Ulug‘ bekning ulug‘ dorulfununi
“Xalq so‘zi” gazetasida Samarqand davlat universiteti rektori, senator, professor Rustam Xolmurodov bilan “Tamaddun daryosi hamon oqmoqda ravon” sarlavhali suhbatni o‘qidim.
Qudratli saltanat va o‘zbek davlatchiligiga asos solgan Amir Temur suyukli nevarasiga o‘zning ismini (Muhammad Tarag‘ay) qo‘ygan bo‘lsa-da, o‘g‘li Shohruxning to‘ng‘ich farzandiga mehri o‘zgacha bo‘lib, uning tarbiyasiga alohida ahamiyat berib, ko‘proq uni Mirza Ulug‘bek deb atardi (balki ardoqli nevarasining o‘ziga o‘xshagan buyuk va qudratli hukmdor bo‘lishini juda ham xohlagandir). Buyuk o‘zbek astronomi va matematigi, donishmand davlat arbobi Ulug‘bek shu nom bilan jahonga tanildi va tarixga muhrlandi.
Ulug‘bekning o‘z xalqi va insoniyat oldidagi buyuk jasorati u yashagan tahlikali va murakkab zamonda, davlat hokimiyati va mamlakat hududiy daxlsizligi to‘xtovsiz va katta xavf ostida bo‘lishiga qaramasdan, unga Yaratgandan in’om etilgan ulkan ilmiy salohiyat va favqulodda iste’dodni to‘liq ro‘yobga chiqarish uchun bor kuch va imkoniiyatini safarbar eta oldi. Hukmronligi davrida Movarounnahrni dunyoning eng ilg‘or ilm-fan markaziga aylantirib, jahon tamadduni ravnaqiga ulkan hissa qo‘shdi. Ulug‘bek o‘zidan oldin o‘tgan, jahonga shuhrati taralgan, dunyoviy ilm-fan taraqqiyoti uchun beqiyos hissa qo‘shgan buyuk vatandoshlarimiz — Muhammad Muso Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino, Ahmad Farg‘oniy, Abu Nasr Forobiyning bebaho asarlarini ham, muqaddas islom dinimizning haqqoniyligi va pokligi, insonparvarligi va bag‘rikengligi, tinchliksevarligi va ma’naviy yuksakligi, insoniyatni doimo ezgulikka chorlashini tarannum etgan Imom Buxoriy, Iso Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Bahouddin Naqshband kabi mashhur mutafakkir va allomalarimiz, aziz-avliyolarimizning boqiy merosini ham chuqur o‘rgangan bo‘lib, o‘zi barpo ettirgan oliy ta’lim muassasalari — madrasayi oliyalarda ham ushbu dunyoviy va diniy ilmlar xazinasi mudarrislar va talabalar tomonidan puxta o‘rganilishini talab qilgan.
Nomlari ehtirom bilan tilga olingan ushbu dahoviy fundamental va qomusiy bilimlarga ega ulug‘ allomalarimiz asarlaridan Yevropa universitetlari necha asrlar davomida ta’lim olib, hozirgi zamonaviy nufuzli ta’lim muassasalari darajasigacha ko‘tarilgan.
Masalan, Muhammad Muso Xorazmiyning jahonda birinchi bo‘lib ilm-fan sohasiga o‘nlik sanoq sistemasini, algoritm va algebra tushunchalarini va shu ilmiy istilohlar bilan bog‘liq fan bo‘limlarini joriy etgani natijasida aniq fanlar va axborot texnologiyalari uchun o‘z vaqtida mustahkam asos yaratilgani, Yevropada Al-Fraganus nomi bilan mashhur bo‘lgan ulug‘ ajdodimiz Ahmad Farg‘oniyning “Astronomiya asoslari haqida kitob” nomli asari XII asrdayoq lotin va ivrit tillariga tarjima etilgani, atoqli astronom Yan Geveliy tomonidan 1647-yili nashr qilingan “Selenografiya” kitobida Oydagi kraterlardan ikkitasi ikki buyuk vatandoshimiz — Ahmad Farg‘oniy va Mirzo Ulug‘bek nomi bilan atalgani, XI asr ko‘pgina fan tarixchilari tomonidan “Beruniy asri” deb ta’riflangani, buyuk shifokor Ibn Sinoning “Tib qonunlari” asarining besh yuz yil davomida yevropaning eng nufuzli oliy ta’lim muassasalarida asosiy tibbiyot darsliklaridan biri sifatida o‘qitib kelingani qomusiy tafakkur sohibi bo‘lmish buyuk vatandoshlarimizning jahon ilm-fani taraqqiyotiga qo‘shgan beqiyos hissasi tufaylidir.
Sharqning shunday ulug‘ allomalari o‘rta asrlardayoq butun dunyoga tanitgan o‘zbek zaminida o‘sha zamonlarda universitetlarning bo‘lmasligi mumkin emas edi. Bunday oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan, faqat ular yevropacha tarzda “universitet” deb emas, sharqona nom bilan atalgan. Masalan, madrasayi oliya yoki dorulfunun (arabchadan aynan: dor — uy, funun — fanlar) — fanlar uyi.
Mirzo Ulug‘bek o‘z davrida diniy ta’limot bilan birga dunyodagi eng ilg‘or, eng zamonaviy dunyoviy bilimlarni beradigan, o‘quv jarayoni bilan birgalikda diniy va ilmiy-tadqiqot faoliyatini olib borishga o‘rgatadigan, ushbu sohada yetuk ulamo va olimlarni tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalari tizimini yaratdi. Samarqand, Buxoro va G‘ijduvonda madrasalar qurdirdi va ularning samarali faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Ulug‘bek asos solgan va o‘zi bevosita rahbarlik qilgan bu oliy ta’lim muassasalarida hayotlik chog‘idayoq mashhur bo‘lgan Qozizoda Rumiy, G‘iyosiddin Koshiy, Ali Qushchi kabi ikki yuzdan ziyod olimlar faoliyat olib borgan.
Ayniqsa, Samarqandda 1420-yildan faoliyatini boshlagan Mirzo Ulug‘bek madrasasi hamda osmon jismlari harakatini o‘sha davr ilm-fani va muhandislik-texnik inshootlarining eng so‘nggi yutuqlari asosida o‘rganish uchun bunyod etilgan rasadxona juda mashhur edi. Bunga teng keladigani dunyoda yo‘q edi. G‘arbning mashhur olimlari — Nikolay Kopernik, Jordano Bruno, Galileo Galiley hali bu yorug‘ dunyoga kelmagan, Yevropada esa ilm-fan kushandasi bo‘lgan Inkvizitsiya quturayotgan edi.
Mirzo Ulug‘bekning fojiali o‘limidan keyin ham uning ulug‘ dorulfununi XVI asrga qadar (ulug‘ olim hayotligi davridagidek bo‘lmasa-da) o‘z nufuzini Markaziy Osiyoda saqlab turadi. Alisher Navoiy qomusiy lug‘atida ma’lumot berilishicha, buyuk shoir 1460- yillarning ikkinchi yarmida Mashhaddan Samarqandga keladi. Zamonasining taniqli muarrixlari — Abdurazzoq Samarqandiy va Mirxond shoirning Mashhaddan Samarqandga borish sabablarini ilm o‘rganishga intilish bilan bog‘laydilar. G‘iyosiddin ibn Humomiddin Xondamir ham “Xulosat ul-axbor” asarida shunga yaqin fikr bildiradi. Alisher Navoiy Samarqandda ikki yil mashhur olim Xoja Fazlulloh Abullaysdan fiqh ilmidan saboq oladi. Mavlono Uloyi Shoshiy, Xoja Xurd, Mavlono Muhammad Olim, Mavlono Soyiliy, Darvesh Ahmad Samarqandiy, Mirzobek, Yusuf Safoiy kabi olim va shoirlar bilan tanishadi. She’riyat va adabiyotshunoslikka doir ko‘plab asarlarni o‘qib chiqadi, salaflar va zamondoshlarining baytlarini yod oladi.
Shoirlarning sultoni Alisher Navoiy o‘zining “Farhod va Shirin” asarida:
Temurxon naslidin sulton Ulug‘bek,
Ki olam ko‘rmadi sulton aningdek,
Aning abnoyi jinsi bo‘ldi barbod,
Ki davr ahli biridin aylamas yod.
Valek ul ilm sori topti chun dast,
Ko‘zi ollinda bo‘ldi osmon past.
Rasadkim bog‘lamish – zibi jahondur,
Jahon ichra yana bir osmondur.
Bilib bu nav' ilmiy osmoniy
Ki, andin yozdi “Ziji Ko‘ragoniy”, – deb ta’kidlaganida tamomila haq edi.
Shunday ekan, “Xalq so‘zi” gazetasida chop etilgan suhbatda tashabbus bilan ko‘tarib chiqilgan nihoyatda dolzarb takliflarning barchasini, xususan, Samarqand davlat universiteti Mirzo Ulug‘bek madrasayi oliyasi — ulug‘ dorulfununning bevosita vorisi ekanini e’tirof etib, uning yoshi 600 yil etib belgilanishi tarixiy haqiqat va adolatning qaror topishi deb hisoblanishi va Samarqand davlat universitetining bu muborak 600 yoshlik to‘yining keng nishonlanishini hamda dunyo jamoatchiligi tomonidan tan olinishiga erishish bo‘yicha bildirilgan takliflarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Boshqalarni ham shunga da’vat etamiz.
Baxtiyor DONIYOROV, filologiya fanlari doktori