Mahmudxo‘ja Behbudiy ma’rifati
Mahmudxo‘ja Behbudiy xalqimiz tarixining murakkab davrida ma’rifat mash’alasini baland ko‘tarib chiqqan alloma va jamoat arboblaridan biri. Bugun yurtimizda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Ilmiy xizmatlar Markazi bilan hamkorlikda Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 146 yilligi munosabati bilan “Mahmudxo‘ja Behbudiy va jadid matbuoti” mavzuida xalqaro miqyosdagi onlayn ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. Bu konferensiya orqali O‘zbekistonda mass media sohasida izlanayotgan yosh olim va tadqiqotchilar milliy matbuotning yetakchi namoyondalaridan biri bo‘lgan Mahmudxo‘ja Behbudiyning merosini o‘rganishda mahalliy va xorijiy olimlar o‘rtasida ilmiy aloqalarni o‘rnatish, yosh olimlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsad qilindi.
Konferensiyani O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja ochib berdi va quyidagilarni so‘zladi: “Biz “Behbudiy” ko‘chasida turardik. Lekin Behbudiyni kimligi-yu, qilgan ishlarini bilmas edik. Mustaqilligimizga mana 30 yil bo‘libdiki, Behbudiy shaxsiyatini yaxshi taniyapmiz. Xattoki, Behbudiyga bag‘ishlab kino ham yaratilgani, albatta bizni xursand qiladi. Aynan 27-iyun “Ommaviy axborot va kommunikatsiyalar kuni”, deb belgilanishining asosiy sababi ham birinchi gazeta chiqqan sana bilan bog‘liqligini biz unutmasligimiz kerak”, deydi.
Konferensiyada Yevropa, Rossiya va Yevroosiyo ta’lim markazi direktori o‘rinbosari, AQSH Michigan davlat universiteti, Rossiya Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti qoshidagi Rossiya Davlat Huquqshunoslik universiteti, Turkiyaning Ege Universiteti, Bobojon G‘afurov nomidagi Xo‘jand Davlat universiteti hamda Ozarbayjon Milliy ilmlar Akademiyasi, Nizomiy Ganjaviy nomidagi adabiyot instituti olimlari ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.
Turkiyaning Ege Universiteti olimasi o‘zbek tilida qiynalib bo‘lsa ham Behbudiyning “Oyna” jurnali haqida nutq so‘zladi. Shundan so‘ng, Sherzodxon Qudratxo‘ja o‘rta turk tilini yaratish kerakligini, shunda bir qancha afzalliklarga erishishimizni aytib o‘tdi.
Shuningdek, mamlakatimizda jadid matbuoti bo‘yicha tadqiqot olib borgan taniqli olimlardan Naim Karimov “Behbudiy va Gaspirinskiy”, Bahodir Karimov “Mahmudxo‘ja Behbudiy ma’rifati”, Tursunali Qo‘ziyev “Jadidchilik harakati namoyondalarining siymolarini yaratilishi”, Muxtor Xudoyqulov “Mahmudxo‘ja Behbudiy ijodida zamon va mezon” mavzularida ma’ruzalar o‘qishdi. Bundan tashqari, Zaynobiddin Abdurashidov, Halim Saidov, Akbar Nurmatov, Sayyora Halimovalarning ma’ruzalari ham ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi.
Dilafruz ABDIRAJABOVA