Pandemiyasi davrida O‘zbekiston va Rossiyada oliy tibbiy ta’lim tizimlarining moslashish konsepsiyasi
Toshkent davlat stomatologiya instituti tomonidan 2020-yil 17-iyun kuni «COVID-19 pandemiyasi davrida O‘zbekiston va Rossiyada oliy tibbiy ta’lim tizimlarining moslashish konsepsiyasi» nomli xalqaro ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi
Butun jahonda jumladan mamlakatimizda pandemiya davrida ijtimoiy-iqtisodiy hayotning real talablaridan kelib chiqqan holda oliy ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, o‘qitishning zamonaviy shakl va texnologiyalarini joriy etish, mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha ixtisoslik yo‘nalishlarini takomillashtirish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.
Aytish joizki, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida kadrlar tayyorlashning ma’no-mazmunini tubdan yangilash, xalqaro standartlar darajasida oliy malakali mutaxassislar tayyorlash uchun zarur sharoitlar yaratishga doir muhim masalalar belgilangan va shu bois, zamon talabiga mos tibbiy kadrlarni tayyorlash judayam muhim o‘rin egallashini yana bir bor guvohi bo‘lib turibmiz.
Prezidentimiz tomonidan oliy ta’lim tizimini kompleks rivojlantirishning eng muhim vazifalari belgilab berildi. Har bir oliy ta’lim muassasasi kabi Toshkent davlat stomatologiya instituti tomonidan xorijdagi yetakchi turdosh ilmiy-ta’lim muassasalari bilan istiqbolli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, o‘quv jarayoniga xalqaro ta’lim standartlariga asoslangan eng zamonaviy pedagogik texnologiyalar, ta’lim dasturlari va o‘quv-metodik materiallarni keng joriy etish, ilmiy-pedagogik faoliyatga yuqori malakali chet el o‘qituvchilari va olimlarini jalb etish belgilangan.
Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan tuzilgan reytingda Toshkent davlat stomatologiya instituti yurtimiz oliy o‘quv yurtlari orasida 8 o‘rinni egallagan. Bu tibbiy oliy ta’lim muassasalari orasida eng yuqori natijadir.
Institutda 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab fakultetlarning barcha kurslarida ingliz tilida o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan. Bunday zamonaviy imkoniyatlar malakali kadrlar tayyorlash, tibbiyot sohasida jahon talabalarining ilg‘or amaliyotlarini keng joriy etish, xalqimizga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam bo‘lmoqda.
O‘tgan «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili»da Xalqaro qo‘shma ikki diplomli ta’lim dasturlari soni:
bakalavriatda 4 ta
magistraturada 9 ta
klinik ordinatura yo‘nalishlari bo‘yicha 3 taga yetdi.
Ilk bor, respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalari orasida stomatologiya fakulteti filiali Qozog‘iston Respublikasida tashkil etildi.
Bakalavr talabalar soni 2729 ta, magistrlar 122 ta, klinik ordinatorlar 314 tagacha ko‘paydi.
Chet elda malaka oshirib kelgan professor-o‘qituvchilarimiz 165 ta, talabalar 149 ta, 146 ta chet eldagi oliy o‘quv yurtidan professorlar kelib dars berishdi.
Institutimiz bir qator xalqaro tashkilotlar: Xalqaro stomatologlar federatsiyasi, Shifokor - talabalar uyushmasi Xalqaro federatsiyasi, Amerika rinologlar jamiyati, Yaponiya jarrohlar uyushmasining to‘laqonli a’zosi bo‘ldi.
Davlat rahbarining ko‘plab oliy ta’lim tizimini isloh qilishga qaratilgan qaror va farmonlarining ijrosi sifatida yurtimizda ilk bor Davlat Oliy ta’lim muassasalari ichida Toshkent davlat stomatologiya instituti xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazildi va ISO 9001:2015 xalqaro sertifikatini qo‘lga kiritganini misol qilib keltirsak bo‘ladi.
Bu esa Institutning ta’lim jarayoni xalqaro standartlarga mos ravishda olib borilayotganligi, kelajakda xalqaro reytinglarda muhim o‘rin egallashi va xorijdagi nufuzi oshib borishiga hamda xorijiy talabalarni o‘ziga jalb qilishda asosiy omillardan biri bo‘lib xizmat qiladi va hozirda institut Yevropa mustaqil akkreditatsiya tashkiloti tomonidan akkreditatsiyadan o‘tish jarayonlarida turibdi.
Ushbu islohotlarning mantiqiy davomi sifatida, Toshkent davlat stomatologiya instituti tomonidan 2020-yil 17-iyun kuni «COVID-19 pandemiyasi davrida O‘zbekiston va Rossiyada oliy tibbiy ta’lim tizimlarining moslashish konsepsiyasi» nomli xalqaro ilmiy-amaliy anjumani tashkil qilindi.
Konferensiyada O‘zbekiston va Rossiya oliy ta’lim muassasalarining 10 dan ortiq yetakchi mutahassislari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar. Pandemiya davrida tibbiy oliy ta’lim tizimida olib borilgan ishlar yuzasidan tajriba almashinish, egallangan ko‘nikmalarni keng targ‘ib etish, ilg‘or ta’lim texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish yuzasidan, Chexiya, Qozog‘iston va Tojikiston oliy ta’lim yurtlari mutahassislari хalqaro ekspertlar sifatida ishtirok etishdi.
Ushbu tadbirda, pandemiya davridagi ikki davlat tibbiy oliy ta’lim tizimi oldida turuvchi muhim vazifalar, XXI asr tibbiy ta’limi: bugungi kun muammolari, ustuvorliklari, yo‘nalishlari, muammolar va ularni yechimlari, tibbiy ta’limda innovatsiyalar, stomatologiya sohasida kadrlar tayyorlashda innovatsion yechimlar, qo‘shma ta’lim dasturlarini ishlab chiqish tartibi va amalga oshirish tajribasi, tibbiy oliy ta’lim tizimini nufuzli xalqaro talablarga moslashtirish va yo‘nalishlarni xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish kabi muhim mavzularda ma’ruzalar, muzokaralar va fikr almashildi.