Professor – o‘qituvchi talabalar ishonchini qozonish uchun o‘z ustida doimiy ishlashga majbur bo‘ladi
Mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarida bosqichma-bosqich kredit-modul o‘qitish tizimiga o‘tish ishlari amalga oshirilmoqda. Xususan, 2030-yilgacha kredit-modul tizimi joriy etiladigan oliy ta’lim muassasalari sonini 85 taga yetkazish rejalashtirilgan.
Kredit-modul tizimining ko‘plab rivojlangan davlatlar tan olgan Bolonya tizimi deklaratsiyasiga 48 ta davlat a’zo hisoblanib, GPA(diplom yoki attestatning o‘rtacha ko‘rsatkichi) baholash mezonining qo‘llanilishi, akademik mobillik hamda xalqaro darajada integratsiyalashuvning yuqori darajada ta’minlanishi tizimning o‘ziga xos muhim ko‘rsatkichlaridir. Mazkur tizimni amaliyotga joriy qilgan davlatlarda oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplomlar xalqaro miqyosda tan olinadi, talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun akademik mobillik va xalqaro aloqalar uchun katta imkoniyatlar ochiladi, ilg‘or tajribalar asosida tayyorlangan raqobatbardosh kadrlarga mehnat bozorida talab yuqori bo‘ladi.
Kredit-modul o‘qitish uzviy bog‘liqlikdagi modullarini yoki modullar blokini o‘zlashtirish uchun talabalarning zarur bo‘lgan o‘quv yuklamasini o‘lchash birligi sifatida modulli o‘qitish texnologiyalari va kreditlarning birligiga asoslangan o‘quv jarayonini tashkil etish tizimidir.
Mamlakatimizda Bolonya jarayoni ta’lim tizimi, shuningdek, AQSh, Buyuk Britaniya, Janubiy Korea, Kanada hamda Yaponiya kabi bir qator ta’lim tizimi rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rgangan holda global ta’lim integratsiyasining amalga oshirilishi xorijiy mamlakatlar bilan oliy ta’lim sohasidagi aloqalarni yanada kengaytirishni ta’minlashga xizmat qiladi.
Normativ-huquqiy hujjatlar ham islohotlarga mutanosib ravishda takomillashtirib borilmoqda. Jumladan, 2019-yil 29-oktabrdagi “Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida”gi qonun, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni yangi O‘zbekistonning yangi ta’lim tizimini yaratish uchun xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 24-yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida ta’kidlanganidek, “Oliy ta’lim standartlari xorijiy tajriba asosida takomillashtiriladi, ta’lim yo‘nalishlari va o‘qitiladigan fanlar qayta ko‘rib chiqiladi. Mutaxassislikka aloqasi bo‘lmagan fanlar soni 2 barobar qisqartiriladi. Oliy ta’limda o‘quv jarayonini kredit-modul tizimiga o‘tkazish talab etiladi”.
“Toshkent moliya institutining O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini 2019/2020-o‘quv yilida amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasi” qabul qilingan. Mazkur hujjatda 2020/2021o‘quv yilidan boshlab, 1-bosqich talabalari uchun o‘quv jarayonini zamonaviy ta’lim texnologiyalariga asoslangan kredit-modul tizimiga o‘tkazish belgilangan. Shuningdek, yangi o‘quv yilidan professor-o‘qituvchilarning o‘quv yuklamalarini yanada optimallashtirish, kasbiy faoliyatga zamonaviy axborot-kommunikatsiya hamda innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish masalalari muhim va ustuvor masala sifatida qaralmoqda.
Quyida rivojlangan davlatlar ta’lim tizimidagi ilg‘or tajribalar asosida Toshkent moliya institutida joriy etilishi rejalangan kredit-modul tizimining o‘ziga xos xususiyatlari haqida to‘xtalib o‘tamiz.
Kredit — ta’limning o‘lchov birligi bo‘lib, talaba uchun o‘zlashtiriladigan ta’lim dasturi hamda u bilan bog‘liq mehnat xarajatlari hajmini ifodalaydi. Ya’ni talaba muayyan fanni o‘zlashtirishi uchun ma’lum miqdordagi o‘quv yuklamasini bajaradi hamda olgan bilim, malaka va ko‘nikmasiga asosan muayyan kreditlarni qo‘lga kiritadi.
Aytib o‘tganimizdek, kredit — ta’lim olish natijalari asosida o‘qitish hajmini belgilash bilan bir qatorda ta’lim olish bilan bog‘liq mehnat xarajatlarini ham ifodalaydi. Toshkent moliya institutida 1 (bir) kredit ta’lim dasturi uchun mehnat haqi xarajatlari miqdori respublikamizdagi amalda bo‘lgan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 50 foizi (hozirgi kunda 679330/2 = 339665 so‘m) darajasida belgilanishi rejalashtirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasida o‘quv jarayonini kredit-modul tizimi asosida tashkil etishda, asosan YCTS (European Credit Transfer and Accumulation System(Yevropa kredit transfer tizimi)ga o‘tishga ustuvorlik berilmoqda.
Kredit-modul tizimining amaldagi o‘quv jarayonidan farqli jihatlari quyidagilarda namoyon bo‘ladi:
1. YCTS(Yevropa kredit transfer tizimi)ga muvofiq bakalavr darajasida talaba 180–240 kredit fanlarni o‘zlashtirishi (3 yillik o‘qish muddatida 180 kredit, 4 yillik o‘qish muddatida 240 kredit) talab etiladi. Mos ravishda o‘rtacha semestrlik kredit miqdori 30; yillik kredit miqdori 60 kreditni tashkil etadi. Bunda 1 kredit 25–30 soat fan yuklamasini o‘z ichiga oladi.
2. Amaldagi o‘quv jarayoni grafigida semestrdagi o‘quv haftalari soni 18 haftani tashkil etsa, kredit-modul tizimiga asoslangan o‘quv jarayonini tashkil etish grafigida bir semestr uchun o‘qish davri o‘rtacha 15 hafta, yillik haftalar soni 40–42 haftani tashkil etadi.
3. Semestrlar boshlanishidan oldingi bir haftada talabalar tomonidan fanlarni hamda fan o‘qituvchilarini o‘z ixtiyorlariga ko‘ra tanlash uchun 1 hafta qo‘shimcha muddat (kredit tizimiga kirish) ajratilmoqda.
4. Bakalavr ta’lim dasturi bo‘yicha 240 kredit hajmdagi fanlarni o‘zlashtirish uchun talabalarga 4 yildan 6 yilgacha muddat beriladi. Ya’ni, ma’lum sabablarga ko‘ra ayrim fanlarni o‘zlashtirmagan yoki yetarli hajmdagi kreditni to‘plamagan talabaga keyingi semestr yoki keyingi o‘quv yilida mazkur o‘zlashtirilmagan kreditlar hajmi uchun to‘lovni amalga oshirish hisobiga fanlarni o‘zlashtirish imkoni beriladi.
5. Fanlarni qayta o‘zlashtirishda, agar talaba mazkur fan bo‘yicha mashg‘ulotlarning 80 foizidan ortig‘ida ishtirok etgan bo‘lsa, fan uchun ajratilgan kreditning 50 foizi miqdorida to‘lovni amalga oshirishiga ruxsat etiladi. Agar o‘zlashtirilmagan fanlar soni 3 tadan ko‘p bo‘lsa hamda talabaning davomat ko‘rsatkichlari 80 foizdan pastroq bo‘lsa, o‘zlashtirilmagan fanlar bo‘yicha kreditlar hajmiga to‘liq to‘lovni amalga oshiradi.
6. Amaldagi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari o‘quv rejalaridagi mavjud 4 ta fan (Gumanitar va tabiiy-ilmiy, Umumkasbiy, Ixtisoslik, Qo‘shimcha fanlar) bloklari kredit-modul tizimida 2 tagacha (Majburiy fanlar, tanlov fanlar) qisqartirildi.
7. Amaldagi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarining o‘quv rejalarida Gumanitar va tabiiy-ilmiy fanlar 25–30, Umumkasbiy fanlar 35–50, Ixtisoslik fanlari 15–25, Qo‘shimcha fanlar 4–6 foizni tashkil etgan bo‘lsa, kredit-modultizimiga asoslangan o‘quv jarayonida majburiy fanlar bloki 60–80, tanlov fanlar bloki 20–40 foizni tashkil etishi rejalashtirilmoqda.
8. Magistratura mutaxassisliklarida nazariy ta’lim hajmi fanlar bloklari bo‘yicha mos ravishda, majburiy fanlar moduli 60 foizni, tanlov fanlar moduli 40 foizni tashkil etishi rejalashtirilmoqda.
9. Amaldagi o‘quv rejalarida bloklardagi tanlov fanlarini belgilash majburiylik xarakteriga ega bo‘lgan bo‘lsa, joriy etilayotgan yangi tizimda talabalar tomonidan tanlov fanlari ularning qiziqishlari asosida tanlanishi bilan bir qatorda ikkinchi mutaxassislikni olish imkonini beradigan tartib joriy etilishi kutilmoqda.
10. Auditoriya mashg‘ulotlari hamda mustaqil ta’lim soatlari nisbati amaldagi 56/44 nisbatdan 50/50 nisbatga o‘zgartiriladi, ya’ni mustaqil ta’lim soatlari sezilarli darajada oshiriladi.
11. Bakalavr ta’lim yo‘nalishlari amaldagi o‘quv rejasidagi asosiy fanlar soni 28 tadan 24 taga qisqartiriladi hamda bir semestrdagi fanlar soni 6–7 tadan oshmasligiga erishiladi. Bu talabalar semestr davomida fanlarni o‘zlashtirishlarida yengillik va qulaylik yaratadi, ya’ni bir semestrda 9–10 ta fanni o‘zlashtirish majburiyati bekor qilinadi. Shuningdek, modul fanlari bo‘yicha semestrda 3 ta fan modulini birinchi 8 haftalikda, qolgan 3 ta fan modulini keyingi 8 haftalikda o‘zlashtirish imkoniyati yaratiladi.
12. Talaba 1-bosqichga qabul qilinganda unga institutda joriy qilingan “Platonus” maxsus elektron ta’lim platformasining login-parollari beriladi. Mazkur tizim-platformasida 1 ta fandan 4-5 professor-o‘qituvchi dars beradi. Talabalar elektron ta’lim platformasi orqali har bir professor-o‘qituvchining shaxsiy sahifasiga tashrif buyurib, uning ma’ruza o‘qiydigan fani bo‘yicha, xususan, professor-o‘qituvchining sillabusi, dars o‘tish metodlari, qaysi mavzular doirasida dars o‘tishi, baholash uslubi, ilmiy izlanish yo‘nalishlari, o‘quv-uslubiy ishlanmalari, kasbiy yutuqlari va boshqa ta’lim jarayoniga oid o‘zini qiziqtirgan barcha savollar bo‘yicha to‘liq ma’lumot olishi mumkin bo‘ladi. Talabaga shu ma’lumotlar asosida mustaqil qaror qabul qilgan holda professor-o‘qituvchini tanlash imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, professor-o‘qituvchini tanlash jarayonini samarali tashkil etish hamda yanada soddalashtirish maqsadida institutning rasmiy veb-sayti(www.tfi.uz)dagi maxsus (http://vm.tfi.uz) ruknga tashrif buyurib, professor-o‘qituvchilar tomonidan oldindan tayyorlangan videoma’ruzalar bilan tanishgan holda tanlovni amalga oshirishlari uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratiladi. Institutda ta’lim jarayonining bunday tashkil etilishi, har bir professor-o‘qituvchi talabalar ishonchi va e’tiborini qozonish uchun o‘z ustida doimiy izlanish olib borishi hamda malakasini oshirib borishini talab etadi. Aks holda talabalar ishonchini qozonolmagan professor-o‘qituvchining o‘quv yuklamasi tabiiy ravishda qisqarishi ehtimoli paydo bo‘ladi.
13. Institutda kredit-modul tizimini joriy etishda kutilayotgan ijobiy o‘zgarishlardan yana biri talabalar mustaqil ta’limi hamda masofaviy ta’lim shakllari va usullari keng qo‘llanilishidir. Joriy o‘quv yilida haftalik o‘qish kunlari 5 kunni tashkil etgan bo‘lsa, yangi o‘quv yilidan haftalik 4–5 kunlik o‘qishga o‘tish, qolgan 1 kun mustaqil ta’lim (masofaviy shaklda), yana bir kun esa amaliyot obyekti yoki ijtimoiy soha obyektlarida tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Joriy o‘quv yilida pandemiya sharoitida masofaviy ta’limni tashkil etish bo‘yicha orttirilgan tajribani kelgusi o‘quv yillarida ta’lim jarayonida keng qo‘llash imkoni bor. Bunda institutda tashkil etilgan masofaviy ta’lim platformasi (www.tfi.uz sayti: videoma’ruzalar, ARM fondi, “Platonus” elektron platformasi), shuningdek, telegram ijtimoiy tarmog‘i, elektron video-aloqa dasturlari (Zoom, Facebook, Telegram, Googleclass) va boshqa shu kabi vositalar imkoniyatlaridan samarali foydalaniladi.
14. Kredit-modul tizimining alohida xususiyatlaridan biri bo‘lgan o‘rtacha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi(GPA (Grade Point Average)ning qo‘llanilishi kadrlar iste’molchilari tomonidan bitiruvchi talabalarning bilimi, mutaxassislikni o‘zlashtirish darajasini baholashga imkon berishi bilan bir qatorda kelgusida o‘qishni davom ettirish, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanish uchun ham asosiy mezon bo‘lib xizmat qiladi. Xorij tajribasida ish beruvchilar tomonidan ta’lim oluvchining o‘rtacha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi(GPA)ga alohida e’tibor qaratilishi talabalar tomonidan bu ko‘rsatkichni muntazam oshirib borishga motivatsiya bo‘lib xizmat qiladi.
15. Institutda kredit-modul tizimini joriy etishdagi ijobiy holatlardan yana biri bu talabalar akademik mobilligining ta’minlanishidir. Akademik mobillik talabalar almashinuvi asosida xorijiy hamda mahalliy oliy ta’lim muassasalarida davriy o‘qishi bo‘yicha o‘zlashtirgan kreditlari tan olinishini anglatadi. Toshkent moliya institutining maqsadli ko‘rsatkichlariga muvofiq kelgusida ko‘plab talabalarning yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalarida semestrlik o‘quv kurslariga yuborilishida akademik mobillikning ta’minlanishi, talabalarda ta’lim dasturini o‘zlashtirishda (kerakli kreditlarni jamg‘arishda) muammolar kelib chiqishining oldini oladi.
Aytish mumkinki, rivojlangan davlatlar ta’lim tizimidagi ilg‘or tajribalar asosida Toshkent moliya institutida o‘quv jarayoni kredit-modul tizimiga bosqichma-bosqich o‘tkazilishi institutda ta’lim sifati yuqori darajadagi yangi bosqichga olib chiqilishiga, xalqaro ta’lim tizimiga integratsiyalashuvning yanada kengayishiga, zamonaviy bilimlarga ega bo‘lgan sifatli kadrlar tayyorlanishiga hamda institut reytingining mahalliy hamda xalqaro darajada yanada yuksalishiga xizmat qiladi.
Ulug‘bek AZIZOV, Toshkent moliya instituti rektori, professor,
Isroil CHORIYEV, O‘quv bo‘limi boshlig‘i,
Komiljon IBROHIMOV, Monitoring va ichki nazorat bo‘limi boshlig‘i