OTMga kirishda 18 ta fandan 6 tadan (108 ta) savollar asosida imtihon bo‘lishi kerak!
O‘sib kelayotgan yosh avlodning keslajakda qanday kasbni egallashiga qarab, Respublikamiz kelajagini tasavvur qilsa bo‘ladi. Xuddi shu ma’noda yoshlarning ta’lim-tarbiyasi har bir ota-ona, o‘qituvchi-tarbiyachining Vatan oldidagi muqaddas burchidir.
Zamonaviy shaxs — chuqur, umumiy bilim, keng dunyoqarash va yuqori kasb tayyorgarligiga ega, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha yetarli savodxon, o‘z bilimini tezlik bilan yangilash va to‘ldira olish qobiliyatiga ega shaxs sifatida qaraladi. Shular qatori unda intizomlilik, ma’suliyatlilik, ziyolilik, mamlakat mustaqilligiga, Vatan va jahon taraqqiyoti yo‘lida ezgulik va adolatga sadoqat tuyg‘ulari mavjud bo‘lishi zarur. Sohasidan qat’i nazar, jamoada ishlay olish qobiliyatiga, menejment va marketing borasida tayyorgarlikka ega bo‘lishi, yangi texnologiyalarni joriy etishning ijtimoiy, siyosiy va madaniy jihatlarini aniq tasavvur qila olishi kerak. Chunki jamiyatimizda sodir bo‘ladigan tub o‘zgarishlar, bozor munosabatlariga kirib borishimiz shaxsdan nafaqat kasb bilimlarini, balki iqtisodiy, siyosiy, huquqiy, texnikaviy, hayotiy bilimlardan ham xabardor bo‘lishni talab qilmoqda. Demak, ta’lim-tarbiyaning sifati, samaradorligi birinchi navbatda sifatli ta’limga bog‘liq.
Bu borada o‘z tajribamga asoslangan holda quyidagi takliflarni Siz bilan o‘rtoqlashmoqchiman: oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlarida testlar maktabda o‘tiladigan asosiy 18 ta fandan teng miqdorda, masalan 6 tadan savollar asosida (6 x 18 = 108 ta) tuzilishi kerak. Oliy ma’lumotga da’vogar o‘quvchi geografiyani ham, biologiyani ham, matematikani ham, xorijiy tillarni ham, informatikani ham, qo‘yingki musiqani ham bilsin. Barcha fanlardan minimal talablarga javob bersin. Ana shunda o‘quvchi yoshlikdan barcha fanlarni mukammalroq o‘qishga, o‘zlashtirishga harakat qiladi. Siz nima deysiz, aziz zamondosh?
Qobiljon QOSIMOV, Chortoq tumanidagi 5-davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internati o‘qituvchisi, Xalq ta’limi a’lochisi