“Bizda malaka oshirish istagini bildirganlar yo‘q” mazmunidagi xatlar Markazga rus tilida kelmoqda
Davlatimiz rahbarining 2019-yil 21-oktabrda imzolagan “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni tarixiy hodisa bo‘ldi desak, yanglishmagan bo‘lamiz. Chunki mazkur Farmon asosida uzoq yillar yig‘ilib qolgan muammolar yechimini topyapti, har yili oktabr oyida mutaxassislar tomonidan kuyunchaklik bilan aytilib, so‘ngra qog‘ozlarda qolib ketgan takliflar, tavsiyalarning hukumat darajasida e’tiborga olinishi o‘chib borayotgan umid uchqunlarini yana yondirdi. O‘tgan ikki yil mobaynida ona tilimizga oid 2 ta Prezident farmoni, Vazirlar Mahkamasining 10 dan ortiq qarori e’lon qilindi. Prezidentimiz tomonidan o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi mavqeyini oshirish bo‘yicha qator vazifalarning qo‘yilishi tilimizga bo‘lgan hurmatning yuksak namunasidir.
Davlat rahbari o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 30 yilligiga bag‘ishlangan tantanada so‘zlagan nutqida o‘tgan yillar mobaynida yig‘ilib qolgan muammolar haqida to‘xtalib, ularni hal qilish bo‘yicha qator vazifalarni qo‘ydi, mazkur vazifalar 5850- (2019.21.10.) Farmonda o‘z ifodasini topdi.
Farmonda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 3-martdagi 117-qarori bilan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzurida Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi hamda 13 ta viloyatda uning hududiy bo‘linmalari tashkil etildi. Mana, ko‘z ochib yumguncha bir yil vaqt o‘tibdi. Qisqa muddat bo‘lsa ham, ortga nazar tashlashga, qilingan ishlarni sarhisob qilishga, kelajak rejalar xususida so‘z yuritishga harakat qildik.
117-qaror asosida Markazga quyidagi vazifalar yuklatildi:
– o‘zbek adabiy tili me’yorlari va davlat tilida ish yuritish yo‘nalishida malaka oshirish va o‘qitish bo‘yicha doimiy faoliyat ko‘rsatadigan malaka oshirish va o‘quv kurslarini tashkil etish;
– davlat xizmatchilarining o‘zbek adabiy tili me’yorlari, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi va imlosi, davlat tilida ish yuritish asoslari, rasmiy hujjatlar va ularni yozish bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlari, ko‘nikma va mahoratlarini uzluksiz yangilab borish mexanizmlarini joriy etish;
– aholining yozma hamda og‘zaki savodxonligini oshirish, o‘zbek adabiy tili me’yorlari, o‘zbek tili qurilishi bo‘yicha amaliy bilimlari, ko‘nikma va mahoratlarini uzluksiz yangilab borish mexanizmlarini joriy etish;
– davlat xizmatchilari hamda aholini o‘zbek adabiy tili me’yorlari va davlat tilida ish yuritish bo‘yicha o‘qitish va ularning malakasini oshirishni yo‘lga qo‘yish hamda zamonaviy o‘quv-metodik, axborot-ma’lumotlar bazasini yaratish;
– o‘zbek adabiy tili me’yorlari va davlat tilida ish yuritish bo‘yicha ta’lim dasturlarining uzluksizligi va izchilligini ta’minlashni inobatga olgan holda davlat xizmatchilari va aholini o‘qitish va malakasini oshirishning o‘quv dasturlarini ishlab chiqish;
– davlat xizmatchilari va aholining nutq madaniyati va notiqlik mahoratini oshirish.
Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida markazda 2 xil o‘quv kurslari tashkil qilindi:
1. Davlat tashkilotlari xodimlari uchun.
2. Keng aholi qatlami uchun.
O‘quv kurslari davlat tashkilotlari xodimlari uchun pullik-shartnoma asosida, aholi uchun bepul tashkil qilinishi belgilab qo‘yilgan.
2020-yilda pandemiya sabab markaz va uning hududiy bo‘linmalarida o‘quv mashg‘ulotlari sentabr oyidan boshlandi. Shu davr mobaynida 102 ta guruh tashkil etilib, 2126 nafar tinglovchi o‘qitildi va ularga sertifikatlar topshirildi. Viloyatlar kesimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi 176, Andijon 94, Buxoro 103, Sirdaryo 176, Jizzax 107, Navoiy 152, Namangan 103, Samarqand 137, Surxondaryo 161, Qashqadaryo 100, Xorazm 84, Farg‘ona 141, Toshkent shahri bo‘yicha 592 nafarni tashkil etadi.
Til ravnaqi millat kelajagi ekanligini tushunib yetgan aksar rahbarlar bu masalaga alohida e’tibor bilan qarayotgani quvonarli hol, albatta. Ba’zi rahbarlar tashkilotining o‘zida guruh shakllantirib, ko‘chma o‘quv kurslarini tashkil qilmoqda. Masalan, Bandlik va mehnat munosabatlari, Maktabgacha ta’lim vazirliklari, Agrobank, “O‘ZTEMIRYO‘LTA’MIR” unitar korxonalari faoliyatini alohida ta’kidlab o‘tishni xohlardik.
Aholining yozma va og‘zaki savodxonligini oshirish, o‘zbek adabiy tili me’yorlari bo‘yicha amaliy bilimlari, ko‘nikma va mahoratini tizimli asosda oshirib borish bo‘yicha markazda 1 ta guruh shakllantirilib, 28 nafar tinglovchi o‘qitildi. Hozir bu masala yuzasidan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi bilan hamkorlikda mahallalarda targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
O‘tgan yilning noyabr oyidan o‘zbek tilini o‘rganishga qiziqqan chet elliklar uchun “Qiziqarli o‘zbek tili” kurslari tashkil etildi. Kurslar xorijlik o‘zbek tilini o‘rganuvchilar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, AQSH, Turkiya, Fransiya, Italiya, Janubiy Afrika Respublikasi, Koreya, Yaponiya, Rossiya, Turkmaniston kabi davlatlardan o‘zbek tilini o‘rganish istagidagi tinglovchilar auditoriyasidan iborat. Pandemiya sababli darslar masofaviy shaklda “O‘zbekona” darsligi va dasturi asosida olib borildi va 3 oy davom etgan kurslarda 70 dan ortiq tinglovchi ishtirok etdi. Jami 5 ta guruhning 3 tasi boshlang‘ich va 2 tasi o‘rta darajada bo‘lib, turkiyalik ustozlar va tadqiqotchilar uchun alohida, afg‘onistonlik talabalar va ustozlar uchun ularning talabidan kelib chiqqan holda alohida kurslar yo‘lga qo‘yildi. Har bir dars o‘qib tushunish, tinglab tushunish, yozish, gapirish va madaniyat aspektlari bo‘yicha olib borildi. Har yakshanba kungi madaniyat darslari tinglovchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Kurs oxirida xalqaro talab asosida tinglovchilardan imtihon olindi va daraja sertifikatlari taqdim etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 592-qarori (2020.28.09.) asosida fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun davlat tilini bilish darajasini aniqlash va sertifikat berish tizimi joriy qilindi. Mazkur qaror asosida “O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilishda davlat tilini bilish darajasini aniqlash tartibi to‘g‘risida Nizom” tasdiqlandi. Nizomda davlat tili bo‘yicha sinov imtihonini tashkil etish, davlat tilini bilish bo‘yicha sertifikat berish tartibi hamda davlat tilini bilishga qo‘yiladigan minimal talablar belgilab berildi. Ushbu vazifa ijrosi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markaziga yuklatildi.
Markazning tegishli buyrug‘i asosida imtihon o‘tkazish komissiyasi tuzildi, yuqoridagi talablar asosida sinov imtihoni (test, yozma, og‘zaki) uchun savol va topshiriqlar majmuyi ishlab chiqildi. Sinov imtihoni test, og‘zaki, yozma shakllarda o‘tkazilishi belgilab qo‘yilgan.
Hozirgi kungacha 930 nafar fuqaroligi yo‘q shaxslar daraja sertifikatini olish uchun Markazga murojaat qildilar. Ulardan 847 nafari imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirib, davlat namunasidagi sertifikatga ega bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-oktabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida 2021-yil 1-apreldan boshlab rahbar kadrlarning davlat tilida rasmiy ish yuritish darajasini aniqlash hamda mas’ul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar uchun davlat tilini bilish bo‘yicha daraja sertifikatlari joriy etilishi belgilab qo‘yildi. Bu esa, o‘z-o‘zidan ona tilimizning davlat tili sifatidagi nufuzi oshishiga, o‘zbek tilini o‘rganuvchilar auditoriyasining kengayishiga olib keladi. Mazkur imtihonlar Markaz dasturi asosida amalga oshirilishi, test savollarining markaz xodimlari tomonidan shakllantirilishi ham oldimizda turgan vazifalarni sifatli bajarish mas’uliyatini yanada oshiradi. Shu bilan birga, mazkur Farmonning 4-bandida “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazida o‘zbek adabiy tili me’yorlari va davlat tilida ish yuritish bo‘yicha qisqa muddatli (1-2 oygacha) o‘quv kurslari muntazam ravishda tashkil etiladi” deb belgilab qo‘yildi.
Bundan tashqari, ushbu Farmon nazorat rejasining 14-bandida teleradiokanallar suxandon-boshlovchilarini o‘zbek adabiy tilidagi nutq madaniyatini oshiruvchi qayta tayyorlov kurslarida o‘qitish tizimini joriy etish va qamrovini oshirib borish vazifasi ham Markaz zimmasiga yuklandi. Hozirgi kunda mazkur o‘quv kursining o‘quv-me’yoriy hujjatlari tayyorlandi, o‘quv kursi aprel oyidan o‘z faoliyatini boshlaydi.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-fevraldagi “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 61-qarorida ham Markazga alohida vazifalar yuklandi. Jumladan, mazkur qaror bilan tasdiqlangan Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni ta’minlash bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ning 7-bandida “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi hamda uning hududiy bo‘linmalarida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi, imlo qoidalari va davlat tilida ish yuritishni o‘rganish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish” topshirig‘i qo‘yilgan.
Markaz tashabbusi bilan 1-martdan o‘zga millat vakillari hamda o‘zbek tilini o‘rganuvchilar uchun “O‘zbek tili” kursi yo‘lga qo‘yildi. Hozir vazirlik, idoralar, tashkilotlardan tavsiya qilingan nomzodlar ro‘yxati asosida 4 ta guruh shakllantirildi.
Shu bilan birga, mamlakatda til siyosati bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan 30 dan ortiq tashkilotlarda seminar, davra suhbatlari tashkil etildi.
Markaz o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni to‘la-to‘kis, sifatli ado etishida ba’zi bir muammo, qiyinchiliklar ham yuzaga kelmoqda. Birinchidan, ayrim rahbarlarning davlatimiz rahbari tomonidan til sohasida olib borilayotgan siyosatni to‘la tushunib yetmasligi. Buning oqibatida malaka oshirish jarayoniga o‘sha tashkilotdan xodimlarning qatnashmasligi, o‘quv kursiga bepisand qarash holatlari kuzatilmoqda. Ba’zi tashkilot rahbarlari esa “bizda malaka oshirish istagini bildirganlar yo‘q” mazmunidagi xatlarni rus tilida jo‘natishini qanday izohlash mumkin?
Zero, davlatimiz rahbari o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 30 yilligiga bag‘ishlangan tantanada so‘zlagan ma’ruzasida barcha vatandoshlarimizga qarata shunday murojaat qilgan edi: “Muxtasar aytganda, har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni mustaqillikka bo‘lgan e’tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozim. Bu olijanob harakatni barchamiz o‘zimizdan, o‘z oilamiz va jamoamizdan boshlashimiz, ona tilimizga, urf-odat va qadriyatlarimizga hurmat, Vatanga mehrimizni amaliy faoliyatda namoyon etishimiz kerak”.
Hali uyg‘onmagan rahbarlarni uyg‘otish, ularda ham ona tilimizga mehr hissini shakllantirish orqaligina muammo o‘z yechimini topishi mumkin va bunga umid qilib qolamiz.
Ikkinchidan, Vazirlar Mahkamasining 117-qarori 17-bandida “Toshkent shahar hokimligi O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda Markazni Toshkent shahrida bo‘sh turgan va foydalanilmayotgan binoga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirsin” deb belgilab qo‘yilgan. Afsuski, bu masala hamon yechimini topgani yo‘q.
Uchinchidan, markaz Ustavi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan davlat muassasasi sifatida tasdiqlanib, davlat xizmatlari ro‘yxatidan o‘tkazilgan, lekin Moliya vazirligi mutaxassislari tomonidan “qarorda aniq yozilmagan” degan vaj-korsonlar oqibatida budjetdan moliyalashtirilmaydigan, o‘z mablag‘lari hisobiga faoliyat ko‘rsatadigan tashkilotga aylandik. O‘quv kurslarini tamomlagan tinglovchilar shartnoma mablag‘larining vaqtida to‘lanmasligi, ba’zi tashkilotlarning turli bahonalar bilan to‘lashdan bosh tortishi oqibatida markaz xodimlariga oylik maoshlari o‘z vaqtida to‘lanishida muammolar kelib chiqmoqda.
Kelajak rejalar.
Tilning mavqeyi va saqlanib qolinishi uchun xalqaro talab va standartlarga moslashtirish juda muhim. Ozbek tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishning kundan kunga oshib borishi o‘zbek tili bilimini xalqaro standartlar asosida baholash ehtiyojini ham keltirib chiqarmoqda. O‘zbek tili bilimini baholash tizimi va sertifikatini yaratish bugungi til siyosatining eng muhim asoslaridandir. Shuni hisobga olib, Markaz mutaxassislari milliy baholash tizimini yaratish ustida tizimli ishlarni amalga oshirmoqda.
Har bir davlat dunyo miqyosida o‘z elchixonalari yordamida tili va madaniyatini targ‘ib qilishga harakat qiladi. Buning uchun maxsus markaz, institutlar tashkil etilgan. Masalan, Janubiy Koreyaning “KOICA”, Yaponiyaning “JICA”, Xitoyning “Konfutsiy” instituti, Rossiyaning “Rossotrudnichestvo” ayni shu maqsadda tashkil qilingan bo‘lib, hozir butun dunyoga mashhur. Biz ham tilimiz, boy madaniyatimizni dunyoga targ‘ib qilmoqchi bo‘lsak, shu tajribani qo‘llashimiz kerak. Ehtimol, shunda bo‘lim Markaz qoshida tashkil qilinar, bu borada taklif tayyorlayapmiz. Nomi “O‘zbek tili va madaniyati” deyilar yoki boshqacha nom bo‘lishi mumkin. Asosiysi, uni tashkil qilish, faoliyatini boshlash, keyinchalik xorijdagi elchixonalarimiz orqali faoliyat doirasini kengaytirish.
Qo‘shni davlatlardagi o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchilarining kasbiy malakalarini oshirish, ularga uslubiy yordam ko‘rsatish ham kechiktirib bo‘lmaydigan masalalardan hisoblanadi. O‘tgan yildan boshlab qozog‘istonlik hamkasblarimizning onlayn malaka oshirish amaliyotini yo‘lga qo‘ydik. Bunday tadbirlarni boshqa qo‘shnilarimiz bilan ham amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, Markaz ona tilimiz rivoji, yuksalishi yo‘lida bor imkoniyatini ishga solgan holda faoliyat olib bormoqda. Prezidentimiz aytganidek: “Ona tilimiz – milliy ma’naviyatimizning bitmas-tuganmas bulog‘idir. Shunday ekan, unga munosib hurmat va ehtirom ko‘rsatish barchamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas insoniy burchimizdir”.
Inomjon AZIMOV, Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAU huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi direktori