Bojxona instituti kursantlari uchun masofaviy o‘qitish tizimi ― “E-Ta’lim” platformasi ishga tushdi
Koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan inqirozga qarshi kurashish sharoitida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha joriy yilning 3-aprel kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Muhtaram Prezidentimiz bugungi kunda uy sharoitida tahsil olayotgan talaba va o‘quvchi yoshlarga murojaat qilib, uyda vaqtni bekor o‘tkazmaslik, onlayn darslarni qunt bilan o‘zlashtirish, kitob o‘qish va bilimlarni oshirish yuzasidan alohida to‘xtalib o‘tdi.
Davlat bojxona qo‘mitasi Bojxona institutining 600 nafarga yaqin kursantlari ham ayni paytda respublikamizdagi sanitariya-epidemiologik holat barqarorlashguniga qadar karantin qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda o‘z uylarida bo‘lib turishibdi.
Joriy yilning 1-aprelidan boshlab, Bojxona insitutida o‘quv jarayonining uzluksizligini ta’minlash va kursantlarning bilim olish darajasini masofadan turib metodik qo‘llab-quvvatlash maqsadida masofaviy ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yildi. Buning uchun maxsus masofaviy o‘qitish tizimi ― “E-Ta’lim” platformasi ishga tushirildi.
Muhimi shundaki, tizim ta’lim yo‘nalishidagi tayyor xorijiy platformalarga asoslanmaydi. Aksincha, “E-Ta’lim” axborot tizimi bojxona organlarining xususiyatlaridan kelib chiqib, Davlat bojxona qo‘mitasi va Bojxona instituti dasturchilari tomonidan butunlay yangicha yondashuvlar asosida ishlab chiqildi.
Tizim ― kafedralar va kurslar kesimida o‘tiladigan fanlar bo‘yicha haftalik reja grafik asosida ishlaydi. Kursantlar internet brauzeridagi havoladan shaxsiy login va parollar asosida kirib, undan foydalanmoqda.
Mazkur tizim “Bojxona ishi”, “Bojxona huquqi”, “Yurisprudensiya” (Iqtisodiy xavfsizlikni huquqiy ta’minlash) kabi ta’lim yo‘nalishlaridagi 76 ta fanlarni o‘zida qamragan. Kontenti 300 dan ortiq ma’ruza matnlari, 150 ga yaqin video va audio mashg‘ulotlar, 250 dan ortiq ko‘rgazmali taqdimotlar, 3200 dan doir turli shakl va formatdagi materiallarni, 700 dan ortiq test topshiriqlaridan iborat bo‘lib, deyarli har kuni bu ko‘rsatkichlar o‘sib bormoqda.
Yana bir jihat videomashg‘ulotlarni tasvirga olish va montaj qilish uchun institutning o‘zida videostudiya tashkil qilingan. Videokamera qarshisidan turib, sensorli monitor bilan yengil harakatlarga asoslangan videomashg‘ulotlar bir qarashda qulay, kursantlar uchun esa albatta qiziqarli!
Masofaviy ta’limning muhim jihati va komponenti kursantlarning ta’limni o‘zlashtirishini nazorat qilishdir. Tan olish kerak, an’anaviy ta’limdan farli o‘laroq masofaviy ta’limning ham o‘ziga xos jihatlari va afzalliklari mavjud. Masofaviy ta’lim kursantlarda mustaqil fikrlash, axborotlarni izlash va tadqiq qilish malakasini kuchaytiradi. Bunda ustoz va kursantlar o‘rtasidagi ikki tomonlama vizual muloqotning ham ta’lim samaradorligida alohida o‘rni bor.
Shu sababli Bojxona institutida professor o‘qituvchilar dars mashg‘ulotlarini Zoom dasturiy vositasi orqali videokonferensiya shaklida o‘tkazishga alohida e’tibor qaratmoqda. Onlayn mashg‘ulotlarda kursantlarda mavzu yuzasidan tushunmagan savollariga javoblar olish imkoniga ega.
Bu harakatlarning barchasi bejiz emas. Chunki, qanday sharoitda bo‘lmasin, bilim olish ― muhim hayotiy zarurat, ta’limning uzluksizligini ta’minlash esa taraqqiyot dvigatelining harakatlantiruvchi kuchi bo‘lib qolaveradi.