Dunyo universitetlari reytingiga kiramiz
Bugungi kunda mamlakatimiz rahbari tomonidan uzluksiz ta’limning barcha bo‘g‘inlari, jumladan, oliy ta’lim tizimida keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish, oliy ta’lim muassasalarining rivojlangan xorijiy oliy o‘quv yurtlari safiga qo‘shilishi va samarali faoliyat yuritishlari uchun qator vazifalar belgilab berilgan. Ayni paytda mamlakatimizning birorta oliy ta’lim muassasasining dunyo universitetlari top-1000 taligida yo‘qligining o‘ziyoq bunday islohotlarga zarurat nechog‘li kattaligidan darak beradi.
Mamlakatimizning yetakchi oliy ta’lim muassasalari qatori Qarshi davlat universiteti jamoasi ham o‘z oldiga yuqoridagi maqsadga erishish uchun zarur vazifalarni belgilab olgan. Ma’lumki, dunyo universitetlari reytingi asosan QS va THE kompaniyalari tomonidan olib boriladi. Dunyo universitetlari reytingini hisoblashda bir o‘qituvchiga to‘g‘ri keladigan talabalar soni, ilmiy salohiyat, nashr ishlari, xorijiy hamkor OTMlar hamda ish beruvchilarning reputatsiyasi, shuningdek, xorijiy va mahalliy grantlar, xo‘jalik shartnomalari, ilmiy ishlanmalarni sotishdan olinadigan har bir o‘qituvchi hisobiga to‘g‘ri keladigan mablag‘ miqdori e’tiborga olinadi.
Qarshi davlat universiteti talabalar va professor o‘qituvchilar kontingenti, ilmiy salohiyati bo‘yicha janubiy viloyatlar OTMlari ichida o‘z o‘rniga ega bo‘lsa-da, 2020-yilda Milliy reytingda 41-o‘rinni band etgan. Dunyo universitetlari reytingi(QS, THE)da esa hali umuman ko‘rinmayapti.
2021-yil boshidan universitet jamoasi bugungi kunda hukumatimiz tomonidan oliy ta’lim muassasalari oldiga qo‘yilgan talabni chuqur his qilgan holda universitet reytingini milliy reytingda yuqori o‘ntalikka ko‘tarish, Dunyo universitetlari reytingi(QS, THE)da esa o‘z profilini ochish va ma’lumotlar bazasini shakllantirish kabi katta maqsadlarni o‘z oldiga qo‘ydi.
Tadqiqotchilarga qulaylik yaratish maqsadida 2021-yilda ilmiy daraja beruvchi ixtisoslashgan ilmiy kengashlar sonini 4 tadan 7 taga, universitetning “QarDU xabarlari” jurnalida OAK tomonidan e’tirof etiladigan yo‘nalishlar sonini 4 tadan 8 taga yetkazish, universitetda ilmiy salohiyatni va ta’lim sifatini ko‘tarish, darslik, monografiya, o‘quv qo‘llanmalarni yaratish hamda nashr etish, Scopus, Web of Science bazasidagi jurnallarda maqolalar sonini keskin oshirish, professor o‘qituvchilar va iqtidorli talabalarning xalqaro va mahalliy grantlarda ishtirokini ko‘paytirish, xo‘jalik shartnomalari va ilmiy ishlanmalarni sotish orqali pul tushumi miqdorini bosqichma-bosqich oshirib borishga qaratilgan tarmoq jadvali ishlab chiqildi. Unda 2021-yilda moddiy-texnik bazani mustahkamlash, ta’lim sifatini, ilmiy salohiyat, nashr ishlarini, xo‘jalik shartnomalari orqali pul tushumlarini oshirish, xalqaro aloqalarni kuchaytirish, marketing xizmatini yaxshilash kabi sohalarda bajariladigan ishlar oylar kesimida rejalashtirib olindi hamda universitet kengashi qarori bilan tasdiqlandi.
Ma’lumki, xalqaro hamjamiyatdagi reytingi yuqori bo‘lgan jahon universitetlari budjetining yarmidan ko‘pini grantlar, xususan, xo‘jalik shartnomalari va pullik xizmatlardan topilgan mablag‘lar tashkil etadi. Bizda esa universitetlar budjeti asosan davlat mablag‘lari va talabalarning o‘qitish shartnomasidan tushgan mablag‘lardan shakllanadi. Zamon talablariga moslashishimiz, OTMlarning ertangi kuniga yaxshi umidlar bilan qarashimiz uchun biz ham bugundan professor o‘qituvchi faqatgina dars o‘tib qolmasdan, uni o‘z ilmiy salohiyatidan foydalanib grantlar va xo‘jalik shartnomalari orqali qo‘shimcha pul topishga jalb etishimiz lozim.
Xalqaro hamjamiyatdagi reytingi yuqori bo‘lgan jahon universitetlari bilan hamkorlikni kuchaytirish, shuningdek, mamlakatimiz oliy ta’lim tizimida ham xalqaro standartlarga mos yuqori ko‘rsatkichlarga erishish maqsadida so‘nggi yillarda har bir professor-o‘qituvchining o‘z salohiyati va imkoniyatidan kelib chiqib xo‘jalik shartnomalari asosida qo‘shimcha mablag‘ ishlab topishi uchun shart-sharoitlar yaratilmoqda. Xususan, 2020-yil dekabr oyida Qarshi davlat universiteti rahbariyati hamda viloyat hokimligi tasarrufidagi yirik korxonalar bilan 30 ga yaqin hamkorlik memorandumi imzolandi. Bundan tashqari, bugungi kunda universitet 50 dan ortiq xorijiy OTMlar bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Ushbu shartnomalar negizida oliy ta’lim muassasasi binolari va infratuzilmasidan foydalangan holda turli loyihalarni amalga oshirish asosida 2021-yil yakuniga qadar 2 mlrd so‘mdan ko‘proq mablag‘ o‘zlashtirilishi ko‘zda tutilmoqda. Bu esa dunyoning nufuzli xalqaro oliy ta’lim muassasalari pedagogik xodimlari kabi universitetimiz professor-o‘qituvchilarining ham ilmiy salohiyatini kapitalga aylantirish asosida qo‘shimcha daromad topish, qolaversa, mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari milliy reytingida yuqori pog‘onalarni egallashda muhim qadam bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
N.XOLMIRZAYEV, QarDU ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori