Xalqaro masofaviy konferensiya
Karantin davrida oliy ta’lim tizimida sifat va samaradorlikni saqlab qolish, talabalar va professor-o‘qituvchilar muloqotidagi yaxlitlikni ta’minlash, ta’lim oluvchilarning ko‘p millatli ekanligi va har bir millat vakillari mentalitetining o‘ziga xos xususiyatlarini e’tiborga olish, ularning ma’naviy-ruhiy qiyofasini mustahkamlash va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash jarayonini muvofiqlashtirish bo‘yicha tezkor ishlar amalga oshirilmoqda.
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida ham karantin davrida ilmiy-tadqiqot ishlarini takomillashtirishga qaratilgan qator tadbirlar tashkil qilinmoqda. Hozirgi kunda universitetda 40 nafardan ortiq fan doktorlari va 250 nafardan ortiq fan nomzodlari ta’lim va ilmiy tadqiqot jarayoniga jalb etilgan. Universitetning 100 dan ortiq xalqaro ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalari mavjud hamda dargohda ERASMUS+ va Jahon banki kabi xalqaro tashkilotlarning yirik grantlari bajarilmoqda.
2020 yil aprel oyida Toshkent davlat pedagogika universiteti tashabbusi bilan fan yo‘nalishlari bo‘yicha “Umumta’lim fanlarini o‘qitishda innovatsion metodikalar” mavzusida respublikada ilk marta o‘n bitta umumta’lim fanlaridan “O‘n kunlik marafon” shaklida masofaviy seminarlar tashkil etilishi yo‘lga qo‘yilgan edi.
Kuni kecha “Zamonaviy uzluksiz ta’lim sifatini oshirish: innovatsiya va istiqbollar” mavzusida tashkil etilgan masofaviy xalqaro ilmiy konferensiya universitetda bajarilayotgan ishlarning mantiqiy va uzviy davomi hisoblanadi. Konferensiyada xorijning o‘ndan ortiq ta’lim muassasalaridan yigirma nafarga yaqin mutaxassislar va respublikamiz ta’lim muassasalaridan 200 nafardan ortiq professor-o‘qituvchilar ishtirok etdi.
Konferensiyani universitet rektori A.Umarov ochib berdi va pedagogika sohasida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqotlarning ustuvor yo‘nalishlariga atroflicha to‘xtalib o‘tdi. Konferensiyada Belorussiyaning A.Kuleshov nomidagi Mogilyov davlat universiteti professori I.Komarovaning “O‘yin texnologiyalari asosida maktabgacha yoshdagi bolalarning hayot faoliyati xavfsizligini ta’minlash”, Belorussiya davlat pedagogika universiteti dotsenti O.Sorokaning “Oliy ta’lim muassasasi axborot-ta’lim muhitida talabalarning shaxsiy-kasbiy o‘z-o‘zini takomillashtirish jihatlari”, Janubiy Koreyalik professor Li Yu Mining “Koreyada STEAM ta’lim texnologiyalarini joriy etish”, Janubiy Qozog‘iston davlat universiteti professori G.Karbozovaning “Umumta’lim o‘rta maktablarida ingliz tilini o‘qitish texnologiyalari” mavzularidagi ma'ruzalari rus, ingliz va o‘zbek tillarida qizg‘in muhokama qilindi.
Shuningdek, konferensiyada respublikamizdagi pedagogika sohasida faoliyat olib borayotgan olti nafar mutaxassislarning ma'ruzalari taqdimot qilindi.
Konferensiyada innovatsiyalar va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish vazifalarini manzilli hal etish jarayonida ta’lim va tarbiyaning ta'sirchan mexanizmlarini joriy qilishga doir takliflar ishlab chiqildi.
Toshkent davlat pedagogika universiteti tomonidan tayanch oliy ta’lim muassasasi sifatida tashkil etilayotgan bunday tadbirlar pedagog kadrlar buyurtmachilari ehtiyoj va talablarini muntazam o‘rganib borish, ular bilan o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish hamda pedagog kadrlar tayyorlashning ilmiy asoslangan istiqbolli rejalarini belgilash va ularni amalga oshirishga xizmat qilishi shubhasizdir. Ayniqsa, oliy pedagogik ta’limga raqamli texnologiyalarni joriy etish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya va ta’lim texnologiyalarining mustahkam integratsiyasini ta'minlash pirovardida pedagog kadrlarning kasbiy mahoratini uzluksiz rivojlantirib borishga zamin yaratadi. Natijada, yuksak madaniyatli, amaliy kasbiy ko‘nikmaga ega, tarbiya, o‘qitish metodlari va baholash mezonlarini puxta egallagan zamonaviy pedagog kadrlar tarbiyalanadi.
Barno ABDULLAYEVA, TDPU prorektori, professor