Oliy ma’lumotli pedagoglarga ehtiyoj yuqori bo‘lgan hududlar bo‘yicha maqsadli qabul amalga oshiriladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Pedagogik ta’lim sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi, deb xabar berdi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati.
Unga ko‘ra,
— 2020/2021-o‘quv yilidan boshlab tegishli hududda 5 yil ishlab berish majburiyati bilan xalq ta’limi va maktabgacha ta’lim sohalarida oliy ma’lumotli pedagog kadrlarga ehtiyoj yuqori bo‘lgan hududlar bo‘yicha davlat buyurtmasi parametrlarining davlat granti asosida o‘qishga qabul ko‘rsatkichlari doirasida maqsadli qabul parametrlari shakllantiriladi.
— tegishli hududdagi oliy ta’lim muassasasida 5 yil ishlab berish majburiyati bilan oliy ta’lim sohasida professional pedagog kadrlarga ehtiyoj yuqori bo‘lgan hududlar bo‘yicha salohiyatli oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga davlat buyurtmasi parametrlarining davlat granti asosida o‘qishga qabul ko‘rsatkichlari doirasida maqsadli qabul parametrlari shakllantiriladi.
— oliy ta’lim muassasalarining takliflari asosida 2020/2021-o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta ta’lim maktablarini oliy ma’lumotli pedagog kadrlar bilan to‘liq ta’minlash maqsadida mazmun jihatidan o‘quv dasturlari o‘zaro yaqin bo‘lgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha asosiy va qo‘shimcha mutaxassislik (kvalifikatsiya) berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
— Xalq ta’limi vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda pedagogik amaliyot davrida talabalarga dars berishlari uchun barcha zaruriy shart-sharoitlar yaratilishini ta’minlaydi.