Toshkentda yana bir xalqaro universitet tashkil etildi
Hukumat qarori bilan “Tashkent International University of Education” xalqaro universiteti tashkil etildi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.
Qarorga muvofiq, yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalarining taʼlim dasturlarini joriy etish orqali respublika iqtisodiyoti real sektorining ehtiyojlarini hisobga olgan holda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash universitetning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.
Universitet masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi nodavlat oliy taʼlim tashkiloti hisoblanadi.
Universitetga oʻqishga qabul qilish uchun kirish imtihonlarini oʻtkazish va chet ellik yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish uchun xorijiy hamkor sifatida “The Times Higher Education World University Rankings” reytingidagi dunyoning 1000 talikka kiruvchi xorijiy oliy taʼlim muassasalarini belgilash va Universitet bazasida ularning filiallarini ochish huquqi berildi.
Universitetda oʻqish toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. Kadrlar tayyorlash kunduzgi, sirtqi, kechki, maxsus sirtqi va masofaviy taʼlim shakllari boʻyicha oʻzbek, ingliz hamda boshqa tillarda amalga oshiriladi.
Universitet bitiruvchilariga uning xorijiy hamkor universitetlarining Oʻzbekiston Respublikasida oliy taʼlim toʻgʻrisidagi hujjati sifatida tan olinadigan xalqaro darajadagi yoki belgilangan namunadagi diplomi beriladi.
Universitetning magistratura taʼlim bosqichi bitiruvchilari Xalq taʼlim vazirligi hamda Vazirlari Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligining rahbar kadrlari zaxirasiga kiritiladi.
Bundan tashqari, Xalq taʼlimi vazirligiga istisno tariqasida universitet faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun eng yaxshi shartlarni taklif etgan potensial investorni tanlash hamda investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyat shartlarini belgilash huquqi berildi.