Munosib kasb tanlash bo‘yicha abituriyentlarga psixologik maslahatlar
Kasb tanlash katta hayot yo‘lidagi eng muhim qadamdir. Inson hayotda o‘zini baxtli his etishi uchun albatta atrofida mehribon, sevimli insonlar bo‘lishidan tashqari, qiziqish bilan bajaradigan ishi, kasb-hunari bo‘lishi zarur. Ba’zi yoshlar ko‘p yillar orzu qilib yurgan mutaxassislik uchun oliy ta’lim muassasasiga hujjat topshirish damlari yaqinlashganda, “Kelajakda shu sohaning mutaxassisi bo‘la olamanmi, bunga mening bilimim va iqtidorim yetadimi?” — deb o‘ylanib qoladilar. Ayrimlar o‘zlarining ko‘p yillik orzularidan ham voz kechib, hozirgi kunda dolzarb ahamiyatli sohaga qiziqib, kutilmaganda o‘z fikrlarini o‘zgartiradilar.
Asosiysi, yoshlar to‘g‘ri yo‘lni tanlash o‘z hayotlari oldida juda katta mas’uliyatli vazifa ekanligini yaxshi bilishlari va faqatgina qiziqishlari yuqori bo‘lgan kasb sirlarini egallashga intilishlari zarur. Bu borada abituriyentlar uchun muhim ahamiyat kasb etuvchi psixologik maslahatlar:
1. Hurmatli abituriyentlar, “Ochiq eshiklar kuni”ga kelganingizda, o‘zingiz yoqtirgan kasbga qarab birinchi qadamni qo‘ying. Sizga o‘quv muassasasi yoqishi juda muhim, unga borish qulay bo‘lishi va sizda «charchadim, endi o‘qishni xohlamayman!» degan tuyg‘u bo‘lmasligi kerak.
2. Kasb va mutaxassislikni uning go‘zal va ommabop nomlariga qarab emas, balki “qaysi kasbni va kim bo‘lishingiz”ni ishonch hissi bilan tanlashingiz zarur. Shuningdek, kelajakda qayerdan munosib ish topishingiz mumkinligiga ahamiyat bergan holda tanlang.
3. Mehnat bozoriga, talab darajasiga e’tibor bering. Kasb-hunarga ega bo‘lish juda muhim, undan ham muhimi har kuni o‘z ustingizda ishlay oladigan va talabalik paytingizda o‘tgan har bir kuningizdan afsuslanmaydigan yaxshi ish topish juda muhimdir.
4. Kasb tanlashda sog‘liq muhim rol o‘ynaydi. Unga e’tibor bering! Shunday holatlar bo‘ladiki, mutaxassislikka ega bo‘lsa-da, ammo ba’zi jismoniy muammolar borligi sababli tibbiy ko‘rikdan o‘tolmay qolish mumkin.
5. Maktabda o‘qiyotganda kasb tanlash bilan bog‘liq bo‘lgan barcha psixologik usullarga, maktab psixologining tavsiyalariga e’tibor bering. Shunday qilib, o‘zingizning bilim va ko‘nikmalaringizni amalga oshirish uchun qaysi soha yanada qulay, qiziqroq ekanligi haqida to‘liq tasavvurga ega bo‘lasiz.
6. Maktabda qaysi fanlar bo‘yicha yutuqlarga erishgan bo‘lsangiz, ularni ota-onangiz bilan tahlil qiling, nimaga e’tibor berish kerakligi, nimani qo‘llab-quvvatlash kerakligi haqida o‘ylang.
7. Turli tanlov, festival, fan olimpiadalarida ishtirok etishga e’tibor bering, chunki ko‘plab o‘quv muassasalariga kirishda imtiyoz beradi ular.
8. Fe’l-atvoringiz xususiyatlarini, temperament tipingiz va kelajakdagi kasbingizga bo‘lgan talablarni tahlil qilish muhimdir. Ko‘pincha bitiruvchilarning xarakter va fe’l-atvori ularning tanlagan kasblarida noqulaylik tug‘dirishi mumkin.
9. Kelajakdagi kasbni tanlashda o‘zingizning mintaqangizda, mamlakatda ish haqining o‘rtacha darajasini tahlil qiling. Faoliyat nafaqat ma’naviy qoniqish, balki muayyan daromad keltirishi kerak.
10. Budjetga kirishga harakat qiling, buning uchun sizdan ayrim narsalar talab qilinadi: o‘qituvchilardan bilimlarni qunt bilan olish, yakuniy imtihonlarni yaxshi topshirib, o‘quv yurtiga kirish. Bu kelgusida oilangiz va yaqinlaringiz uchun bebaho yordam va ko‘makdir.
Nargiza XALILOVA, psixologiya fanlari nomzodi, Nizomiy nomidagi TDPU dotsenti