Oliy ta’lim muassasasi bitiruvchisi ishga joylashishi nega muammo bo‘lmoqda?
2019-yili saylovoldi debatlarda ta’lim muammolari, jumladan, oliy ta’limdagi vaziyat va uning kelajagi ko‘plab tortishuvlarga sabab bo‘ldi. Ular orasida bitiruvchi mutaxassislarni ish bilan ta’minlash masalasiga ham to‘xtalingan edi.
Ishonamizki, saylovoldi debatlar natijasi o‘laroq siyosiy partiyalarning kelajak dasturlariga o‘zgartirishlar kiritildi, endi esa qonunlar, davlat dasturlari, ularni bajarish uchun turli xil rasmiy qonunosti hujjatlari ishlab chiqiladi.
Barcha sohalar kabi oliy ta’lim sohasi ham qisman bozor iqtisodiyotiga o‘tdi va budjet sarfini kamaytirish maqsadida qabulning asosiy qismi to‘lov-kontrakt asosida shakllantirilmoqda. Kelajakda OTMlar o‘z xarajatlarini o‘zi qoplashlari lozimligi to‘g‘risidagi takliflar ham yetarlicha bo‘ldi va tajriba-sinov sifatida qo‘llanila boshlandi.
Bu albatta to‘g‘ri. Har qanday tashkilot birinchi navbatda iqtisodiy samara bilan ishlashi lozim, lekin ta’lim tizimi muassasalari mamlakat kelajagini yaratuvchi kadrlarni tayyorlashdek strategik masalalarni hal qilishda budjet ko‘magisiz ishlashi qiyin. Ayniqsa, iqtidorli talabalar bilan ishlash, innovatsion izlanishlar olib borish, o‘qituvchilar malakasini doimiy oshirib borishni ta’minlashda, kadrlar zaxirasi kam bo‘lgan olis tumanlarda qurilayotgan korxona va tashkilotlarni mutaxassislar bilan ta’minlashda qiyinchiliklar uchramoqda.
Prezidentimizning Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasida keyingi o‘quv yilidan davlat granti bo‘yicha qabul ko‘rsatkichlari 25 foizga oshirilishi e’lon qilindi. Bu — biz uchun, xalqimiz uchun katta xushxabar bo‘ldi. Davlatimiz rahbari oliy ta’lim masalalari bo‘yicha juda ko‘p tashabbus bilan chiqmoqda. O‘ylaymizki, bu tashabbuslar ta’lim tizimida tub o‘zgarishlarga olib keladi.
Mustaqillikning dastlabki yillarida davlatlararo aloqalar qiyinlashishi, chegaralardagi harakatlar murakkablashishi natijasida sobiq ittifoq korxonalari bilan integratsiya buzilganligi tufayli ko‘plab korxonalar faoliyati to‘xtab qoldi. Kadrlarga ehtiyoj susaydi, davlatning rejalashtirish tashkilotlari tugatildi. Bitiruvchilarga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash har bir ta’lim muassasasining o‘ziga qoldi. Ularni tegishli soha vakillari bilan kelishilgan holda Iqtisodiyot vazirligiga taqdim etish amaliyotga kiritildi. Lekin talabalarning test sinovlari natijasi bo‘yicha qabuli viloyatlar kesimida rejalashtirish mexanizmini qo‘llash imkoniyatini bermadi. Shu sababli 2005-yillargacha ishga taqsimlash va yo‘llanma berish mexanizmi to‘xtab qoldi. Keyinchalik hukumat qarorlariga binoan OTMlarga taqsimot o‘tkazish, ishga yo‘llanma berish va ish joylari monitoringini o‘tkazish vazifasi yuklandi. Bunday ulkan vazifani bajarishda aholi bandligini ta’minlashga bevosita mas’ul bo‘lgan vazirlik va mahalliy hokimliklarni jalb etish lozim edi. Oliy o‘quv yurtlariga ishga joylashish monitoringi, ya’ni tahlili emas, barcha bitiruvchilarni ish bilan ta’minlashdek mas’uliyat yuklandi. Bitta vazirlikka yoki sohaga qarashli bo‘lgan OTMlar uchun buning imkoniyati bo‘ldi, lekin kadrlari turli sohalarda ishlovchi OTMlar uchun bu katta yuklamaga aylandi. Har yili viloyatlarga borib, bitiruvchilarning har biriga dalolatnoma tuzish, turli korxona va tashkilotlar, ayniqsa, xususiy korxonalar rahbarlari bilan muloqotlar qiyinchilik bilan kechdi. Oliy o‘quv yurtlari jamoalari faoliyatini baholash ham bitiruvchilarning ishga joylashganligi foizi bilan belgilandi va bu jarayon hozir ham davom etmoqda.
Qabul jarayonlarida hududiy tashkilotlarning ehtiyoji e’tiborga olinmasligi ayrim hududlarda kadrlar tanqisligiga olib keldi. Joylarda hokimliklar, bandlik markazlarining bitiruvchilar bilan ishlash mexanizmi ishlab chiqilmadi. Ayrim mahalliy rahbarlar, monitoring maqsadida ketma-ket kelayotgan OTMlar vakillariga to‘laqonli amaliy yordam ko‘rsata olmayapti.
Ayrim hollarda bir viloyatga bir paytda (ko‘proq qishki ta’til kunlari) poytaxtning 3-4 OTM o‘qituvchilari shu masala bo‘yicha kelishadi. Har biri o‘z bitiruvchisini izlab viloyat tashkilotlarida, bir necha yoki barcha tumanlarda bo‘lishiga to‘g‘ri keladi. Bunday “sayohat”ga hamda hujjatlarni rasmiylashtirib, barchaga imzolatib, muhrlashga esa ulgurish deyarli mumkin emas. Natijada topshiriq “sayoz” va bitiruvchilar uchun “nafsiz” bajariladi.
Yuqoridgi vaziyatlar bo‘yicha taklif bildiraman.
Misol uchun, meni (aniqrog‘i, men ishlayotgan OTMni) respublikaning istalgan tumaniga doimiy biriktirishsa va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan shu tumanda doimiy yashovchi barcha oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari ro‘yxati, manzili, telefoni, shartnoma tuzgan (agar tuzilgan bo‘lsa) tashkilot nomi berilsa, shu tumanga 5–7 kunga safarga borib, barcha korxonalar rahbarlari bilan muloqot qilib, bitiruvchilar (oldingi yilgi) bilan uchrashtirib, dalolatnomalar to‘ldirib, ishni foydali ravishda hal qilish mumkin.
Agarda shu tumanga doimiy ravishda biriktirilib, aloqada bo‘linsa, nur ustiga nur. Keyinchalik masalalarni masofadan ham hal etish mumkin bo‘ladi.
Mehnat va bandlikka ko‘maklishish vazirligining tumandagi markazi bilan ham doimiy aloqada bo‘lib, oldindan bitiruvchilar ro‘yxatini taqdim etib, shartnoma tuzish jarayonini yanada yengillashtirish, korrupsiya holatlarining oldini olish ham mumkin.
Bundan tashqari, har o‘quv yilida bir marta poytaxtda o‘qiyotgan muayyan tuman talabalarining OTMda tuman hokimi, bandlik markazi, yirik ish beruvchilar vakillari bilan uchrashuvuyushtirish ham mumkin.
OTMlarda marketing xizmati tarkibida amaliyot bo‘limlari tashkil qilinib, amaliyotni so‘nggi kursdan oldin bo‘lajak ish joylariga rejalashtirish ham maqsadga muvofiq. Uch tomonlama shartnomalar tuzish, uning huquqiy asoslarini chuqur tahlil qilish, sohalarda kadrlarga ehtiyojni aniqlash, mutaxassisliklar klassifikatorini yanada takomillashtirish lozim. Klassifikatorga bir necha sohalarda xizmat qilishi mumkin bo‘lgan yangi yo‘nalishlarni kiritish ham foydadan xoli emas. Masalan, turli soha iqtisodchilari, agroklasterlar uchun universal kadrlar, yonilg‘i-moylash materiallari muhandislari, AYQSH operatorlari va shunga o‘xshash yo‘nalishlarda oliy ma’lumotli kadrlarni yangi dasturlar asosida tayyorlash muhimdir.
Shu munosabat bilan ushbu maqola orqali Innovatsiya vazirligi vatanimiz kelajagi bo‘lmish yoshlarni kasbga yo‘naltirish, ularni mamlakat ehtiyoji uchun zarur kadrlar etib voyaga yetkazish, ish joylariga biriktirish muammolarini hal etish yo‘llarini tahlil qilish va kompleks yechim topishga bag‘ishlangan izlanishlar uchun davlat grantlari ajratishi lozim deb bilamiz. Bunda ham moliyaviy, ham vaqt bo‘yicha sarflar sezilarli kamayadi, tavsiyalar yechimi batafsil va samarali bajariladi, bitiruvchilarning ishga joylashishi tezlashadi deb ishonishga asoslar yetarli.
Bu ishlarning barchasi pirovard natijada yoshlarimizning ish bilan ta’minlanish ko‘rsatkichi oshishiga, bizning esa xalqimiz oldida burchimizni vijdonan bajarishimizga yana bir turtki bo‘lardi.
Abutolib SOBIRJONOV, Toshkent davlat transport universiteti dotsenti, texnika fanlari nomzodi