Temuriylar asos solgan qadimiy universitet
Dunyo nigohidagi ko‘hna shahar – Samarqandning dovrug‘i, me’moriy obidalari, osori-atiqalari yetti iqlimga ma’lum va mashhurdir. Endi bu javohirlar shodasiga yana bitta topilma qo‘shilgani kishi ko‘ksini g‘urur va iftixorga to‘ldiradi. Olimlarning tarixiy ma’lumotlarga tayanib ta’kidlashiga ko‘ra, Samarqand davlat universiteti olti asrlik tarixiy yo‘lni sharaf bilan bosib o‘tgan muhtasham ilm maskani, XV asrda dunyo tamadduniga nodir kashfiyotlari bilan ulkan hissa qo‘shgan olim – Mirzo Ulug‘bek oliy madrasasining davomchisi ekanligi ma’lum bo‘ldi. Bu yil Samarqand davlat universiteti 600 yoshga to‘ladi.
O‘rta Osiyoda qadimgi davrlardan faoliyat yuritgan bilim maskanlari – madrasalar o‘z davrining oliy ta’lim muassasasi, ya’ni, universitetlari maqomida bo‘lgan. Manbalarda qayd etilishicha, X asr oxiriga kelib Samarqandda 17 ta madrasa faoliyat yuritgan. Bular orasida oliy madrasa maqomiga ega madrasalar ham bo‘lgan. Ayniqsa, 1420-yili Mirzo Ulug‘bek ta’sis etgan madrasa o‘zining ko‘lami, salohiyati va oliy maqomi bilan Sharqda juda tez shuhrat topdi. Bu madrasa boshqa oliy madrasalardan dunyoviy, ayniqsa, aniq fanlarning o‘qitilishi va shu yo‘nalishlarda olib borilgan tadqiqotlar ko‘lamining kengligi va olamshumulligi, ilmiy-pedagogik kadrlarning yuksak ilmi va mahorati bilan ajralib turar edi.
Universitetning tarixiy ildizlari o‘rganilar ekan, ilmiy tadqiqot bilan birga ilg‘or ta’lim usullari ham qo‘llanilganiga shubha yo‘q. Shu o‘rinda yana bir muhim ma’lumotni faxr bilan keltirmoqchiman. G‘azal mulkining sultoni, o‘zbek adabiy tilining asoschisi – Nizomiddin Mir Alisher Navoiy ham to‘rt yil davomida Samarqandda ta’lim olgan. U zot 1465-yildan 1469-yilning bahorigacha Samarqandda yashadi, Fazlulloh Abu Lays madrasasida o‘qib, turli fanlarga oid bilimlarini yanada chuqurlashtirdi. Samarqandning ko‘zga ko‘ringan shoirlari – Shayxim Suhayliy, Mirzobek, Mavlono Xovariy, Mir Qarshiy, Harimi Qalandar, muammogo‘y Uloyi Shoshiy, olim Mavlono Muhammad Olim va boshqalar bilan hamsuhbat bo‘ldi va do‘stlashdi. Samarqand shahri hokimi Ahmad Hojibek asli hirotlik bo‘lib, Vafoiy taxallusi bilan she’r yozardi, u Alisher Navoiyga alohida hurmat va e’tibor bilan qaradi. Uning yordamida Alisher Navoiy davlat ishlari bilan ham shug‘ullana boshladi. Davlat ishlarini boshqarishda dastlabki tajribani, muhim malakalarni shu yerda orttirdi va bu unga keyinchalik asqotdi. Alisher Navoiyning Samarqanddagi siyosiy va davlat faoliyati yuqori baholanib, unga «Chig‘atoy amiri» unvoni ham berilgan.
Bundan shuni anglash mumkinki, Navoiydek donishmand shoir, davlat arbobi Samarqand madrasayi oliyalarida tahsil olgan, dars bergan, o‘zining keyingi faoliyatida asqotadigan ko‘plab malakalarga ega bo‘lgan. Ulug‘bek yaratgan ilmiy muhitda 200 dan ortiq olim faoliyat olib borgan. Ayniqsa, madrasada astronomiya, matematika, geometriya fanlariga bag‘ishlangan bir qator qo‘llanmalar yaratilgan. Mirzo Ulug‘bek madrasasidagi ilm-fan Markaziy Osiyolik mashhur olimlar, dunyo ilm-fani rivojiga ta’sir ko‘rsatgan Muhammad Xorazmiy, Ahmad al-Farg‘oniy, Ahmad al-Marvaziy, Abu Nasr Forobiy, Abu Ali Ibn Sino, Abu Rayhon Beruniylar boshlab bergan ilmiy an’anaga asoslangan edi.
Universitetning tarixiy yo‘li O‘zbekistonda ta’lim tizimining taraqqiyot bosqichlarini ham ko‘rsatib beradi. Ta’kidlash lozimki, Markaziy Osiyo mintaqasidagi buyuk tamaddunlar bir-birining mantiqiy davomi sifatida o‘rtaga chiqqan, bu sivilizatsiyalarning jon tomirlari bo‘lgan madrasalar ta’lim tizimi ham davrlar osha rivojlanib va takomillashib kelgan. Shu ma’noda Samarqand davlat universiteti Mirzo Ulug‘bek oliy madrasasining bevosita vorisi bo‘lib, uning ta’sis etilish tarixi ham 1420-yilga Mirzo Ulug‘bek oliy madrasasining ta’sis etilish sanasiga borib taqaladi. Bu esa Samarqand davlat universiteti Mirzo Ulug‘bek asos solgan madrasayi oliyaning bevosita davomchisi, deb xulosa chiqarishga asos bo‘ladi. Zero, Mirzo Ulug‘bek madrasasi faoliyati Samarqand davlat universiteti tashkil topgunga qadar uzviy davom etgan, 1868-yil ma’lumotlariga ko‘ra, Mirzo Ulug‘bek madrasasida 24 ta hujra faoliyat ko‘rsatgan bo‘lib, ularda 48 nafar talaba yashagan bo‘lsa, XX asr boshlariga kelib esa talabalar soni 108 nafarga yetgan.
Tarixchi S. Muhiddinovning ta’kidlashicha, 1913-yilga kelib, Samarqand viloyatidagi madrasalarda 2205 nafar talaba tahsil olgan. Shu o‘rinda, O‘zbekiston hududidagi so‘nggi madrasa Samarqand viloyati Urgut tumanida qurilganligini aytish lozim. Buxorodagi Mir Arab madrasasi yopilgach, uning talaba va mudarrislari bir qancha vaqt davomida Urgutdagi Madrasayi G‘ishtinda tahsil olishgan. An’anaviy ta’lim tizimining yuqori bosqichi Samarqandda 1920-yillarning o‘rtalarigacha faoliyat ko‘rsatgan. Bu davrda madrasalar faqat diniy bilimlar berishga ixtisoslashmasdan, balki o‘rta asrlardagi dunyoviy fanlar ham o‘qitilgan. Markaziy shaharlardagi madrasa bitiruvchilari davlat amaldorlari, mudarris bo‘lganlar, kichikroq madrasalar esa maktab o‘qituvchilari, masjid imomlarini tayyorlagan.
Mazkur ma’lumotlar Samarqandda oliy ta’lim bilan bir qatorda uzluksiz ta’lim tizimi haqida ham muayyan tasavvur beradi.
Ulug‘bek madrasasi keyingi davrda – to XX asr boshlarigacha mintaqaning eng qadimiy va e’tiborli oliy ta’lim maskani sifatida bu yerdagi xalqlarning ta’limiy, ma’naviy-ma’rifiy ehtiyojini qondirib keldi. Bu madrasani bitirgan mutaxassislar Markaziy Osiyo mintaqasidagi tamaddunning tarixdagi eng og‘ir kunlarida ham oyoqda qolishiga ko‘maklashdi. 1920-yili Samarqandda ikki yillik pedagogik yo‘nalishdagi oliy o‘quv yurtini ochish haqida qaror qabul qilinadi. Yangi bilim maskanlari Samarqand madrasalari, xususan, Ulug‘bek madrasasi talabalarini ham qamrab oldi. Shu bilan Samarqand davlat universitetining yangi maqomda shakllanishiga dastlabki asos yaratildi. 1927-yili bu o‘quv muassasasi Samarqand pedagogika akademiyasiga aylandi. 1930-yilda esa ushbu o‘quv dargohi O‘zbekiston pedagogika instituti, nihoyat 1933-yili O‘zbek davlat universiteti maqomini oldi. 1941-yili buyuk o‘zbek mutafakkiri tavalludining 500 yilligi munosabati bilan universitetga Alisher Navoiy nomi berildi. 1960-yildan 2016-yilgacha bu dorilfunun Alisher Navoiyning qutlug‘ nomi bilan atalib keldi. Uning dastlabki professor-o‘qituvchilari tarkibida Samarqand va Buxoro oliy madrasalarini bitirgan pedagoglar Abdurauf Fitrat, Hoji Muin va boshqalar dars berganlar.
O‘zbekistonda ta’lim tizimi shakllanishi va rivojlanishini o‘sha davrlardagi madrasa – ta’lim muassasalari tarixi bilan bog‘lash ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlarning yuksak namunasi bo‘lib, yosh avlodni vatanparvarlik hamda ilmiy-madaniy merosimizga faxr-iftixor ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi. Samarqand davlat universiteti hukmdor, olim Mirzo Ulug‘bek nomi bilan bog‘liqligi uning bugungi talaba-yoshlariga ham yuksak iftixor bag‘ishlaydi, ularga ilm yo‘lida katta ishtiyoq va ilhom beradi.
Joriy yilning sentabr oyida Samarqand davlat universitetining 600 yilligini nishonlash O‘zbekiston ta’lim tizimining ham qadimiy ekanligi va o‘ziga xos ilg‘or o‘qitish tizimi bo‘lganligini tasdiqlaydi. O‘z davrida Mirzo Ulug‘bek, Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi, Alisher Navoiy kabi teran tafakkur sohiblarini tarbiyalagan ta’lim tizimining asoslarini o‘rganib, mamlakat taraqqiyoti uchun bugungi kunda nihoyatda zarur bo‘layotgan sharqona ta’lim modelini yaratish mumkin.
Samarqand davlat universitetining Mirzo Ulug‘bek oliy madrasalarining davomchisi, izdoshi ekanligiga shak-shubha yo‘qligini uning bugungi salohiyati ham isbotlab turibdi. Universitetda hozir ham til, adabiyot, fizika, matematika, astronomiya, tarix kabi ilmiy maktablar faoliyat ko‘rsatib, mamlakatimiz iqtisodiyotiga, ilm-fan sohasiga katta hissa qo‘shib kelmoqda. Samarqand davlat universitetida shakllangan ilmiy maktablarning erishgan natijalari Ulug‘bek davridagi kabi hozir ham dunyoga ma’lum va mashhurdir.
Men ham shu temuriylar asos solgan universitetda tahsil olganimdan, o‘n yildan ortiq talabalarga dars berganimdan bugun cheksiz faxrlanaman. Universitetning ko‘plab xodimlari xorijiy universitetlarda, respublikamizning eng nufuzli tashkilotlarida faoliyat ko‘rsatadi. O‘zbekistonda juda kam o‘rganilgan, bugun davlat siyosati darajasida e’tibor qilinayotgan ona tili o‘qitish metodikasini rivojlantirish bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasini mana shu tarixiy universitet qoshida tashkil etilgan Ilmiy kengashda himoya qilganimdan baxtiyorman.
Universitetda egallagan ko‘nikma va malakalarim asosida Respublika ta’lim markazida filologiya sohasini rivojlantirish, milliy ta’lim dasturi, Davlat ta’lim standartlari, o‘quv dasturlari va zamonaviy darsliklar yaratish va tashkil qilish ishlarida ishtirok etdim. Hozir “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ boshqaruvi raisining davlat tilini rivojlantirish bo‘yicha maslahatchisi sifatida sanoat sohasida o‘zbek tilini rivojlantirish, davlat tilida ish yuritilishini ta’minlash bo‘yicha faoliyat olib bormoqdaman.
Universitetning olti asrlik tarixi va Mirzo Ulug‘bek nomi bilan bog‘liqligi dunyo hamjamiyatiga ham ma’lum qilinsa, unda o‘qishni xohlovchi xorijiy talabalar soni ham ortadi, xalqaro ilmiy aloqalar sezilarli rivojlanadi. Bu esa mamlakatimizga har tomonlama manfaat, shuhrat olib keladi.
G‘ofir HAMROYEV, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori