Abituriyentlarga imtihon bo‘ladigan manzilni ko‘rsatuvchi mobil ilova ishlab chiqildi
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabalari 2020-2021-o‘quv yili qabulida oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari uchun test sinovlarini o‘tkazish rejalashtirilgan binolarning geomanzilini ko‘rsatib beradigan “ImtihonGo” nomli maxsus mobil ilovani yaratishdi.
“ImtihonGo” mobil ilovasiga Davlat test markazi tomonidan e’lon qilingan, test sinovlarini o‘tkazish rejalashtirilgan binolarning geomanzillari asos qilib olingan hamda shu manzillar ilovaga kiritilgan.
Ilova mualliflari TATU magistri G‘.Nazarov hamda radio va mobil aloqa fakulteti talabasi H.Baxtiyorovlardir.
– Har bir yaratilgan dastur yoki startap qandaydir ma’noda insonlarning og‘irini yengil qilishi, ortiqcha vaqt, harajatdan forig‘ bo‘lishiga yordam berishi kerak. Biz ham “ImtihonGo” mobil ilovasi orqali mamlakatimizdagi minglab abituriyentlarning ortiqcha qiyinchiliklarsiz, kerakli manzilga tez va aniq yetib borishiga ko‘maklashmoqchimiz, – deydi loyiha mualliflaridan biri G‘.Nazarov.
Agarda biror sabablarga ko‘ra, DTM tomonidan ko‘rsatilgan manzillarda yangilanish bo‘lsa, ilovani ham tezda yangilash, o‘zgartirishlarni tezda qo‘shish va bu o‘zgarishni foydalanuvchilarga yetkazish rejalashtirilgan.
Ayni vaqtda mobil ilova foydalanishga tayyor bo‘lib, Google Play platformasiga joylashtirilgan.