Oliy ta’lim tizimi jiddiy islohotga muhtoj
Yaqinda Kun.uz nashrida taniqli tilshunos olim, professor Baxtiyor Mengliyevning oliy ta’lim tizimi faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha bugungi kunda dolzarb bo‘lgan takliflarini o‘qib, ko‘pdan buyon meni ham qiynab kelayotgan muammolar haqida yana bir karra mulohaza yuritdim.
Oxirgi ikki yil davomida oliy ta’lim tizimini takomillashtirish va rivojlantirish bo‘yicha hukumatimiz tomonidan bir qator chora-tadbirlar ko‘rildi. Jumladan, Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 2019-yil 8-oktabrdagi farmonida mazkur sohani rivojlantirishga qaratilgan Konsepsiya tasdiqlanib, tatbiq etishga topshirildi. Unda oliy ta’lim tizimining istiqbollari va navbatdagi vazifalari belgilab berilgan. Mana, oradan shuncha vaqt o‘tdi. Natijalar qanday? Afsuski, hali bu haqda faxrlanib gapirishga erta.
Professor Baxtiyor Mengliyevning “OTM professor-o‘qituvchilariga erkinlik berish kerak”, degan taklifini to‘la qo‘llab-quvvatlayman. OTM professor-o‘qituvchisi – davlat va jamiyat boyligi. U – ijodkor va ixtirochi inson. Dars jadvaliga qo‘yilgan mashg‘ulotlaridan tashqari u televideniye va radio orqali yoki turli tashkilotlar va joylarda ham o‘z bilim va tafakkurini jamiyatimizning keng auditoriyasiga yetkazishi, jamiyat ma’naviy hayotida faol ishtirok etishi zarur. Ertalabdan kechgacha kafedrani bozorga o‘xshagan g‘ala-g‘ovur maskanga aylantirishdan ne naf? Yoxud 10–15 nafar professor-o‘qituvchiga (kafedra mudiri bilan birga) bitta xona ajratish to‘g‘rimi? Havo sal isib ketsa, xonada nafas olib bo‘lmaydi. Bu salomatlikka ham, ish samaradorligiga ham katta salbiy ta’sir yetkazadi. Buning ustiga, shuncha professor-o‘qituvchiga bor-yo‘g‘i 2 ta yoki 4 ta kompyuter va bitta printer dastgohi biriktirilgan bo‘lsa. Agar universitet rahbariyati mas’uliyatli, o‘z ustida ishlaydigan olim-pedagogga kerakli asbob-uskunalar bilan jihozlangan alohida xona ajratib bersa, u ertalabdan kechgacha ham ishlashi mumkin. Natijada professor-o‘qituvchining darsdan bo‘shagan vaqtini tejash va undan unumli foydalanish imkoniyati tug‘iladi.
“OTMlarda barcha rahbarlik lavozimlariga tayinlovning erkin saylov tizimini joriy qilish kerak”, degan taklif ham bugungi davr talablariga mos keladi. Demokratik jamiyat qurmoqchi ekanmiz, OTM jamoasining o‘z rahbarlarini saylash huquqiga ega bo‘lishi mantiqan to‘g‘ri bo‘lardi. Qolaversa, kafedra a’zolari kafedra mudirligiga kim ko‘proq munosibligini rektordan ko‘ra yaxshiroq biladi.
Shu bilan birga, oliy ta’lim tizimi bilan bog‘liq ba’zi takliflarni ilgari surmoqchiman:
1. OTM professor-o‘qituvchisi oldin faqat qog‘oz to‘ldirar edi, hozir esa barcha materiallarning ham elektron varianti, ham qog‘oz variantini tayyorlashga majbur bo‘lmoqda. Oxirgi ikki yilda jadvalbozlik ham ko‘payib ketdi. O‘qituvchi – o‘qitadigan shaxs, ilm beradigan olim, ammo sehrgar emaski, barcha materiallarning ham qog‘oz varianti, ham elektron variantini tayyorlasa, ham ma’ruza o‘qisa, ham maqola va o‘quv qo‘llanmalarini yozishga ulgursa, ham kafedra va dekanat yig‘ilishlarida qatnashsa, ham ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda faol ishtirok etsa va hokazo. Bu holatni optimal darajada muvofiqlashtirish lozim. Buning iloji bo‘lmagan taqdirda, o‘qituvchining oylik ish haqini kamida
3 barobar oshirish kerak. Ana shunda adolatdan bo‘ladi.
2. Ming afsuski, O‘zbekiston OTMlaridan birontasi haligacha xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Nigher Education yoki Academic Ranking of World Universities) reytingining birinchi 1000 ta o‘rindagi oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga kirgani yo‘q. Nega? Buning asosiy sabablaridan biri – tadqiqotchi-olimlarni rag‘batlantirish tizimi yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagan. Tasavvur qiling – 4,5 mln so‘m ish haqi oladigan bir dotsent agar 4 ta Scopus, Web of Science yoki boshqa umume’tirof etilgan, indeksatsiyalangan ma’lumotlar bazalari jurnallarida 4 ta maqola e’lon qilmoqchi bo‘lsa, bemalol 4000 dollar mablag‘ xarajat qiladi. Yoki yiliga o‘rta hajmli bitta monografiyasini o‘z hisobidan nashr ettirsa, bundan ham oshadi. Bir kuni bir talabam menga qarab “Ustoz, bir umr ilm bilan shug‘ullanib, nima foyda ko‘rdingiz? Ish haqi kam bo‘lsa, hech qanday rag‘batlantirish bo‘lmasa, nima keragi bor shu ish bilan shug‘ullanishning? Men ham ustoz bo‘lishni orzu qilganman, lekin endi xohlamayman. Ilm bilan shug‘ullanaman, agar biron chet el universitetiga borib o‘qiy olsam. Iloji bo‘lsa, o‘sha yerda qolib ketardim”, dedi. Vatanga muhabbat, kasbga muhabbat haqida gapirdim, ammo... Mayli, chet el haqida gapirmay qo‘ya qolaylik, marhamat, o‘zimizda kasb-hunar kolleji diplomi bilan o‘rtamiyona bir firmada kamida o‘n million so‘m ish haqi olayotgan yosh yigit-qizlar va fan doktori, professorlik unvoni bilan oyligi o‘n million so‘mga yetmaydigan ustozni ko‘z oldingizga keltiring. Bu voqelikni inkor etib bo‘ladimi?
3. Olimlar birinchi navbatda muayyan bir OTMning boyligi. Shunday ekan, falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajalarini olish uchun tayyorlagan dissertatsiyalarini o‘z muddatida himoya qilgan tadqiqotchilarni hech bo‘lmaganda bir oylik ish haqi miqdorida rag‘batlantirish lozim. Hech kimga sir emas, bitta dissertatsiyani himoya minbarigacha olib chiqish jarayonida tadqiqotchi bir necha yillik mehnatlaridan tashqari anchagina texnik xarajatlar ham qiladi. Bularni hech bo‘lmaganda qisman qoplash, tabiiyki, himoya jarayonini tezlashtirishga yordam beradi.
4. Oxirgi ikki yilda ustama haqi joriy etildi. Bu – OTM professor-o‘qituvchilarini rag‘batlantirish borasidagi dadil qadam. Ammo endi ikkinchi qadamni ham qo‘yish kerak – ustama haqini falsafa doktori (PhD) uchun 50% ga, fan doktori (DSc) uchun 100% ga yetkazish lozim. Bundan tashqari, ustama belgilashda professor-o‘qituvchining nashr etgan monografiya, darslik va o‘quv qo‘llanmalari, shuningdek, ilmiy anjumanlardagi chiqishlari va matbuotda e’lon qilingan ilmiy-ommabop maqolalari ham inobatga olinishi zarur. Ustama haqi uchun oxirgi bir yilni emas, balki oxirgi ikki yillik faoliyatni hisobga olish maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Yana bir narsani esda tutish lozim: kelasi o‘quv yilidan boshlab O‘zbekistonda ham xususiy OTM va xorijiy OTMlarning filiallari soni keskin ko‘payadi. Bu, birinchidan, iqtidorli yoshlarimizning chet ellarga chiqib ketishi jarayonini pasaytiradi, ikkinchidan, davlat, xususiy va xorijiy OTMlar filiallari o‘rtasidagi raqobatni kuchaytiradi. O‘shanda, tabiiyki, eng yaxshi mutaxassislar shart-sharoiti munosib va mehnat haqi yuqori bo‘lgan muassasalarda ishlashni xohlaydi. Shunday ekan, bu masalani ortga surib bo‘lmaydi, keyin kech bo‘lishi mumkin.
5. Qachongacha yashiramiz: qobiliyatli yoshlarimiz va hatto shogirdlarimiz chet elda o‘qish va chet elda ilmiy daraja olishni orzu qilishadi. Birinchi imkoniyat tug‘ilishi bilan buni amalga oshirishadi. Ta’lim olib yoki ilmiy daraja olib yana qaytib kelishsa-ku, yaxshi, ammo ularning aksariyati xorijda qolib ketishni niyat qilishgan. Nega? Chunki ularning ko‘pchiligini bizdagi qog‘ozbozlik, yaxshi ishlarga kirishdagi tanish-bilishchilik, korrupsiya, va nihoyat, ish haqining moddiy talab-ehtiyojlarni qondirolmasligi tashvishga solyapti.
6. Turli viloyatlardan kelib tahsil oladigan talabalarning aksariyati turarjoy bilan ta’minlanmagan. Shu bois talaba, birinchidan, ijara haqini to‘lashga majbur bo‘lib, shartnoma to‘lovini to‘lashga qiynalib qoladi, ikkinchidan, ijarama-ijara yurib, qimmatli vaqtini boy beradi, uchinchidan, nazoratsiz qoladi. Bu, tabiiyki, ayrim yoshlarning yomon yo‘llarga kirib qolishlariga sabab bo‘ladi. Shunday ekan, har bir OTM uchun alohida “Talabalar shaharchasi” qurish va uzoqdan kelgan talabalarni turarjoy bilan ta’minlash maqsadga muvofiq bo‘lardi.
7. O‘zbekiston OTMlari professor-o‘qituvchilarini Oliy Majlis Senati a’zosi, Termiz davlat universiteti sobiq rektori, tashabbuskor, adolatli va jasoratli rahbar Abduqodir Toshqulovning Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri etib tayinlangani munosabati bilan chin dildan tabriklagan holda muhtaram vazirimizning rektorlik lavozimida ishlab yurgan paytida oliy ta’limda diniy bilimlarni o‘qitish zarurati haqida bildirgan g‘oyatda qimmatli fikrlarini qo‘llab-quvvatlayman. Bu borada shuni qo‘shimcha qilmoqchiman: O‘zbekiston aholisining qariyb 95 foizi musulmonlar. Xohlaymizmi, yo‘qmi, turmush va tafakkur tarzimiz islom dini g‘oyalari va qadriyatlari asosida shakllangan. Qolaversa, diniy ma’rifatga ega bo‘lmagan kishida ma’naviy bo‘shliq paydo bo‘ladi, bundan foydalangan har qanday da’vat va targ‘ibot unda tezda o‘rnashib oladi. Shunday ekan, oliy ta’lim tizimining barcha yo‘nalishlarida yil sayin qisqarib borayotgan “Dinshunoslik” fanini (hozir “Dinshunoslik” fani yo‘qotilib, “Falsafa” fani tarkibiga kiritilgan, unga bor-yo‘g‘i 14 soat ajratilgan) qayta mustaqil fan sifatida tiklab, uni o‘qitish uchun hech bo‘lmaganda 40 soat (20 soat ma’ruza va 20 soat amaliy mashg‘ulot) ajratish lozim. Ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishlarda esa “Tasavvuf adabiyoti”, “Tasavvuf tarixi va falsafasi” kabi fanlarni o‘qitishni joriy etish maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Negaki, islom tafakkuri bag‘rida unib-o‘sgan ushbu ta’limotning hayotbaxsh va insonparvarlik g‘oyalari, Hakim at-Termiziy, Shayx Najmiddin Kubro, Xoja Abdulqodir G‘ijduvoniy, Xoja Ahmad Yassaviy, Xoja Bahouddin Naqshband, Xoja Ahror Valiy va So‘fi Olloyor kabi ulug‘ mutafakkirlarning tafakkuridan yog‘ilgan yog‘dular bugungi va kelajak avlodlarni tarbiyalash uchun nihoyatda zarurligini hayotning o‘zi, bugungi globallashuv davri ko‘rsatib turibdi.
8. Prezidentimiz joriy yilning 19-yanvar kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini takomillashtirish bo‘yicha konseptual masalalarni o‘rtaga tashladi. OTMda ma’naviy-ma’rifiy ishlar oqsar ekan, har tomonlama barkamol, vatanparvar, ma’rifatli va milliy g‘ururi baland avlodni tarbiyalab bo‘lmaydi. Bunday kishilarni tarbiyalash uchun birinchi navbatda gumanitar fanlarni o‘qitishni takomillashtirish kerak. Tub islohotlar jarayonida falsafa, dinshunoslik, etika va estetika, sotsiologiya, psixologiya, iqtisodiyot nazariyasi, ma’naviyat asoslari va siyosatshunoslik fanlari katta ahamiyatga ega. Hozirgi paytda OTMlarda o‘qitilayotgan “Falsafa” fani tarkibiga “Etika”, “Estetika”, “Mantiq” va hatto “Dinshunoslik” fanlari kiritilib, “har sohadan bir shingil” bo‘lib qolgan. “Falsafa”dan faqat nom qolgan, xolos. Holbuki, bu fanlar Arastu davridayoq bir-biridan farqlangan, o‘rta asrlarda Ibn Sino tomonidan tasniflangan. Vaholanki, Sharq falsafasi jahon falsafasi tarixida muhim o‘rin tutadi. Markaziy Osiyo nega o‘rta asrlarda ikkita renessansni ko‘rdi? Buning sabablaridan birini falsafiy tafakkurning rivojidan izlash lozim. Zotan, har qanday renessans barcha fanlar qatori falsafaga ham suyanadi, undan kuch oladi. Qolaversa, oliy ma’lumotli har qanday mutaxassis kimligidan qat’i nazar, falsafiy fikrlashni, mantiqiy so‘zlashni biladigan, o‘z tarixini o‘zlashtirgan, siyosiy jarayonlarga to‘g‘ri, asosli baho beradigan shaxs bo‘lishi kerak. Shunday ekan, OTMlarda “Falsafa”, “Dinshunoslik”, “Etika”, “Estetika”, “Mantiq” fanlarining har biri alohida, mustaqil fan sifatida o‘qitilishi kerak.
9. Hayot jadallashib bormoqda. Davr tezkorlikni, vaqtni tejashni, bir vaqtning o‘zida bir necha ishni bajarish va barcha narsaga ulgurishni taqozo etmoqda. Ana shunday vaziyatda, tabiiyki, ba’zi yoshlarimizda bir emas, balki ikki va hatto uchta kasb yoki mutaxassislikka ega bo‘lish ishtiyoqi kuchaymoqda. Shunday ekan, ilmga chanqoq bo‘lgan, bir necha mutaxassislikni egallashni xohlaydigan yoshlarimizga bir vaqtning o‘zida ikkita mutaxassislik bo‘yicha ta’lim olish imkoniyatini yaratib berish lozim.
Globallashuv jarayoni, hayotning o‘zi oldimizga yangi-yangi talab va shartlarni qo‘ymoqda. Davr bilan hamqadam bo‘lishni, taraqqiyotni istar ekanmiz, oliy ta’lim tizimini tubdan isloh qilish zarurati tug‘ilganini va bu borada oldimizda turgan muammolarni bartaraf etishga barchamiz mas’ul ekanligimizni chuqur idrok qilishimiz lozim.
Ja’far XOLMO‘MINOV, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti “Manbashunoslik va tasavvuf germenevtikasi” kafedrasi dotsenti, falsafa fanlari doktori (DSc)