Milliy gvardiya Harbiy-texnik institutining navbatdagi bitiruvchilariga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik institutining navbatdagi bitiruvchilariga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi va ularga tantali ravishda diplom va ko‘krak nishonlari topshirildi.
Mazkur tantanali marosimda 4 yil davomida qunt va katta ishtiyoq bilan tahsil olgan kursantlar oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplomga ega bo‘lishlari bilan birga, intiqib kutilgan ilk ofitserlik unvoniga ham ega bo‘ldilar.
Bitiruv marosimiga O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondonligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va jamoat arboblari tashrif buyurib, yosh ofitserlarni institutni tamomlaganliklari, ofitser degan sharafli nomga sazovor bo‘lganliklari bilan samimiy muborakbod etib, unutilmas bayram bilan tabrikladilar.
Tadbirda so‘zga chiqqan mehmonlar yosh ofitserlarga o‘quv yurtida olgan bilim va ko‘nikmalarini kelgusida amalda samarali qo‘llagan holda, Vatan oldidagi burchini sadoqat bilan bajarishlari va xalqimizga fidokorona xizmat qilishlarini tilab qolishdi.
Safda turgan yosh ofitserlarga o‘tgan davr mobaynida tajribali professor-o‘qituvchilar tomonidan mutaxassisliklar bo‘yicha zamonaviy moddiy-texnik baza asosida ta’lim-tarbiya berildi. Institutda tahsil olish jarayonida bo‘lajak ofitserlarning yuksak professional tayyorgarlikka, eng ilg‘or innovatsion bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishlariga, xorijiy tillarni o‘rganishlariga alohida ahamiyat berildi. Natijada bitiruvchilarning harbiy bilim va ko‘nikmalari yuksalish bilan birga, ularning qalbida vatanparvarlik, sadoqat va matonat tuyg‘ulari shakllandi.
O‘tgan davr mobaynida harbiy, siyosiy va ijtimoiy fanlardan chuqur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldik. Endi esa bu bilimlarimizni Vatanimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi yo‘lida va kelgusi xizmat faoliyatimizda samarali qo‘llaymiz, – deydi leytenant Asomiddin Jahonov.
Tadbirning asosiy qismida Milliy gvardiya qo‘mondoni buyrug‘i bilan bitiruvchilarga “Leytenant” harbiy unvonlari berilganligi e’lon qilindi hamda ularga diplom va ko‘krak nishonlari topshirildi. So‘ngra yosh leytenantlarning Institut Jangovar bayrog‘i bilan xayrlashish va tantanali marsh marosimlari bo‘lib o‘tdi.
Mazkur marosimda bitiruvchilarning nechog‘lik harbiy xizmatga tayyor va belgilangan talablarga munosib ekanliklarining guvohi bo‘ldik. Vatan himoyasi – muqaddas va sharafli kasb hisoblanadi, – deydi Qonunchilik palatasi deputati To‘lqin Karimov yosh ofitserlarga omad va muvaffaqiyatlar tilar ekan.
Tadbir so‘ngida kursantlar hamda maxsus batalon harbiy xizmatchilari tomonidan namoyish etilgan ko‘rgazmali chiqishlar hamda Alohida harbiy namunali-ko‘rgazmali orkestr ijrosidagi musiqiy kompozitsiyalar barchaga manzur bo‘ldi.
Farzandi o‘qishni bitirgan kun har bir ota-ona uchun quvonchli kun bo‘lgani kabi, bugun men uchun ham juda quvonchli kun. Sababi, o‘g‘lim o‘zining birinchi harbiy unvonini oldi. Vatanimiz osoyishtaligini saqlash uchun kerakli bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarni mujassamlashtirish uchun tajribali harbiy kadrlar qo‘lida ta’lim oldi. Natijada o‘zida mardlik, jasorat, vatanparvarlik, insonparvarlik kabi tuyg‘ularni shakllantira oldi, – deydi quvonchi yuzidan sezilib turgan Barno opa Karimova.
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Axborot xizmati