Universitetimiz jahon reytingiga yo‘l oladi
Urganch davlat universitetida yangi o‘quv markazi tashkil etildi. Markaz universitetda o‘qitishning yangi shakllari hamda ta’lim va boshqaruvning zamonaviy usullarini joriy etishga xizmat qiladi. Markazdan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish uchun Ispaniyaning Kantabriya universiteti vakillari tomonidan joriy yilning 18-, 20-, 22-may kunlari ZOOM platformasida video konferensiyalar tashkil qilindi.
Kuni kecha ham “Ommaviy ochiq onlayn kurslarini yaratish nazariyasi va amaliyoti” masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan uch kunlik onlayn ilmiy-amaliy seminarda respublika ta’lim muassasalarning 100 dan ziyod vakillari qatnashdi. Jumladan, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti “Multimedia texnologiyalari” kafedrasi professorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi vakillari va respublikamizda ushbu yo‘nalishda ilmiy-izlanishlar olib borayotgan boshqa yetuk olimlar, shuningdek, doktorantlar, magistrlar ishtirok etdilar. Albatta, bunday onlayn konferensiyalar universitet professor-o‘qituvchilari uchun tajriba maktabini o‘tamoqda. Endilikda, universitetimiz professor-o‘qituvchilari shu markaz mutaxassislari hamkorligida hududiy, respublika va xalqaro ta’lim tarmoqlarida o‘zlarining ommaviy ochiq onlayn kurslarini joylashtirish imkoniyatiga ega bo‘la oladilar.
Bu jarayonlar universitetimizning Times Higher Education (THE) jahon reyting agentliklarida o‘z o‘rnini egallashiga zamin yaratadi.
Xosiyat ShIXOVA