O‘zbekiston Milliy universiteti va Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi o‘rtasida memorandum imzolandi
O‘zbekiston Milliy universiteti va O‘zbekiston Respublikasi Ichki Ishlar vazirligi Akademiyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik Memorandumi imzolandi. Memorandum psixologiya yo‘nalishini rivojlantirishga qaratilgan. Psixologiya ichki ishlar tizimida qanchalik ahamiyatli bo‘lsa, ta’lim tizimida ham eng dolzarb yo‘nalishlardan hisoblanadi. Bu borada O‘zbekiston Milliy universitetida salohiyatli, yetuk kadrlar va kuchli ilmiy baza bor. Ilm, amaliy psixologiyadagi bu hamkorlik psixologiya ilmining rivojlanishi, nazariya va amaliyotning integratsiyasiga asos bo‘ladi.Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston Milliy universitetining Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi bilan hamkorligi psixologik xizmatning huquqiy jihatlarini ochishda, aholining psixologik va yuridik savodxonligini oshirishda katta ahamiyatga ega.Jumladan, ta’lim tizimining barcha bosqichlarida yoshlarning psixologik holati diagnostikasiga ixtisoslashgan psixolog kadrlar hamda tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va boshqarishni amalga oshiradigan yagona tuzilmaning shakllanishi, psixologik xizmatlar faoliyati samaradorligining yuqori darajaga ko‘tarish masalalari memorandumda o‘z aksini topgan.
Mutaxassislar o‘z chiqishlarida Oliy ta’lim tizimida psixologiya sohasida tayyorlanayotgan amaliyotchi psixolog kadrlarning bilimlarini tor soha mutaxassis (yurist-psixolog)lari tayyorlash amaliyotini yo‘lga qo‘yilishiga ham alohida e’tibor qaratishdi. Rejaga ko‘ra, psixologiya sohasida magistratura va doktoranturaga qabul jarayonida yuridik-psixologiya maktabini shakllantiriladi. Psixolog kadrlarning moliyaviy rag‘batlantirilishi, aholiga psixologik xizmat ko‘rsatuvchi markazlar faoliyatining huquqiy asoslash va ularga tajribali psixolog kadrlarni jalb qilish imkoniyatlari xususida ham to‘xtalib o‘tildi.Kadrlarni tayyorlash va ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirishda o‘zaro manfaatlarga asoslangan ta’lim va hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida kelishib olindi.Tadbirda davlat ta’lim standartlariga javob beradigan yuqori malakali kadrlarni tayyorlashda nazariy va amaliy hamkorlik muhimligi qayd etib o‘tildi. Bundan tashqari hamkorlar psixologiya yo‘nalishi bo‘yicha o‘zaro bir-birlariga uslubiy yordam ko‘rsatish, masofaviy ta’lim tizimini joriy qilish, psixologiya fanining yutuqlarini ta’limga va amaliyotga tadbiq qilishda doimiy muloqotda bo‘lishlari memorandumda o‘z aksini topdi.
Dilbar Muxamedova, psixologiya fanlari doktori, professor, psixologiya kafedrasi mudiri:
-Biz bugungi tadbir davomida o‘zaro hamkorlikda davlat grantlari loyihalarini tayyorlash va amalga oshirishda ishtirok etish, bakalavriat va magistratura yo‘nalishida tahsil olayotgan talaba, tinglovchi hamda kursantlarning amaliy stajirovkalarini tashkil etish, bitiruv (malaka) diplom ishlariga va magistrlik dissertatsiyalariga rahbarlik qilishdagi hamkorlik borasida ham kelishib oldik.
Kelgusida akademiyada zamonaviy psixologik markazni tashkil qilish, uni zamonaviy texnik vositalar bilan ta’minlash, ochiq darslar va “master klass” mashg‘ulotlarini o‘tkazish, o‘zaro hamkorlikda xorij tajribasini o‘rganish, xorijiy uslubiy-diagnostik metodikalarni hamkorlikda standartlashtirish, diagnostik tadqiqotlar olib borish, uslubiy-metodik jamlanmalar fondini yaratish, kadrlarining malakasini oshirish, ilmiy-metodik, ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish maqsadida tajriba almashish, ilmiy salohiyatni boyitish hamda ilmiy-texnikaviy va intellektual imkoniyatlarni birlashtirish, psixologiya sohasida eng dolzarb muammolarni hal qilishga qaratilgan o‘zaro uchrashuvlar, simpoziumlar, seminarlar va konferensiyalarda tomonlar ishtiroki borasida ham fikr-mulohazalar almashdik. Universitetimizning psixologiya kafedrasi professor-o‘qituvchilari ham o‘quv jarayonlari, amaliy mashg‘ulotlarni o‘tishda ham o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni rejalab oldik. Bugungi tadbir va Akademiya hayoti va o‘quv jarayoniga qilingan tur ham bizda katta taassurot qoldirdi.”
Psixologiya yo‘nalishiga oid manfaatli axborotlar, o‘qitish dasturlari, ilmiy tadqiqot materiallari, o‘qitish va tadqiqot ishlarining metodologik adabiyotlarini chop etish sohasida ham fikr-mulohazalar almashinildi.
Hamkorlikdagi ilmiy tadqiqotlar alohida dastur, reja va yo‘l haritalari doirasida amalga oshirilishi qayd etildi.
Tadbirda IIV Akademiyasi boshlig‘i general-leytenat Bahodir Matlyubov, O‘zMU rektori, professor Avazjon Maraximovlar ishtirok etishdi. Tadbir so‘ngida O‘zMU rektori, professor Avazjon Maraximov “Ichki ishlar Akademiyasi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
O‘zMU Axborot xizmati