Abituriyentga psixologik yordam
Har qanday imtihon: kirish yoki bitiruv imtihoni bo‘lsin, uni topshiradigan kishi uchun qiyin vaziyatdir. Imtihonga qanday tayyorgarlik ko‘rish kerak va, eng muhimi, bunday holatlarda o‘zingizga qanday yordam berish mumkin?
Eslab qolishning eng samarali usullari bormi?
— Eslab qolishning ko‘plab usullari mavjud: assotsiatsiyalar, sxemalar, rejalardan foydalanish... Bu usullarning barchasi yaxshi va ular haqiqatan ham foydalidir. Odam yodlashning turli usullaridan foydalangan holda o‘rganish jarayonida u uchun eng samarali bo‘lgan “o‘ziga xos” usulni o‘zi aniqlab olishi muhim.
Xayolda emas, balki rejada, javobning o‘ziga xosligiga e’tibor qaratish, shuningdek, javoblarni qog‘ozda tasvirlar orqali belgilab olish samaraliroqdir.
Og‘zaki imtihondan oldin javobni ko‘zgu oldida ovoz chiqarib aytib, tayyorlik darajasini tekshirish mumkin. Keyin maxsus xotira turi — nutq-motor xotirasi kiritilishi orqali materialni eslab qolish oson bo‘ladi.
— Hissiy barqarorligingizni qanday rivojlantirish kerak?
Emotsional barqarorlikni tarbiyalash uchun “Yarim soat menga tegishli” mashqlari juda foydali va samarali bo‘ladi.
Ushbu yarim soatni o‘zingiz xohlagancha sarflang: shahar ko‘chasi bo‘ylab sayr qiling, she’r yoki nasriy asar o‘qing, musiqa tinglang, sevimli hayvoningiz bilan o‘ynang, osmonga, daraxtlarga, ko‘chada yurgan odamlarga qarang, ular nima deb o‘ylaganlarini tasavvur etishga harakat qiling, dam oling. Ko‘zlaringizni yumib o‘tiring yoki aksincha, pauzani faol harakatlar bilan to‘ldiring: ritmik musiqaga raqsga tushing. Asosiysi, siz bu yarim soatni faqat o‘z xohishingiz bilan o‘tkazasiz va ular sizga qoniqish va quvonch keltiradi. Hissiy barqarorlikning rivojlanishi, shuningdek, o‘zini o‘zi boshqarish uchun inson tomonidan yaratilgan o‘zini o‘zi boshqarish usullari ham yaxshi yordam beradi.
Imtihondan bir kun oldin nima bilan shug‘ullanish samarali?
Imtihondan bir kun oldinni yaxshi jismoniy va ruhiy holatni saqlashga bag‘ishlagan ma’qul. Barcha tayyorgarlikni to‘xtatish kerak. Ushbu kunda yengil rejimni tanlash lozim: ko‘proq dam oling, faol dam olishni afzal ko‘ring, kuchli jismoniy va ruhiy stressdan saqlaning. Ushbu kun yaxshi muloqotda bo‘lish va bemalol yurish yaxshidir. Imtihondan oldingi tun uxlash uchun juda muhim. Ayrim imtihon topshiruvchilar xato qilishadi: ular butun kechani kitob o‘qish bilan o‘tkazadilar, bunday harakatning ta’siri aksincha bo‘ladi — bilimlarni tizimlashtirish va imtihonda a’lo javob berish o‘rniga, miya haddan tashqari ishlagani sabab, “og‘ir bosh” effekti paydo bo‘ladi. Shuning uchun, erta yotib, yangi bosh va yaxshi fikrlar bilan uyg‘onish yaxshiroqdir.
Imtihon kuniga barcha kerakli tayyorgarlik imtihon kuni ertalab emas, balki bir kun avval amalga oshirilishi kerak: kiyim, kerakli hujjatlarni, yozuv asboblarini (shu jumladan, ehtiyot qismlarni) tayyorlash — arzimas narsalar uchun ortiqcha qayg‘urmaslikka yordam beradi.
Imtihonlarga tayyorgarlik ko‘rish uchun foydali sirlar:
• Insonga rangning ta’siri haqidagi psixologik bilimlardan foydalaning. Imtihonlarga tayyorgarlik jarayonida o‘zingizni sariq va binafsha rangdagi narsalar bilan o‘rash diintellektual qobiliyat va aqliy faoliyatingizni rag‘batlantiradi.
• Imtihon oldidan foydalanishingiz mumkin bo‘lgan yana bir usul: siz ... o‘zingiz boshingizning orqa tomonidagi sochlardan biroz tortishingiz kerak (sochlaringizni qo‘llaringizga olib, sekin va silliq qilib torting). Yoki hech bo‘lmaganda boshning bu qismini massaj qiling. Natijada u yerda joylashgan ko‘plab nuqtalar faollashadi. Ushbu oddiy usul fikrlashingizni
sezilarli darajada oshirishga yordam beradi.
• Aromaterapiya imkoniyatlaridan foydalaning. Tabiiy hidlar insonning ruhiy holatini normallashtiradi, organizmda sodir bo‘layotgan jarayonlarni muvozanatlashtiradi. Aqliy faoliyat kuchayishiga, konsentratsiyaga limon, lavanda, bibariya, geranium, apelsinning xushbo‘y hidlari yaxshi yordam beradi. Aroma lampalari uchun efir moylarining aralashmasi to‘rt tomchi geranium, uch tomchi lavanda, ikki tomchi archa va bir tomchi kekik moyidan iborat bo‘lib, asabiy taranglik va hayajonni yengishga yordam beradi. Faslag‘an, lavanda, limon balzam, apelsin, atirgul, sandal daraxti, sadrning xushbo‘y hidi dam olishga yordam beradi. Quyidagi aralashma ortiqcha stressdan xalos bo‘lishga yordam beradi: lavanda — 4 tomchi, apelsin — 3 tomchi, geranium — 2 tomchi, bibariya — 1 tomchi.
• Shuningdek, siz stressni kulgi bilan yengishingiz mumkin. Malayziya olimlarining ta’kidlashicha, kulgi nafaqat hayotni uzaytiradi, balki stressni yengillashtiradi, ishtahani va ish faoliyatini yaxshilaydi hamda uyquni normallashtiradi. To‘qqiz kun davomida 30 talaba imtihonlardan oldin kulgi terapiyasi kursidan o‘tdilar. Ularga nafas olishning maxsus texnikalari o‘rgatilgan. Trening davomida ko‘ngillilar kuniga bir necha soat kulishdi. Natijada ular imtihonlarni hech qanday muammosiz, asabiylashishlarsiz topshirishdi. Talabalarning so‘zlariga ko‘ra, jismoniy jihatdan o‘zlarini odatdagidan ancha yaxshi his qilishgan. Kulgi, shuningdek, qo‘rquvga qarshi kurashning eng yaxshi usulidir.
Shoira DO‘STMUHAMMEDOVA,
psixologiya fanlari nomzodi