qo‘llab-quvvatladilar.
Bundan tashqari, I.Abdurahmonov hududlarda, jumladan, Sirdaryo viloyatida ham tuproq klinikasini tashkil etilishi to‘g‘risida ma’lumot berdi. Unda Kanada tajribasidan kelib chiqqan holda mobil uskunalardan foydalanilishi nazarda tutilgan. Tuproq tarkibining buzilishi sifatli qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda katta muammolarga olib kelayotgani va tuproq klinikalarini tashkil qilib, bu masalani hal etish zarurligi ta’kidlandi.
Texnika fanlari nomzodi, kafedra mudiri Karim Sattorov oziq-ovqat ishlab chiqarishda xom ashyolari turlarini ko‘paytirish taklifi bilan chiqdi. U inson organizmi va salomatligiga ijobiy ta’sir etuvchi yangi oziq-ovqat xom ashyolarini yaratish ustida ishlash kerakligini qayd etdi. Xususan, un tortish jarayonida don massasiga gidrotermik ishlov berish (bug‘doyning po‘stlog‘idagi qimmatli mikroelementlarni unga o‘tkazish maqsadida), qattiq o‘simlik moylari ishlab chiqarishda trans izomerlar tarkibini kamaytirish lozimligi aytildi. Innovatsion rivojlanish vaziri ishlab chiqilayotgan qaror loyihasida fudo-miks yo‘nalishiga ham alohida e’tibor qaratilgani va bu bo‘yicha daniyalik olimlar bilan hamkorlikda milliy laboratoriya tuzilayotganini ma’lum qildi. Sirdaryo davlat universitetining shu yo‘nalishdagi kafedrasi esa bevosita mazkur milliy laboratoriyaning bir bo‘limiga aylantirish mumkinligi bo‘yicha fikr bildirdi va Sattorovning ikkita loyihasini maqsadli moliyalashtirish lozimligini aytdi.
Shuningdek, o‘simliklardan metallar uchun tabiiy bo‘yoqlar olish, ananasni uy sharoitida yetishtirish, anorchilik sohasini rivojlantirish va boshqa ko‘plab yo‘nalishlar bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari muhokama qilindi. Vazirlik mutasaddilari mavjud imkoniyatlardan foydalangan holda takliflarni ijobiy hal qilish choralarini ko‘rishga va’da berdilar.
Shunday qilib, uchrashuv takliflarga boy bo‘ldi, muammolarning yechimlari bo‘yicha javoblar olindi.