Oliy ta’limda shaffof tizimni joriy etish kerak
Mamlakatimizda oliy ta’limni isloh qilish, jahon andozalariga mos tizimni yaratish bo‘yicha bir qator qonunchilik hujjatlari e’lon qilindi, sohani uzoq yillik, bosqichma-bosqich rivojlantirish bo‘yicha konsepsiya ishlab chiqildi.
Ma’lumki, har qanday sohani rivojlantirishda ilgari bosib o‘tilgan yo‘llar, xalqaro tajribadan olingan xulosalar, shart- sharoitlar inobatga olinadi. Yaponiya, Janubiy Koreya, Singapur, Germaniya, AQSh, Buyuk Britaniya, Finlyandiya kabi davlatlarning tajribalaridan foydalanish mumkin.
Yaponiya oliy ta’lim tizimiga nazar tashlasak, yigit-qizlarga o‘quvchilik davrlaridanoq vakolat va mas’uliyat yuklanadi, akademik fanlar bo‘yicha o‘rta maktab o‘qituvchilaridan kuchli, tizimli, to‘laqonli ta’lim va muntazam maktab hayotiga ega bo‘lib o‘qitish talab etiladi. Natijada oliy ta’lim muassasasiga qadam qo‘ygan talabalarda kuchli intellekt, milliy ruh hamda tartib-intizom shakllangan bo‘ladi.
Nagoya tajribasida esa ta’limning to‘liq raqamlashtirilganligi, sifatli o‘quv bazasi, namunali yo‘lga qo‘yilgan marketing xizmati, universitet talabalari va xodimlari xalqaro almashinuv dasturlarida faol ishtirok etishi, o‘quv muassasasida barcha jarayonlarning ijtimoiy tarmoqlarda namoyish etilishi universitet bitiruvchilarining dunyodagi ish beruvchilar orasida yaxshi nufuzga ega bo‘lishini ta’minlaydi.
Janubiy Koreyada oliy ta’lim tizimi ko‘p jihatdan amerikaliklar, yapon va nemislarning yutuqlariga tayanib, ta’lim tizimining eng yaxshi tomonlarini qabul qilgan. Koreya oliy ta’lim tizimi noyob ta’lim metodikasini ishlab chiqqan.
1940-yillarga qadar Janubiy Koreya dunyodagi eng “o‘qimagan“ davlatlardan biri hisoblanardi, Ikkinchi jahon urishidan keyingi ta’lim islohotlari natijasida oliy ta’lim iqtisodiyot uchun muhim bo‘g‘in sifatida jadallik bilan rivojlandi. Semestr uchun 2-6 tagacha fanni ixtiyoriy tanlash mumkin – ularning bir qismigina majburiydir. Bunday yondashuv mas’uliyat tuyg‘usini kuchaytiradi – bu yerda “diplom uchun vaqt o‘tkazish“ tushunchasi yo‘q.
Ta’limga ulkan sarmoya kiritib, yuksak natijalarga erishayotgan davlatlardan biri – Singapur. U ta’lim tizimida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining (AKT) muhim rol tutishi ortidan ta’lim taraqqiyotiga erishgan davlatdir. Bu talabalarning innovatsion g‘oyalar yaratish malakasiga ega bo‘lishini ta’minlaydi. Bu yerda o‘qituvchilarga davlat xizmatchisi, davlatning eng ishongan, suyangan kishisi sifatida qaraladi.
Germaniya ta’limi deyarli xarajat qilinmasligi, talabalarga qo‘shimcha pul topish imkoniyati yaratilganligi hamda talabalarning kirish imtihonlarisiz qabul qilinishi bilan e’tiborlidir.
Buyuk Britaniyaning oliy ta’lim tizimi bejiz dunyodagi eng yaxshi ta’lim tizimlaridan biri hisoblanmaydi. Ta’lim jarayoni boshlanishi bilanoq talabalar umumiy fanlarga chalg‘imay (ular maktabda o‘tilgan), tanlangan yo‘nalish bo‘yicha bilim oladi. Shunisi muhimki, oliy ta’lim muassasalari mustaqil ta’lim olishga katta e’tibor qaratadi.
AQShda esa ta’lim 3 qismga bo‘linadi: boshlang‘ich, o‘rta va oliy ta’lim. Ular ham o‘z navbatida ikkiga bo‘linadi: davlat va xususiy ta’lim muassasalari. Massachusets shtati Oliy ta’lim departamenti aynan davlat ta’lim muassasalarini boshqarish, ta’lim tizimi uchun strategik rejalar tuzishda yordam beradi.
Rossiya oliy ta’lim sohasi bir necha asrda o‘z an’analari asosida shakllangan bo‘lib, butun dunyoda e’tirof etilgan eng zamonaviy laboratoriyalar va ilmiy-texnik markazlarda malakali ilmiy, ilmiy-pedagogik kadrlardan dars olish hamda nufuzli diplomga ega bo‘lish imkonini beradi.
Ta’lim tizimida muvaffaqiyatlarga erishgan yetakchi davlatlar tajribasidan foydalanib, ularning ba’zilarini oliy ta’lim tizimimizda amaliyotga tatbiq etish muhim.
Ko‘rinmoqdaki, deyarli hamma dasturlar raqamlashtirilgan, bunda talabalarning shaxsiy ma’lumotlaridan tortib davomat, baholar, talabalarning kompetensiyasi elektronlashtirilgan. Yutuqli jihati, bu yerda ta’lim oluvchiga, ta’lim berish uchun mas’ullarga, ish beruvchilarga ma’lumot almashish qulaydir. Mamlakatimizda bu borada amaliy ishlar allaqachon boshlab yuborilgan bo‘lsa-da, bajarilishi kerak bo‘lgan vazifalar talaygina.
Koronavirus pandemiyasi sharoitida talabalarga ta’lim berish jarayoni sinovda bo‘lgan kredit-modul tizimiga jadallik bilan o‘tkazildi. Tajriba shuni ko‘rsatdiki, ba’zi hududlarda internet sifati qoniqarli emasligi natijasida ayrim talabalar o‘zlashtirishga qiynaldi. Muammoni yechish uchun barcha hududlarni sifatli optik tolali yoki kabelli internet tarmog‘i bilan ta’minlash zarurati bor. Singapur va Yaponiya tajribasiga tayanib, amaliy yechim sifatida qisqa fursatlarda muammoni bartaraf etib, nafaqat kredit-modul tizimi, balki yuqoridagi tajribadan kelib chiqib o‘quv muassasasida barcha jarayonlar ijtimoiy tarmoqlarda namoyish etilishiga erishish mumkin. Ijtimoiy tarmoqlarning imkoniyatlari yuqoriligi inobatga olinsa, ta’lim jarayoniga bilimli professor-o‘qituvchilar, xorijlik mutaxassislarni jalb etish osonlashadi. Har qanday yangilikning qabul qilinishi qiyin kechadi. Ammo ta’lim oluvchilarning sifatsiz kadr bo‘lib qolishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan pandemiya sharoitida masalani kechiktirmay hal qilish zarur.
Bundan tashqari, talabalarda baho hamda diplom olish asosiy o‘rinda, degan dogmatik qarashni inkor qilish lozim. Bunda talabalar bilan ba’zi keraksiz teoriyalar, qolipga solingan bilimlarni ko‘r-ko‘rona yodlash, konspekt qilishdan voz kechib, o‘rniga turli bahs-munozaralarga asoslangan, oxirida konkret xulosali masalalarni o‘rtaga tashlash yo‘li bilan mashg‘ulotlar o‘tkazishi lozim. Davlat, nomli stipendiyalarni baholash jarayonini ham shaffof holga keltirish talabi mavjud. Matematikani chuqur bilgan talaba chet tilidan qoniqarli baho olishi uning qobiliyatsiz, deb baholanishiga sabab bo‘lmasligi kerak.
Diplom olayotgan bitiruvchi dunyoqarashida ertaga o‘z fanida qaysidir fan bo‘limini yodlaganimas, amaliyotda qo‘llay olishi shakllangan bo‘lishi lozim. Bunda ish beruvchi ishlab chiqaruvchi bo‘lsa, tashkilotdan yetakchi mutaxassislarni amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazishga keng jalb etish, ta’lim yoki logistik markazlar bo‘lsa, bitiruvchini notiqlik hamda fikrini isbotlashga o‘rgatadigan fanlarni ko‘paytirish yo‘li bilan muammoni yechish mumkin.
Professor-o‘qituvchilarning ijtimoiy himoyasi, erkinligini kuchaytirish, ilmiy daraja va unvon olishdagi byurokratik to‘siqlar bartaraf etilishi kerak. Bu borada aytarli ishlar amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da, xalqaro tajribada muvaffaqiyat keltirgan islohotlarni qo‘llash samaraliroq.
Yosh mutaxassislar birinchi darajali ehtiyojlari – uy-joy olishi, kitoblar nashr qildirishi, maqolalar chop ettirishi, mahalliy hamda xalqaro anjuman va konferensiyalarda qatnashishi kabilarda qo‘llab-quvvatlangan bo‘lishi muhim. Shundagina ular erkin, mustaqil bo‘lib, ilm yo‘lidan ketadi.
Oliy ta’lim muassasasi o‘z obro‘si, ishonchliligini mustahkamlash uchun ichki va tashqi marketingni ko‘rib chiqish shart. Ichki muhitda qat’iy tartib-intizom yaratilishi kerakki, bunda korrupsiya, ta’magirlik, plagiatlik, mas’uliyatsizlikni butun jamoa uchun dog‘ tushirish deb hisoblash, buning ortida jazo muqarrarligi prinsipi turishi lozim.
Ta’lim tizimida olib borilayotgan ulkan o‘zgarishlarga nafaqat biz, soha vakillari, balki, keng jamoatchilik ham bir tan, bir jon bo‘lib harakat qilishi kerak, deb hisoblaymiz.
Jamshid ShONAZAROV, Qarshi davlat universiteti prorektori
O‘zA