Aprel oyi uchun abituriyentlarni ro‘yxatga olish boshlandi
Bu haqda Davlat test markazi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Joriy yilning aprel oyida bo‘lib o‘tadigan chet tilini bilish va egallash darajasini aniqlash bo‘yicha test sinovlari uchun ro‘yxatdan o‘tish boshlandi.
Talabgorlarni ro‘yxatga olish Davlat test markazining interaktiv xizmatlar portali my.dtm.uz sayti orqali amalga oshirilmoqda.
Ro‘yxatdan o‘tish vaqtida talabgorlar imtihon topshirish hududi sifatida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan birini tanlab, o‘zlari tanlagan hududda test sinovlarida ishtirok etishlari mumkin.
Aprel oyida o‘tkaziladigan chet tilini bilish va egallash darajasini aniqlash test sinovlari ingliz, nemis va fransuz tillaridan bo‘lib o‘tadi.
Test sinovlari yakunlari bo‘yicha eng yuqori ballning kamida 60 foizini to‘plagan shaxslar ikki yil muddatga amal qiluvchi sertifikatga ega bo‘ladi.
Tilni bilish darajasi B2 yoki undan yuqori bo‘lgan sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentlarga oliy ta’lim muassasalriga kirishda chet tili fanidan imtihonlarsiz belgilangan maksimall ball beriladi.