Samarqand iqtisodiyot va servis instituti o‘qituvchilari nihoyat o‘z huquqlarini qonuniy tiklashga muvaffaq bo‘ldi
Hammasi 2018-yilning mart oyida boshlangan edi: Samarqand iqtisodiyot va servis instituti rektori M.Po‘latovning o‘sha yilining 23-mart kuni imzolagan buyrug‘iga binoan o‘qituvchilar — O‘tan To‘xtamishev, Shavqiddin Abdurashidov, Sobirjon To‘xtayev, Galina Markova, shuningdek, institut qoshidagi qayta tayyorlash va malaka oshirish markazi direktori Xudoyqul Sa’dinov o‘zlariga noma’lum sabablarga ko‘ra ishdan bo‘shatildi.
Bu haqida bundan avval ham gazetamizda yetarli ma’lumotlar asosida maqolalar e’lon qilingan. 2019-yil 17-yanvar sonida chop etilgan “Adolat qidirayotgan beshovlon” sarlavhali maqolada bu haqida batafsil ma’lumotlar keltirib o‘tilgan. Hozir o‘sha maqola va maqola chop etilgunga qadar bo‘lib o‘tgan voqealar haqida keng to‘xtalish mavridi emas, deb o‘ylaymiz.
Maqola gazetada e’lon qilingach, jabrdiydalar adolat istab turli mahkama va sudlarga murojaat etishganini ta’kidlab o‘tmoqchimiz, xolos. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi 2018-yil 10-mayda O‘.To‘xtamishev va X.Sa’dinovni ishga tiklash haqida qaror qabul qildi. Ammo oradan bir oydan ziyodroq vaqt o‘tib, Fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudi quyi sud instansiyasining qarorini bekor qildi.
Shundan so‘ng ishdan bo‘shatilganlar o‘z haq-huquqlarini tiklash yo‘lida ko‘plab sud va mahkamalar ostonalariga bosh urishdi. Ularning talablari viloyat hokimligi ishchi guruhi tomonidan har tomonlama o‘rganilib, ishdan bo‘shatilish sabablari noqonuniy ekani ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti rektori M.Po‘latov ularning birortasini ham e’tiborga olmadi: ishdan haydalganlar o‘z vazifalariga tiklanmadi. To‘g‘ri, orada shikoyatchilardan S.To‘xtayev va G.Markova o‘z ishiga tiklanishdi.
Bir yil-u yetti oydan ziyod davom etgan adolatparvarlik kurashi nihoyat jabrdiydalar foydasiga hal bo‘ldi. G.Markova hamda S.To‘xtayevdan so‘ng qolgan jabrlanuvchilar ham o‘z ish joyiga tiklanishi haqida sud qarori e’lon qilindi. Ajablanarlisi shundaki, bunday uzoq kutilgan qarorni jabrdiydalar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati ajrimidan so‘ng qo‘lga kiritdilar.
Ma’lumotlar va sud hujjatlari asosida fikr yuritish ko‘pchilik uchun qiziqarli emas. Ayni paytda ishdan noqonuniy bo‘shatilgan o‘qituvchilarning hammasi o‘zining ish joyiga tiklanganini e’tirof etish bilan ushbu mavzuga yakun yasashimiz mumkin edi. Ammo bu mojaroning kelib chiqishi Samarqand iqtisodiyot va servis instituti jamoasi orasida turli to‘g‘ri va noto‘g‘ri xulosalar bilan bog‘liq ma’naviy muhitning buzilishiga sabab bo‘lganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi.
Viloyat hokimligi ishchi guruhi va viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasining ushbu masala yuzasidan bildirgan xulosalari ham hamohang ekanini yana bir bor ta’kidlash zarur. Amaldagi Mehnat kodeksining 102-moddasi ushbu holatda qo‘pol ravishda buzilgani bir necha bor qayd etilgan. Avvalo, institut kasaba uyushma tashkiloti tomonidan yuqoridagi xodimlarni ishdan bo‘shatish haqidagi roziligi qonunga xilofligi oy va kundek ravshan edi. Institut kasaba uyushma tashkiloti rahbari balki rektorni yuz-xotir qilib xodimlarning noqonuniy ishdan bo‘shatilishiga rozilik bergandir?!
Xodimlarni ishdan bo‘shatish mas’uliyati va qonuniy javobgarligi borligini institut rahbariyati, xususan, rektor M.Po‘latov nega vaqtida o‘ylab ko‘rmadi? Mayli, bu masalani ikkinchi darajali, deb hisoblasak, unda, institut xodimlar bo‘limi boshlig‘i, kasaba uyushma tashkiloti nega tomoshabin bo‘lib turdi? Xodimlarning huquqiy manfaatlarini himoyalash uchun mas’ul bo‘lgan kasaba uyushma tashkilotining bu mojarodagi “betarafligi” sababini tushunish qiyin.
Samarqand iqtisodiyot va servis institutida salkam ikki yildan buyon davom etayotgan ushbu “bo‘shatish”, “haydash” ishlariga negadir O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi rahbariyati ham e’tibor qaratmagani taajjublanarlidir!
Xullas, gazetamizda chop etilgan yuqorida tilga olingan “Adolat qidirayotgan beshovlon” sarlavhali maqola intihosida keltirilgan quyidagi fikrlarni yana bir bora e’tiboringizga havola etmoqchimiz: “O‘ylaymizki, tez orada ushbu masala tegishli sud-huquq organlari hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan chuqur o‘rganib chiqiladi va gazetamiz mushtariylari bundan xabardor etiladi”. Ushbu xulosaning amaldagi ro‘yobi uchun bir yildan ko‘proq kutishga to‘g‘ri keldi.
Hakim JO‘RAYEV
P.S. Jabrlanuvchi X.Sa’dinovning aytishicha, bu orada u rahbar bo‘lgan Samarqand iqtisodiyot va servis instituti qoshidagi qayta tayyorlash va malaka oshirish markazi tugatilgan. Qonunchilikka ko‘ra bunday vaziyatda X.Sa’dinov avvalgi lavozimiga teng darajadagi lavozimga tayinlanishi lozim.