Bitiruvchilarga leytenant unvoni berildi
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida bitiruvchilarga diplomlar topshirilib, leytenant unvoni berildi.
Favqulodda vaziyatlar vaziri, general-leytenant Tursinxon Xudaybergenov va boshqalar O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida» va «Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida»gi qonunlari, davlatimiz rahbari tomonidan sohaga oid qabul qilingan farmon va qarorlar har tomonlama yetuk, mas’uliyat va burchni chuqur his qiladigan hamda o‘z kasbini sevib-ardoqlaydigan oliy ma’lumotli mutaxassis kadrlarni tayyorlashda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotganligini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil
10 apreldagi «O‘zbekiston Respublikasida Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish hamda yong‘in xavfsizligini ta’minlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida»gi Farmoni alohida ahamiyat kasb etib, bugungi kunda mustaqil vatanimiz hayotining barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan tub demokratik islohotlar, dunyo mamlakatlari orasida yurtimiz obro‘-e’tiborining tobora yuksalib borishi, farzandlarimizning intellektual salohiyat egasi, o‘z kasbining mohir ustasi, hech kimdan kam bo‘lmagan avlod bo‘lib yetishishlari uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Haqiqatan ham, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning «Yoshlarimiz haqli ravishda vatanimizning kelajagi uchun javobgarlikni zimmasiga olishga qodir bo‘lgan, bugungi va ertangi kunimizning hal etuvchi kuchiga aylanib borayotgani barchamizga g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi», — degan so‘zlari yurtimiz yoshlariga nisbatan bildirilgan yuksak ishonch va e’tiborning namunasidir.
Nihoyat, hayajonli daqiqalar boshlandi. Kurs bitiruvchilariga diplom va leytenant maxsus unvoni generallar tomonidan tantanali ravishda topshirildi. Ha, yosh ofitser uchun general qo‘lidan diplom va maxsus unvon olish katta ishonch va faxr-iftixor desak, xato bo‘lmaydi. Bu lahzalar ularning hayotida bir umrlik oltin sahifalar bo‘lib qolajak.
Tantana davomida so‘zga chiqqan bitiruvchilar va ularning ota-onalari, taklif etilgan mehmonlar o‘zlarining his-hayajonga to‘la tilaklarini izhor etib, yosh ofitserlarni samimiy muborakbod etishdi:
– Harbiy kiyim-boshi o‘zlariga yarashib turgan navqiron yosh farzandlarimizning muqaddas va sharafli burchlarini sidqidildan bajarib, jonajon vatanimiz, Yurtboshimiz va xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilishlarida bildirilgan yuksak ishonchni oqlaydigan ofitserlar bo‘lishlariga ishonamiz, — deydi Akademiya professori Ali Sirojiddinov.
– Bugun biz, yosh ofitserlarning quvonchimiz cheksiz, – Bizni voyaga yetkazgan ota-onalarimizga, ta’lim-tarbiya bergan ustozlarimizga, barcha shart-sharoitlarni yaratib bergan muhtaram Prezidentimizga samimiy minnatdorligimizni bildiramiz — deydi bitiruvchi leytenant Ilhomjon Boqiyev. — Albatta, xalqimizning tinch-osuda hayotini, sog‘ligini asrashdek baxtli kasb bo‘lmasa kerak, biz ana shunday qutqaruvchilikdek sharafli kasbni egallab, yetuk kadrlar bo‘lib yetishganimizdan va Ona Vatanimiz ravnaqiga o‘z hissamizni qo‘shayotganligimizdan faxrlanamiz, davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan yaratib berilayotgan keng imkoniyat va qulay shart-sharoitlarga javoban, xizmat faoliyatimizda favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda yong‘in xavfsizligini ta’minlash yo‘lida bor kuch-g‘ayratimizni safarbar etamiz, deb va’da beramiz.
– Bugun farzandim Javlonbek Iminjonov leytenant maxsus unvonini olib, mustaqil hayotga yo‘l olayotganidan boshim ko‘kka yetdi, – deydi Fotima Siddiqova. – Turmush o‘rtog‘im shu sohada xizmat qilgani uchun bizning oilamizda ham ushbu kasbga xos bo‘lgan muhit shakllangan, bolalarim shu ruhda voyaga yetgan. Ishonamanki, farzandlarim otasi ishini munosib davom ettiradi. Vatanimiz va xalqimiz xizmatida bo‘lib, mustaqil yurt osoyishtaligini ta’minlashga qodir ofitser bo‘ladi.
Tadbir shodiyonasi Akademiya «Ma’naviyat va ma’rifat» markazi boshlig‘i podpolkovnik Savriddin Najmiyev ijrosidagi Vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlarga ulanib ketdi.