Talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash bo‘yicha batafsil ma’lumotlarni e’lon qildi.
Vazirlikning ma’lum qilishicha, kuni kecha AOKAda vazirlik bo‘lim boshlig‘i A.Mamanazarov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda talabalar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash bo‘yicha ma’lumot berilgach, vazirlikka ayni masalada murojaatlar soni keskin ko‘paygan.
Endilikda vazirlikka hamyurtlarimizdan bir xil mazmunda eng ko‘p kelib tushayotgan murojaatlar tahlil qilinib, ular yuzasidan javoblar e’lon qilib boriladi.
Dastlabki yo‘nalish - talabalar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash.
Talabalar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash Hukumatning 2017-yil 20-iyundagi 393-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq amalga oshiriladi;
Xorijiy oliy ta’lim muassasalaridan talabalar o‘qishini ko‘chirish, ko‘chirib tiklash O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi vakolati doirasida;
Xorijiy davlatlarning akkreditatsiyaga ega bo‘lmagan oliy ta’lim muassasalarida yoki ularning filiallarida o‘qiganlarning o‘qishini O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga ko‘chirish to‘g‘risidagi arizasiga rad javobi beriladi;
Nizomga muvofiq fuqarolar o‘qishini ko‘chirish uchun Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tashkil etiladigan Hududiy ishchi guruhiga 2020-yil 15-iyuldan 5-avgustga qadar bo‘lgan muddatda murojaat qilishi mumkinligi belgilangan;
Koronavirus pandemiyasi oqibatida yuzaga kelgan vaziyatni inobatga olib, talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash jarayonini tashkil etishda onlayn rejimda hujjatlarni qabul qilish rejalashtirilmoqda.
O‘qishini ko‘chirish istagini bildirgan fuqarolardan quyidagi hujjatlar talab etaladi:
1. Ko‘chirish (qayta tiklash)ni istagan ta’lim yo‘nalishi (mutaxassisligi), o‘quv tili va shakli ko‘rsatilgan holdagi ariza (arizada o‘qigan oliy ta’lim muassasasi va ta’lim yo‘nalishi (mutaxassisligi), ta’lim shakli, maqsadli qabul bo‘yicha o‘qishga kirmaganligi, ko‘chirish (qayta tiklash) sabablari, ko‘chirish (qayta tiklash) qoidalari bilan tanishganligi ko‘rsatiladi);
2. Talabaning reyting daftarchasi yoki belgilangan shakldagi akademik ma’lumotnoma nusxalari;
3. Pasport nusxasi.
Bir oliy ta’lim muassasasi doirasida oliy ta’limning mos va turdosh yo‘nalishlari hamda mos mutaxassisliklari bo‘yicha talabalar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash shu oliy ta’lim muassasasi rektorining buyrug‘i asosida amalga oshiriladi;
Xorijiy oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichida tahsil olayotgan talabalar o‘qishini O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga ko‘chirilishiga ruxsat etilmaydi;
Xalqaro tan olingan tashkilotlarning oliy ta’lim muassasalari reytingida birinchi 1000 talik ro‘yxatdan joy olgan Rossiya Federatsiyasi davlat oliy ta’lim muassasalari ro‘yxati har yili O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi ma’lumotiga asosan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining www.edu.uz rasmiy veb-sayti va @eduuz rasmiy telegram kanalida e’lon qilinadi.