Talaba qachongacha sarson bo‘ladi?!
Kechagina qishloq ko‘chasini changitib yurgan g‘o‘r bolakay edim. Bugun esa talabaman. Yangi yilni ham boshlab oldik. Yangi yil — yangi marralar, orzular...
2021-yil — “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb e’lon qilindi. Endi yoshlarga har tomonlama yaxshi bo‘lsa kerak. Barchaga birdek imkoniyatlar yaratilar. Yoshlar bilan ishlaydigan tashkilotimiz ham biror tayinliroq ish qilar. Chekka qishloqlardagi tengdoshlar sharoitini o‘rganib yordam berishar, balkim chiroq-gaz degan muammolar ham bartaraf etilar. Chekka qishloqning qorong‘u sovuq sinfxonasida dildirab ma’naviyat, buyuk kelajak haqida dars tinglayotgan qorako‘zlar ham maxsus qurilgan, barcha imkoniyatlar yaratilgan, faqatgina o‘qish talab etiladigan maktablar o‘quvchilari bilan teng imkoniyatlarga ega bo‘lishar...
Orzularim cheksiz...
Mana, oliy ta’lim muassasalari ham an’anaviy ta’limga o‘tdi. O‘qish boshlanganidan xursandmiz, ammo ba’zi bir jihatlari odamni ko‘p o‘ylantiradi. Toshkentda o‘qiydigan viloyatlik talabalarni olsak, ular ayni damda qayerga boradi, qayerdan joy izlaydi? Issiq kiyim, ovqat, yashash joyi degan masalalar turibdi.
Ular nega qiynaladi? Talabalar yotoqxonasida yashab, “oltin davr” gashtini surib yuraveradi dersiz. Keling, shu joyda OTMlar talabalarning qancha qismini turar joy bilan qamrab olishi mumkinligi haqida to‘xtalsak. Ijtimoiy tarmoqlardan ba’zi birlari haqida qisman ma’lumot oldim. O‘zbekiston Milliy universitetida 22 500 atrofida talaba tahsil oladi. O‘zMU talabalar turarjoyi 9 ta binodan iborat bo‘lib, 2 917 o‘ringa mo‘ljallangan. O‘zbekiston davlat konservatoriyasiga qarashli talabalar turarjoyi 224 talabaga mo‘ljallangan. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida 1 300 ga yaqin talaba tahsil oladi. Mazkur o‘quv yurtining talabalar turarjoyi 2 ta binodan iborat bo‘lib, 800 o‘ringa mo‘ljallangan... xullas, barcha o‘quv muassasalarida ahvol shu.
O‘tgan yili bir do‘stim ijara uy topolmay rosa sarson bo‘ldi. O‘qiydigan ta’lim muassasasining yotoqxonasi borligi haqida aytsak, u yerga joylashish o‘qishga kirishdan-da qiyinligi haqida aytardi... Talaba qizlar nima qiladi? Bu ham bir jiddiy masala. Toshkentda ijara uyi topish muammo, uy topilgani bilan, narxi oddiy talabaning qon bosimini oshirishi tayin. O‘rtacha 200 dollar har oy uyga, maklerga rosa iltimos qilib, kamida 100 dollar berasan. Sal baxti kulganlar 150 dollarga ham topishi mumkin. Hozir shu narxda ijara uy bormikan? Avvallari uy egalari ishonib qo‘yishardi, hozir bilmadim. Ular ham qo‘rqishsa kerak. Chunki tojdor virus hammani qo‘rqitib qo‘ydi. Puldan ko‘ra, jon sog‘ligi muhim hammaga.
Toshkentda tahsil olayotgan barcha talabani turarjoy muammosi qiynaydi. Ularni to‘liq yotoqxona bilan ta’minlash vaqti kelmadimikan? Hamma yotoqxonada yashasa, albatta, ta’lim sifati ko‘tariladi. Chunki talaba bilmaganini tengdoshidan so‘rab bilib oladi. Sog‘ligi, xavfsizligi ta’minlanadi. Talaba ijara uyda qanday odamlar bilan turishi noma’lum. Talabalar yashash manzillari qursak, bu bir yil yo ikki yil uchun emas, umrbod-ku. Qurilgan bino yillar o‘tsa-da xizmat qilaveradi-ku! Tengdoshlarimizning ijarada yurishlariga jim qarab bo‘lmaydi. Ular ham xotirjam yashashsin.
Zikrilla MAMATOV, O‘zJOKU talabasi