Yosh olimlar ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi
Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi va Innovatsion rivojlanish vazirligi hamkorligida «Hayotiy faoliyat xavfsizligini ta’minlashda innovatsion yondashuv, ilmiy ishlanmalar va zamonaviy texnologiyalar» mavzusida III respublika yosh olimlar ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi.
Anjumanda hayotiy faoliyat xavfsizligi yo‘nalishida respublikamizdagi mutasaddi vazirliklar, Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Yoshlar Akademiyasi, Yoshlar ishlari agentligi, Yosh olimlar kengashi faollari, H.Sulaymonova nomidagi sud espertiza markazi, Qurolli Kuchlar akademiyasi, Davlat Bojxona qo‘mitasi Bojxona instituti, IIV akademiyasi, Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti, Mudofaa vazirligi Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik instituti, FVV akademiyasi Fuqaro muhofazasi instituti, respublikamizning bir qator oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari va kursantlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad – hayotiy faoliyat xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish, amaliy hamkorlikda innovatsion g‘oyalar va ilmiy ishlanmalarni rivojlantirish samaradorligini oshirishga qaratilgan taklif va tavsiyalarni ishlab chiqish, oliy ta’limi muassasalarida iqtidorli va qobiliyatli yoshlarni ilmiy tadqiqot ishlariga yo‘naltirish, yoshlar o‘rtasida o‘zaro ilmiy-ijodiy hamkorlik muhitini rivojlantirish, o‘zaro fikr-mulohaza va tajriba almashishlari uchun sharoit yaratib berish, yoshlarni fan-texnika taraqqiyoti yo‘lida birlashtirish hamda yosh olimlarning ilmiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishdan iboratdir.
Tadbirda tashkilotchilar tomonidan anjumanning eng faol ishtirokchilariga «Eng yaxshi maqola», «Eng yaxshi ilmiy ishlanma», «Eng yaxshi innovatsion g‘oya» kabi nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar tegishli sertifikatlar bilan taqdirlandi.
— Bugungi anjuman davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili»da amalga oshirish bo‘yicha belgilab berilgan davlat dasturidagi yoshlar siyosatining amaldagi ifodasi bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi deydi — kapitan Mavlonbek Doschanov — Darhaqiqat, mamlakatimizning bir qator oliy ta’lim muassasalaridan boy tajriba va ilmiy salohiyatga ega bo‘lgan har bir ta’lim muassasasining iqtidorli kursantlari ilmiy ishlanmalari bilan ishtirok etishi ayniqsa, Yoshlar Akademiyasi a’zolari, yosh olimlar va ixtirochilari tomonidan yaratilgan ilmiy innovatsion ishlanmalar ko‘rgazmasi hamda anjuman doirasida badiiy va maxsus adabiyotlar yarmarkasi tashkil etilganligi anjuman ishtirokchilarida katta taassurotlar qoldirdi.