Falsafa instituti kerak! Ijtimoiy fanlar ta’limining dolzarb masalalari
Hozirgi yangilanayotgan mamlakatimizda O‘zbekiston tarixini fan sifatida keng qamrovda o‘qitish bilan ijtimoiy jarayonlarni chuqur tahlil qilish, ularning rivojlanish qonuniyatlari, sabab va oqibatlarini aniqlash va tushuntirib berish orqali yoshlarning ilmiy dunyoqarashini shakllantirish hamda intellektual qobiliyatini yuksaltirishga erishiladi.
Tarixiy jarayonlarning tasodifiy yoki o‘zaro bog‘lanmagan voqealar emas, balki muayyan qonuniyatga, mantiqqa asoslangan hodisalar ekanini tushungan, ongli, bilimli odamni, ayniqsa, yoshlarni aldab bo‘lmaydi.
Demokratik rivojlanish davrida turli partiyalar, siyosiy harakat va birlashmalarda ishtirok etayotgan fuqarolardan davlatimizning iqtisodiy rivojlanishi uchun siyosiy-huquqiy ong va siyosiy-huquqiy madaniyatning yuksak darajada bo‘lishi talab etiladi. O‘rganish va o‘zlashtirish lozim bo‘lgan obyektlarga: siyosiy jarayonlar, milliy ozodlik harakatlari, ishlab chiqarish kuchlari, ilm-fan va madaniyatdagi o‘zgarishlar, din, mafkura va turli g‘oyalar, buyuk shaxslar faoliyati va shu kabilar kiradi. Xullas, o‘tmishimizni chuqur tahlil etsak, undagi boy tajribani to‘laligicha egallasak, saboq olsak, eski xatolarga yo‘l qo‘ymasak, ishonch bilan bugungi kunimiz va kelajagimizni to‘g‘ri belgilab olish imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Shunday ekan, biz endilikda Vatanimizning turli mafkuraviy qarashlardan xoli tarixini siyosiy tafakkurni rivojlantirishning asosiy omillaridan biri bo‘layotgan yangi tarixiy tafakkurning mahsuli sifatida o‘rganishimiz hamda millatimizning o‘zligini anglashiga xizmat qildirmog‘imiz darkor.
Tarixni o‘rganishning ilmiy-nazariy va metodologik asoslari deganda: voqea-hodisa, jarayonlarni, tarixiy shaxslarning faoliyatini to‘g‘ri, haqqoniy yoritish, xolisona tahlil qilishning umume’tirof etilgan, shuningdek, xususiy qonun-qoida va uslublari majmuasi tushuniladi. O‘zbekistonning umumjahon miqyosidagi o‘rnini haqqoniy belgilash va xolisona yoritish uchun O‘zbekiston tarixini davrlashtirish masalasiga chuqur va atroflicha yondashish hamda bunga keng ilmiy jamoatchilikni jalb etish darkor. Yaxlit muvofiqlashtirishni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi doimiy nazoratga olishi zarur.
Shu o‘rinda yana bir masalaga to‘xtalish joiz. Mustaqillikning ilk yillaridan falsafa fanida jiddiy o‘zgarish bo‘lishi kutilgan edi. To‘g‘ri, bu yillarda o‘zbek falsafa fani yakkahokim mafkura ta’siridan xoli bo‘lib, fikrlar xilma-xilligiga amal qila bordi. O‘zbek ilm-fanining o‘zak manbalaridan biri — Sharq falsafasini tadqiq etish yo‘lga qo‘yildi. Natijada jahon ijtimoiy fanlari mutaxassislarining o‘zbek falsafa ilmiga qiziqishi ortdi. Mutaxassislar o‘zbek falsafa ilmini yaratish yo‘lida jiddiy harakat boshladi. Buning uchun quyidagi yo‘nalishlarda tadqiqot ishlari olib borilishi lozim:
— o‘zbek falsafa ilmining metodologik asoslarini jahon falsafasi andozasi darajasida belgilab olish va tadqiqot yo‘nalishlarini zamon talablari asosida qayta ko‘rib chiqish;
— jahon falsafasi tajribalarini qunt bilan o‘rganishni yo‘lga qo‘yish va Sharq falsafasini tadqiq etish ko‘lamini kengaytirish;
— chet el ilmiy tashkilotlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;
— fuqarolik jamiyatining falsafiy asoslarini yaratish;
— falsafa ilmi bilan shug‘ullanuvchi yetuk, malakali yosh kadrlarni tarbiyalash masalasini hal etish.
Biroq shu o‘rinda bir savol paydo bo‘ladi: falsafa ilmining yanada rivojlanish poydevori — ilmiy-nazariy va metodologik asoslari qayerda o‘qitiladi, ilmiy ishlar qayerda olib boriladi? Bu borada bir taklif bor: 2012-yili tarqatib yuborilgan Falsafa va huquq instituti o‘rnida hech bo‘lmaganda Fanlar akademiyasi qoshida Falsafa institutini tashkil etish kerak! O‘zMU, SamDU va yana 2–3 yetakchi oliy o‘quv yurtlarida falsafa fakultetini tiklash ham zarur.
Hozirgi yangilanayotgan O‘zbekiston har birimizning mustaqil fikr hamda g‘oya va qarashlarga ega bo‘lishimizni talab etmoqda. Ijtimoiy fanlarni konseptual yo‘nalishlarda jiddiy yangilash uchun talabalar, tadqiqotchilar avvalo o‘z tafakkurimiz, qarashlarimizni o‘zgartirishimiz, yangilashimiz kerak. Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish sharoitida ijtimoiy hayotimizda keskin o‘zgarishlar sodir bo‘lishi tayin. Ijtimoiy fanlar o‘qituvchilari, ilmiy xodimlar ana shu o‘zgarishlarga tayyor turib, moslashib olishi, yangi muammolarni dadil o‘rganishga kirishishi — davr talabi.
Demokratik tamoyillar hayotimizga tobora chuqurroq kirib boryapti. Bundan keyin ham demokratiya kuchayib boradi, fuqarolarning faolligi oshadi. Ijtimoiy fanlar bu jarayondan orqada qolmasligi kerak.
Milliy ma’naviy tarbiya, milliy g‘oya va mafkura haqida ko‘p gapiramiz. Ammo yaxlit holda ishlab chiqilganmi milliy mafkura konsepsiyasi? To‘g‘ri, ko‘p fanlar sohasida yangi ruhdagi dastur va darsliklar yaratildi. Bu — bizning yutug‘imiz. Biroq bolalarimizni bog‘cha yoshidan boshlab, oliy o‘quv yurtigacha tarbiyalashga asos bo‘ladigan yaxlit dastur hali yo‘q. Prezidentimiz ta’kidlaganidek: “Milliy ma’naviy tarbiyani jahon madaniyati bilan qiyosan tadqiq etiluvchi alohida fan yo‘nalishi sifatida shakllantirishga asos beruvchi maxsus ilmiy konsepsiya yaxlit va to‘kis ishlab chiqilmagan. Bu nihoyatda muhim va dolzarb muammo”.
Shu o‘rinda aytish joizki, G‘arb falsafasi va tarixidan o‘rganadigan tomonlarimiz ko‘p. Ammo ma’naviy tarbiya asoslarini tugal va xolis o‘zlashtirmay, o‘zga muhit falsafa boyligidan foydalanish to‘g‘rimi? Buning uchun puxta reja asosida fundamental tadqiqotlar o‘tkazish, ma’naviy tarbiyaning yashirin qatlamlarini ochish, avval o‘rganganlarimizni qiyosan qayta ko‘rib chiqish lozim.
O‘zbekistonda ijtimoiy fanlar tizimini talab darajasida shakllantirish va rivojlantirish borasida talay vazifalar mavjud. Ijtimoiy taraqqiyotni ta’minlash uchun ularni hal etish lozim.
Maqolamiz yakunida ayrim takliflarni havola etsak:
birinchidan, ijtimoiy fanlarning mohiyati, mazmun-mundarijasi, jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni hamda maqomini belgilash;
ikkinchidan, ularning boshqa fanlar kesimidagi o‘rni, uning umumiy rivojlanishidagi rolini aniqlash va o‘zaro ta’siriga baho berish;
uchinchidan, fanlararo qiyosiy munosabatlar mezonini baholash va hamkorligini o‘rganish;
to‘rtinchidan, ijtimoiy fanlarning jamiyatdagi mavqeyini davlat siyosati darajasiga ko‘tarish lozim.
Karim NORMATOV