O‘zbek tili va adabiyotimi yoki o‘zbek filologiyasi?
Ona tilini o‘qitish borasida so‘nggi yillarda keng ko‘lamli ilmiy, amaliy ishlar qilindi va bu jarayon uzluksiz davom etmoqda. Chunonchi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining tashkil etilishi, ijodkorlar nomidagi ixtisoslashtirilgan ijod maktablarining bunyod etilishi, akademik litseylarda ijtimoiy-gumanitar (filologiya) yo‘nalishlarining faoliyat olib borishi fikrimizning yorqin dalilidir. Mazkur ta’lim muassasalarida ona tili va adabiyot fanlari chuqurlashtirilgan holda o‘qitiladi.
Bundan maqsad o‘quvchilarning kundalik ilmiy va kasbga doir sohalarda faoliyat olib borish uchun kommunikativ kompetensiyasini shakllantirishdan iborat. Bu esa ona tili fanini o‘z-o‘zidan rus tili va ingliz tili fanlari bilan integratsiya usulida bog‘lab o‘qitishni taqozo qiladi. Buning uchun o‘quvchi o‘zga tillardan o‘zlashgan so‘zlarni o‘sha tillarning fonetikasi, orfoepiyasi va orfografiyasiga muvofiq talaffuz qilishi, yozishi va, eng asosiysi, shu so‘zlarning lug‘aviy ma’nolarini bilishi kerak bo‘ladi.
Bugungi kunda ommaviy axborot vositalarining barchasida ona tili o‘qitishdagi qoidabozlikdan voz kechib, o‘quvchilarning erkin fikrlashi, sodda va ravon so‘zlashi, o‘z fikrini nutqiy sharoit, nutqiy vaziyatga mos ravishda ifodalashi uchun yangicha darslik, qo‘llanma, dasturlar yaratish borasida soha mutaxassislari va keng jamoatchilik o‘z fikr-mulohazalarini bildirmoqda, xususan, 2020-yil 20-oktabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida ona tili va adabiyot fanlari milliy o‘quv dasturi loyihasining taqdimot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda ham ona tili fanini o‘qitishdan asosiy maqsad qilib mustaqil fikrlovchi, yozma va og‘zaki nutqda fikrini erkin bayon qila oladigan, imlo xatolarsiz yoza oladigan savodli avlodni tarbiyalash belgilab olindi. Bunday qarash va amaliyot xorij ta’lim muassasalarida, shuningdek, yurtimizdagi nodavlat ta’lim muassasalari – o‘quv markazlarida ingliz tilini o‘qitish amaliyotida qo‘llab kelinmoqda va bu samara berayotganini farzandlarimiz olayotgan xalqaro sertifikatlarda ko‘rishimiz mumkin. Shundan kelib chiqib biz ham bu boradagi o‘z fikr-mulohazalarimizni siz bilan o‘rtoqlashmoqchimiz. Buning uchun quyidagi savollarga javob topsak:
O‘zbek tili va adabiyotimi yoki o‘zbek filologiyasi? Ona tili va adabiyot fani mutaxassislarini tayyorlaydigan yo‘nalishlarda o‘quvchilar asosiy fanlar uchun ona tili va adabiyot hamda tarix fanlarini chuqur bilishi kerakmi yoki ona tili va adabiyot hamda ingliz tili fanlarini yaxshi o‘zlashtirgan bo‘lishi shartmi? Vazifasi bir xil, lekin nomlanishi ikki xil bo‘lgan bu yo‘nalishlarda OTMga kirish testlarida abituriyentlar ikkala yo‘nalish uchun bir xil fanlardan test topshiriqlarini bajarishi kerakmi yoki turli xil fanlardan topshirishlari lozimmi? Bu soha vakillarining kelgusi faoliyatida ikkinchi asosiy fan sifatida tarix fani muhimmi yoki ingliz tili fani?
Bu savollarga javob berishdan oldin pedagogika institutlari va universitetlardagi o‘zbek tili va adabiyoti va o‘zbek filologiyasi fakultetlarining umumiy va farqli tomonlariga quyidagi jadval asosida e’tibor qaratsak. Jadvaldan shu narsa ma’lum bo‘ladiki, ixtisoslashtirilgan maktablar, akademik litseylarning filologiya yo‘nalishlarida tahsil olayotgan o‘quvchilar, OTMlarning o‘zbek tili va adabiyoti hamda o‘zbek filologiyasi fakultetlarida “oltin davr”ini surayotgan talabalar asosiy fan sifatida jahon tarixini davom ettirishlari ularning haqiqiy mutaxassis bo‘lib yetishlari, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishlari uchun ahamiyatlimi yoki xalqaro til sifatida ingliz tilini chuqur o‘rganishlari afzalmi? Bizningcha, bu yo‘nalishda tahsil olayotgan o‘quvchi-yoshlar majburiy fanlar tarkibida bo‘lgan O‘zbekiston tarixi fani bilan kifoyalanib, ingliz tilidan imtihon topshirib, bu tilni yanada mukammal o‘rganganlari foydalidir.
Nega?
OTM talabasiga aylangandan so‘ng O‘zbekiston tarixi fanini haftasiga ikki soat, ingliz tili fanini esa haftasiga to‘rt soat o‘qishadi. Yana shuni ta’kidlash joizki, O‘zbekiston tarixi fani to‘rt yil davomida atigi bir semestr o‘qitiladi, jahon tarixi esa umuman o‘qitilmaydi. Xalqaro tillardan biri, xususan, ingliz tili bakalavr darajasini olguniga qadar pedagogik amaliyotdan tashqari, barcha semestrda o‘rgatiladi. Shuningdek, talaba yoki mutaxassis ilmiy faoliyati davomida maqola yozish, chop ettirish, uni himoya qilishda ingliz tiliga murojaat qiladi, kerakli o‘rinlarini ingliz tiliga o‘giradi. Bu ish qo‘lidan kelmasa, pul berib tarjima qildiradi. Magistraturaga o‘tishda ham asosiy fanning biri sifatida ingliz tili fanidan imtihon topshiradi. Bunda ham ular mablag‘ sarflab ixtiyoriy-majburiy ravishda ingliz tilini o‘zlashtirishga harakat qiladi. Maktab, litsey va OTMlarda ishlab, malaka oshirish institutariga borganlarida ham tarix fanini emas, ingliz tili fanini o‘qib, bu fanlar bo‘yicha kirish va chiqish testlarini topshirishadi, hatto himoya ishining ma’lum asosiy mag‘zini ingliz tilida gapirib berishlari talab qilinadi. Shunday ekan bu soha vakillari uchun qaysi fan muhimroq: tarix yoki ingliz tili?
Ona tili va ingliz tili yoki ingliz tili va ona tili fan bloklarini chuqur o‘rgangan o‘quvchi, talaba va mutaxassis o‘z fanini fanlararo bog‘liq ravishda o‘tadi, maqola yozish va tarjima qilishda hech qanday muammolarga duch kelmaydi, o‘z fikrini xoh ona tilida bo‘lsin, xoh ingliz tilida erkin va ravon bayon eta oladi.
Bu borada biz o‘zbek tili va adabiyoti fakulteti dekanlariga, shu sohaning mas’ul vakillariga quyidagi savol bilan murojaat etmoqchimiz:
- sizga ona tili va adabiyot hamda tarix fanlarini bilgan talabalar kerakmi yoki ona tili va adabiyot hamda ingliz tili fanlarini puxta o‘zlashtirgan soha vakillari?
- sizga o‘z fanini ona tili va ingliz tillarida o‘ta oladigan zamonaviy o‘qituvchi kerakmi yoki …?
- sizga bitiruv-malakaviy ishini ikki tilda: ham og‘zaki, ham yozma shaklda himoya qiladigan dissertant kerakmi yoxud ikki qator gapini pulga tarjima qildirib, tayyor narsani ikki og‘iz gap bilan bayon eta olmaydigan “dissertant”?
- til o‘rganishda jahon standartlariga muvofiq hozir bizga ham joriy etilayotgan o‘qib tushunish, tinglab tushunish, o‘z nutqini og‘zaki va yozma bayon eta olish ko‘nikmalarini shakllantirishda qaysi biri ahamiyatli?!
Shunday ekan, shu fanning mutaxassisi sifatida akademik litseylarning ijtimoiy-gumanitar (filologiya) yo‘nalishi, OTMlarning o‘zbek tili va adabiyoti fakultetlariga kirish imtihonida O‘zbek filologiyasi yo‘nalishlaridagi kabi ona tili va adabiyot fani bilan birgalikda asosiy fan sifatida ingliz tili fanini kiritishlarini OTMlarga qabul bo‘yicha Davlat komissiyasi mas’ullariga taklif qilib qolamiz.
To‘lqin XOLJO‘RAYEV,
Azamat ERMATOV,
Jizzax davlat pedagogika instituti akademik litseyi ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari