Xalqaro tajriba: nega muvaffaqiyatga erisholmayapmiz?
Ta’lim sohasida nega muvaffaqiyatga erisholmayapmiz yoki yutuqlar ko‘lami keng emas, deb ko‘p o‘ylayman. Britaniya va Yevropa mamlakatlari ta’lim tizimi magistraturasida tahsil olishim davomida O‘zbekiston va G‘arb mamlakatlari o‘quv tizimi o‘rtasidagi farqlarni kuzatdim. Anglashimcha, bizning oliy ta’lim tizimida o‘zgarishlar qilish vaqti yetgan.
Oliy ta’lim muassasalariga munosabat
Afsuski, bizda abituriyentlar aksariyat hollarda o‘qishga boshqa maqsadlarda kirishadi. Universitetlarni kvotasi, bitirgandan keyin kim bo‘lib ishlay olishi, universitet reytingi kabi mezonlarga qarab tanlashadi. G‘arbda esa talabaga o‘zining qiziqishi, sohaga bo‘lgan iqtidori va keyinchalik uning rivojiga o‘z hissasini qo‘shish maqsadlari asosiy turtki bo‘ladi. Shuning uchun bizning bitiruvchi kadrlar ilmiy darajasi bilan Britaniya va G‘arb talabalari o‘rtasidagi tafovut katta. Chunki boshidan maqsadlar noto‘g‘ri qo‘yilgan.
Oliy ta’lim muassasalarining vazifasi
Bizda universitetlar faqat yosh kadrlarni yetishtirib chiqarishga asosiy e’tiborni qaratgan bo‘lsa, Britaniya va boshqa G‘arb mamlakatlarida universitetlar yosh iqtidorlarni tayyorlashdan tashqari, eng asosiysi, “g‘oyalar generatori” vazifasini bajaruvchi yirik markazlardan hisoblanadi. Professor va olimlar o‘z talabalari bilan yangiliklar ustida ilmiy ishlar olib borishadi. Buning uchun ularga universitetlarning alohida byudjeti ajratilgan, maxsus jihozlangan laboratoriyalar mavjud.
O‘quv jarayonini tashkillashtirishi
G‘arbda dekan va dekan o‘rinbosari bilan talabalar aloqasi minimal darajada. Talabalar asosan o‘zini o‘zi boshqaruv asosida tahsil oladi (“self-management”). Bizda dekan va uning o‘rinbosarlari talabalarning o‘quv jarayoniga juda ham ko‘p aralashadi. Misol uchun, dekan va uning o‘rinbosari xohlagan vaqti auditoriyaga kirib kelib, darsni qanaqadir e’lon bilan bo‘lishi mumkin, vaholanki, darsni bo‘lishga xech kimning haqqi yo‘q. Talabalarning hamma ishlari dekanat va ularning yordami orqali hal kilinadi. Aksincha, talabalarning mustaqil ish yurita olishi qobiliyatini rivojlantirish kerak.
Moodle tizimi
Barcha topshiriqlar, majburiy adabiyotlar va imtihonlar elektron universitet portaliga joylashtiriladi. Talabalar ID raqami bilan yozma ishlarini anonim tarzda Moodlega yuklashadi va birdaniga Turnitin programmasida plagiatga tekshirishadi. Plagiat 30 foizdan oshmasligi lozim. Yuklash ikki bosqichdan iborat: birinchi, xomaki variantini yuklab tekshirishgandan keyin, ikkinchi safar baholash uchun yuklanadi. Maxsus burchakda har bir fakultet talabalari uchun esselarning “hard copy”sini ID raqami bilan anonim usulda topshirish uchun quti bor. Professorlar tekshirib bo‘lgandan keyin, yozma ravishda har bir essega fikrlarini bildirishadi.
Auditoriyadagi muhit
Chet el oliygohlarida professor-o‘qituvchilar va talabalar orasida birinchi kundan do‘stona munosabat o‘rnatiladi. Professorlar birinchi kundan ular biz bilan birdek ilm oluvchi va shu bilan birgalikda biz undan va u bizdan yangi bilimlar o‘rganishini ta’kidlashadi. Afsuski, bizda ko‘pchilik hollarda o‘qituvchilarimiz sakson daqiqa o‘zi ma’ruza qiladi. Bu esa o‘z navbatida talabalarning nafaqat darsga, balki shu fanga bo‘lgan qiziqishi yo‘qolishiga, ularning ma’ruzaga quloq solishi esa, talabaning mustaqil fikrlashdan to‘xtashiga olib keladi.
Baholash mezoni
Britaniyada va G‘arbda assosiy 60-50 foiz baho oxirgi yozma ishga berilsa, 10 foiz guruhda prezentatsiyaga, 20 foiz birinchi yozma ishga va faqatgina 10 foiz darsda qatnashgani uchun beriladi. Bundan asosiy maqsad – talabalarning o‘z ustida mustaqil ishlashi, izlanish olib borishi, tahlil qilishi, ko‘p vaqtini kutubxonada o‘tkazishidir. Bizda esa, darsda qatnashishi va seminardagi javoblari uchun 70-80 foiz baholanadi, talablarning asosiy vaqti leksiya va seminarda o‘tib, o‘z ustida ishlashiga va izlanish olib borishiga juda kam vaqt qoladi. Bu esa talabadagi ijodiylik va yaratuvchanlik kabi ko‘nikmalarni shakllantirishga to‘sqinlik qiladi.
Professorlarning asosiy maqsadi
G‘arbda ular talabalarni fikrlash, tafakkurini kengaytirish, yangi g‘oyalar kashf etishga chorlashadi. Professorlarning savollari shu maqsadga yo‘naltirilgan bo‘ladi. Bizda esa, professor savolining javobini bilasiz yoki bilmaysiz. Vaholanki, ularning savollari bizni fikrlashga, taffakur qilishga undashi lozim. Xato qilish, adashish, fikrlash va uni ifoda etish, taffakur yuritish ilm olishning muhim shartlaridir. Eng muhimi, professor-o‘qituvchilar talabalardan to‘g‘ri javob qidirmasligi, aksincha yangi g‘oyalar kutishi lozim. Talabalar o‘z o‘rnida professor-o‘qituvchilar qanday fikrlashini emas, o‘zlari erkin fikrlashni o‘rganishi lozim.
Mehmon lektorlar
Xorijlik professorlar iloji boricha har bir leksiyaga o‘z sohasidagi mehmon mutaxassislarni jalb qiladi. Ularning aksariyati yuqori lavozimlarda ishlovchi yetakchi mutaxassislardir. Bu nafaqat nazariy, balki amaliy bilimlar bilan talabalarning ta’lim sifatini oshiradi. Yurtimiz ta’lim tizimida esa soha mutaxassislari nazariy bilimlardan yiroqlashab ketgan, lavozim egallashgandan so‘ng o‘z ustida ishlashdan to‘xtab qolgandek, go‘yo. Lavozimda ishlovchi mansabdor biron bir oliy ta’lim muassasasi bilan faoliyatini doimiy bog‘lashi lozim. Bu doimiy izlanish, yangiliklar qilish, shu sohani rivojlantirishdan tashqari vatanimizning yosh olimlarini tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Leksiyaga talabalar tayyorgarligi
Talabalar har bir leksiyaga oldindan berilgan adabiyot bilan tayyorgarlik ko‘rib keladi. Bu esa leksiyaning qizg‘in va diskussiyalarda o‘tishini ta’minlaydi. Talabalar leksiya davomida o‘qilgan adabiyotlar to‘g‘risida o‘z fikrini bildirib, faol ishtirok etadi. Bizning OTMda esa buning uchun alohida seminar darslari bo‘lib, o‘qituvchi faqat talabalarni tinglaydi, leksiyada esa o‘quvchilar lektorni tinglaydi.
Topshiriqlardagi farq
G‘arbda talabalarga tahliliy esselar yozish usuli qo‘llanilsa, seminarlarda og‘zaki javob berish ta’lim tizimimizga singib ketgan. Albatta, o‘qiganini so‘zlab berish talabalarning nutqini rivojlantiradi, lekin bu ular tafakkurini kengaytirishga, mustaqil fikr yurita olishga undamaydi. Yozma ishda talabalar izlanishlar olib boradi, boshqa adabiyotlar bilan tanishib uni tahlil qiladi, o‘z fikr va g‘oyalarini bayon etadi. Bir so‘z bilan, talabalar keng qamrovli ilmiy ish olib boradi. Og‘zaki javobda ular faqatgina berilgan adabiyotni mutolaa qilib so‘zlab berishadi, xolos.
Esse yozish
Afsuski, bizda qanday esselar va ilmiy maqolalar yozishni, uning tuzilishini, ularga qanday iqtibos qo‘yishni, manbalar bilan ishlashni o‘rgatishmaydi. Natijada chetga o‘qishga borgan talabalarimiz qiyinchiliklarga duch keladi. Akademik olamda tahliliy yoza olish sifati va boshqa olim va mutaxassislarning fikrlarini to‘g‘ri va o‘rinli qo‘llay olish yuksak baholanadi.
Agar biz shu holatlarga ahamiyat bersak, zamon talablariga mos yangiliklar kiritsak, jahon tajribasi isbotlab kelayotgan ta’lim tizimining yuqori sifatiga erisha olamiz.
Firdavs QOBILOV, Glazgo universiteti magistranti
O‘zA