Kelajak pedagoglarini tayyorlash masalasi muhokama etildi
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida “Zamonaviy universitet kelajak pedagoglarini tayyorlaydi” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda universitet rektori A.Umarov muassasada amalga oshirilishi kutilayotgan ishlar to‘g‘risida OAV vakillari bilan ochiq suhbat o‘tkazdi. Bu haqda universitet axborot xizmati xabar berdi.
Anjumanda rektor universitetni xalq ta’limi, maktabgacha ta’lim va oliy ta’lim soha va tarmoqlari uchun raqobatbardosh, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega malakali pedagog kadrlarni tayyorlash borasida mamlakatimizning yetakchi oliy ta’lim muassasasiga aylantirish uchun bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar va masalalarga to‘xtaldi. Jumladan, muassasada korrupsiya holatlariga barham berish asosiy masala ekanini, shuningdek, universitet yetakchi pedagogik oliy ta’lim muassasasi sifatida jamiyatda pedagoglar mavqeyini oshirishga hissa qo‘shishi kerakligini, sohaga bilimli, iqtidorli yoshlarni jalb etishga doir tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish lozimligini ta’kidladi.
Shuningdek, anjumanda Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilab berilgan vazifalar ijrosi, xususan, ta’limning 6 yo‘nalishi bo‘yicha o‘qish muddatini 3 yil etib belgilash bo‘yicha muassasada amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ham ma’lumot berildi.
Anjumanda jurnalistlar, blogerlar hamda talabalar tomonidan berilgan savollarga javob qatarildi, mavjud muammolarni hal etishga doir taklif-mulohazalar bildirildi.