Samarqandda magistrlar uchun yangi stipendiya e’lon qilindi
Metsenat.uz loyihasi doirasida birinchi marta mahalliy hokimlik talabalar uchun ta’lim dasturini e’lon qildi.
Samarqand viloyati hokimligi magistratura bosqichida tahsil olayotgan talabalar uchun stipendiya joriy qildi. Stipendiya dasturida Samarqand viloyatida joylashgan oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari ishtirok eta oladi.
Kelib tushgan arizalar ichidan 10 nafar g‘olib saralab olinadi va ularga 6 oy mobaynida har oy 1 million so‘mdan stipendiya beriladi.
Stipendiya dasturida ishtirok etish uchun davlat granti yoki to‘lov-kontrakt asosida o‘qishning ahamiyati yo‘q, bunga cheklov qo‘yilmagan. Shuningdek, barcha mutaxassislik magistrlari qatnashishi mumkin.
G‘oliblarni saralashda nomzodning a’lo o‘qishi, xorijiy tillarni bilishi, ijtimoiy hayotda faolligi va boshqa jihatlar inobatga olinadi.
Arizalar joriy yilning 31-dekabriga qadar www.metsenat.uz sayti orqali qabul qilinadi.