Ma’naviyat universiteti
Keyingi yillarda til, adabiyotga e’tibor millatga e’tibor ekanligidan kelib chiqib misli ko‘rilmagan ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirildi. O‘zbek tili va adabiyotining o‘ziga xos betakror xususiyatlari, tarixiy taraqqiyoti, uning bugungi holati va istiqboli bilan bog‘liq masalalarni chuqur o‘rganish, bu borada olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligini kuchaytirish, ta’lim-tarbiya tizimining barcha bo‘g‘inlarida o‘zbek tili va adabiyoti fanini o‘qitishning hamda ushbu soha bo‘yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlashning sifatini tubdan oshirish maqsadida 2016-yil 13-mayda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining tashkil etilishi buning yorqin isbotidir.
Universitet o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha filolog mutaxassislar, ilmiy-pedagog kadrlar, yuqori malakali tarjimonlar tayyorlash, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, soha xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ayni shu yo‘nalishlarda ilmiy va o‘quv-metodik materiallarni ishlab chiqish bo‘yicha tayanch oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Bugungi kunda mazkur ta’lim muassasasida O‘zbek filologiyasi, O‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish, Tarjima nazariyasi va amaliyoti, O‘zbek tili fakultetlari hamda 14 ta kafedrada 204 nafar professor-o‘qituvchi 3854 nafar talabaga saboq berib kelmoqda.
O‘tgan besh yil mobaynida o‘zbek tili va adabiyotini, uning o‘ziga xos xususiyatlari, ilmiy-nazariy, falsafiy-estetik asoslarini, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini chuqur o‘zlashtirgan, ilmiy, badiiy va boshqa sohalardagi adabiyotlarni o‘zbek tilidan ingliz va boshqa xorijiy tillarga tarjima qiladigan tarjimonlar, davr talablariga javob beradigan yuksak malakali ilmiy va pedagog kadrlar tayyorlash uchun ta’lim jarayoni, o‘quv reja va dasturlari, yangi pedagogik texnologiyalar hamda o‘qitish usullari chet el tajribasi hamda mahalliy an’analar asosida takomillashtirildi. Jumladan, keyingi uch yilda 18 ta darslik va 21 ta o‘quv qo‘llanma, ya’ni yangi avlod o‘quv adabiyotlari yaratilib, ta’lim jarayoniga keng tatbiq etildi.
Universitetda dastlab “Filologiya va tillarni o‘qitish (o‘zbek tili)”, “O‘zbek tili va adabiyoti”, “O‘zbek-ingliz tarjima nazariyasi va amaliyoti” bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari, “Lingvistika (o‘zbek tili)”, “Adabiyotshunoslik (o‘zbek adabiyoti)”, “O‘zbek tili va adabiyoti” magistratura mutaxassisliklari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, hozirda ular bilan birga “O‘zga tilli guruhlarda o‘zbek tili”, “Noshirlik ishi”, “Tarjima nazariyasi va amaliyoti: ingliz tili”, “Tarjima nazariyasi va amaliyoti: rus tili” ta’lim yo‘nalishlari, “Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik”, “Adabiyotshunoslik (oliy adabiyot kursi)”, “Folklorshunoslik va dialektologiya”, “Sinxron tarjima (ingliz tili)”, “Kompyuter lingvistikasi” mutaxassisliklari faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, 2018-yilda Ahmad Yassaviy nomidagi Qozoq-turk xalqaro universiteti (Qozog‘iston Respublikasi) bilan o‘zaro hamkorlik memorandumiga ko‘ra qo‘shma dastur asosida Adabiyotshunoslik (turkologiya) mutaxassisligi, 2019-2020-o‘quv yilidan Turkiya Respublikasining Anqara Hoji Bayram Vali nomidagi Anqara universiteti bilan birgalikda “Gid hamrohligi va tarjimonlik faoliyati” magistratura mutaxassisligi tashkil qilindi. Kelgusida “Amaliy filologiya”, “Kompyuter lingvistikasi”, “Psixologiya (faoliyat turlari bo‘yicha)”, “Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik”, “Folklorshunoslik va shevashunoslik”, “Sotsiologiya” kabi ta’lim yo‘nalishlari, “Badiiy tarjima (ingliz tili)”, “Ilmiy-texnik tarjima (ingliz tili)”, “Qiyosiy tilshunoslik, lingvistik tarjimashunoslik (ingliz tili)” mutaxassisliklari tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Ma’lumki, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani jadal rivojlantirish, ilmiy-intellektual hamda moliyaviy resurslarni to‘liq safarbar etgan holda ilmiy-innovatsion salohiyatdan keng foydalanish, istiqbolda ilm-fanni muntazam isloh qilib borishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, zamonaviy bilimga ega va mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy infratuzilmani modernizatsiya qilish ishlarini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish muhim masalalardan sanaladi. Shu bois ta’lim dargohida o‘zbek tili va adabiyotining xalqimiz, jamiyatimizning ma’naviy rivoji, zamonaviy ilm-fan taraqqiyotida tutgan o‘rni va roli bilan bog‘liq dolzarb mavzularda ilmiy-tadqiqotlar amalga oshirilmoqda, monografiya hamda nufuzli xorijiy jurnallarda ilmiy maqolalar nashr qilinmoqda. Buni yillar kesimida raqamlarda ifodalaydigan bo‘lsak, quyidagicha ko‘rinish hosil qiladi. 2017-yilda 22, 2018-yilda 25, 2019-yilda 29, 2020-yilda 35 nafar filologiya fanlari doktori (DSc), 2017-yilda 32, 2018-yilda 47, 2019-yilda 68, 2020-yilda 81 nafar filologiya bo‘yicha falsafa doktori (Phd) faoliyat yuritdi. Ilmiy salohiyat ko‘rsatilgan yillarni mos ravishda 43,9; 56,6; 59,2; 58,6 foizni, dissertatsiya himoya qilganlar soni jami 51 nafarni tashkil etdi. 2017–2020-yillar oralig‘ida jami 94 ta monografiya, 323 ta xorijiy jurnalda maqola e’lon qilindi, intellektual mulk uchun 9 ta patent, axborot texnologiyalariga doir dasturlar va elektron bazalar uchun olingan hamda mualliflik huquqi bilan himoya qilinadigan 46 ta guvohnoma qo‘lga kiritildi. Xalqaro bazalarda professor-o‘qituvchilarning ilmiy maqolalariga iqtiboslilik ko‘rsatkichi ham o‘sib borish tendensiyasiga ega. Ya’ni, bu daraja 2017-yilda 2 ta, 2018-yilda 48 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2019-yilda 231 ta, 2020-yilda 239 taga yetdi.
Xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlik miqyosini kengaytirish, bakalavr, magistr, ilmiy izlanuvchi hamda professor-o‘qituvchilar uchun almashinuv dasturlarini yanada rivojlantirish maqsadida yetakchi xorijiy OTMlar bilan 71 ta memorandum va shartnoma imzolandi. Ulardan 38 tasi OTM va ilmiy tashkilotlar bilan imzolangan memorandum, 22 tasi assotsiatsiyalarga a’zo bo‘lish xususida uch tomonlama shartnoma, 8 tasi talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuv dasturi haqidagi shartnoma, 3 tasi qo‘shma ta’lim dasturlari asosida magistratura mutaxassisliklarini tashkil etish bo‘yicha ikki tomonlama shartnoma. Buning natijasi o‘laroq, 2019-yilda 52 nafar professor-o‘qituvchi va 62 nafar talaba, 2020-yilda esa 16 nafar professor-o‘qituvchi va 28 nafar talaba 15 dan ortiq xorijiy OTMlarda almashinuv dasturlari asosida o‘quv va boshqa jarayonlarda ishtirok etdi. O‘z navbatida, 2018–2019-o‘quv yilida universitet ta’lim jarayoniga yetakchi xorijiy OTMlardan 13 nafar, 2019–2020-o‘quv yilida 18 nafar malakali mutaxassis jalb etildi. Jumladan, AQSH, Turkiya Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Janubiy Koreya, Qozog‘iston, Rossiya Federatsiyasi, Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi universitetlarining professor-o‘qituvchilari ToshDO‘TAU talabalari, pedagoglar jamoasiga ma’ruza, master-klass, seminar-trening va amaliy mashg‘ulotlar olib bordi.
Universitetda talabalar, magistrantlar, tayanch doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar va professor-o‘qituvchilar uchun mahalliy, xalqaro axborot va ma’lumotlar bazalaridan foydalanishi uchun barcha sharoitlar mavjud. Jumladan, har bir kafedrada 4 tadan kompyuter, mustaqil ta’lim zalida 100 dan ortiq kompyuter, ARMning 2-qavatida 47 ta kompyuter internet tarmog‘iga ulangan va wi-fi zonalaridan ham bepul foydalanish imkoniyati yaratilgan.
Biz talabalar hayotining rang-barang va yorqin bo‘lishiga harakat qilamiz. Shu maqsadda Talabalar kengashi tashkiloti tuzilgan. Kengash hammaslak yoshlarning kuchli jamoasi bo‘libgina qolmay, atrof-muhitga befarq bo‘lmagan katta ahil oila hamdir.
Universitetda talabalarning ijtimoiy faolligini oshirish maqsadida turli yo‘nalishdagi jamiyatlar va birlashmalar faoliyat olib boradi. Ilmiy iqtidorga ega talabalar “Yosh filolog olimlar jamiyati”ga a’zo bo‘ladilar. Jamiyat talabalarning
ilmiy-tadqiqot ishlarini turli tadbirlar, ilmiy anjumanlarda namoyon qilish imkoniyatini beradi. “Yosh filolog olimlar” jamiyati tomonidan har yili noyabr oyida respublika miqyosidagi “Filologiya masalalari – yosh tadqiqotchilar nigohida” mavzusida an’anaviy ilmiy anjuman, aprel oyida “Til va adabiiyot: ilmiy va amaliy izlanishlar yo‘lidagi ilk odimlar” universitet miqyosida talabalarining ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazib kelinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 3-martda qabul qilingan “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra mazkur universitet oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish metodikasini takomillashtirish, o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchilarining malakasini oshirish, ilmiy-tadqiqotlar olib borish, davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish hamda atamashunoslik bo‘yicha tayanch oliy ta’lim muassasasi etib belgilandi. Shu bilan birga, ushbu me’yoriy hujjat asosida universitet qoshida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi davlat universitetlari hamda pedagogika institutlari huzurida hududiy bo‘linmalarga ega Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi tashkil etildi. Bugungi kunda mazkur markazda vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari xodimlarining o‘zbek adabiy tili me’yorlari, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi va imlosi, davlat tilida ish yuritish asoslari, rasmiy hujjatlar va ularni yozish bo‘yicha nazariy hamda amaliy bilimlari, ko‘nikma va mahorati oshirib borilmoqda. Jumladan, 2020-yilda 102 ta guruhda 2126 nafar tinglovchi tahsil oldi va ularga sertifikatlar topshirildi. Bu viloyatlar kesimida Qoraqalpog‘istonda 176, Andijonda 94, Buxoroda 103, Sirdaryoda 176, Jizzaxda 107, Navoiyda 152, Namanganda 103, Samarqandda 137, Surxondaryoda 161, Qashqadaryoda 100, Xorazmda 84, Farg‘onada 141, Toshkent shahri bo‘yicha 592 nafarni tashkil etadi.
2021-yil yanvar-mart oylari mobaynida 117 ta guruh tashkil etilib, 2613 nafar tinglovchi o‘qitildi va ularga sertifikatlar taqdim etildi. Mazkur ko‘rsatkich viloyatlar kesimida Qoraqalpog‘istonda 214, Andijonda 124, Buxoroda 176, Sirdaryoda 197, Jizzaxda 114, Navoiyda 219, Namanganda 116, Samarqandda 186, Surxondaryoda 114, Qashqadaryoda 154, Xorazmda 200, Farg‘onada 170, Toshkent shahri bo‘yicha 666 nafarga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, aholining yozma va og‘zaki savodxonligini oshirish, o‘zbek adabiy tili me’yorlari bo‘yicha amaliy bilimlari, ko‘nikma va mahoratini tizimli asosda oshirib borish bo‘yicha markazda 2 ta guruh shakllantirilib, 53 nafar tinglovchi o‘qitildi.
Ko‘pchilikka yaxshi ayonki, chet davlat fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsni O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish bo‘yicha “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartirish kiritish yuzasidan takliflar olti oy mobaynida keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tdi. Yangi tahrirdagi qonun 2020-yil 13-mart kuni imzolandi. 2020-yil 15-sentabrdan boshlab kuchga kirgan ushbu qonunning 19-moddasiga O‘zbekiston fuqaroligiga umumiy tartibda qabul qilishning asosiy shartlaridan biri sifatida ariza topshirgan shaxsning davlat tilini muloqot qilish uchun zarur darajada bilishi ham kiritildi. Ushbu moddaga asosan davlat tilini bilish darajasini aniqlash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishi mustahkamlab qo‘yilgan. Nizomga ko‘ra davlat tilini bilish darajasini aniqlash va davlat namunasidagi malaka sertifikati Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi yoki uning hududiy bo‘linmalari tomonidan berilishi qayd etilgan. Davlat tilini bilish darajasini aniqlashga tayyorgarlik ko‘rish, test materiallarini tayyorlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan shakllantiriladigan ishchi guruh ariza topshirgan shaxsning nutqiy, lingvistik, matnni tushunish kompetensiyalariga e’tibor qaratadi. Markaz va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan 2020-yil dekabr oyidan 2021-yil aprelgacha davlat tilini bilish darajasini aniqlash hamda imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan fuqaroligi yo‘q 945 nafar talabgorga Davlat namunasidagi sertifikatlar berildi. Joriy yilning mart oyidan boshlab o‘zga millat vakillari va o‘zbek tilini o‘rganuvchilar uchun 3 oylik “O‘zbek tili” kurslari tashkil qilindi. Hozirgi kunda vazirlik, idoralardan tavsiya qilingan 80 nafar tinglovchi o‘zbek tilini o‘rganmoqda.
Qolaversa, fundamental fanlar, zamonaviy axborot va kommunikatsiya texnologiyalari, sanoat, bank-moliya tizimi, yurisprudensiya, diplomatiya, harbiy ish va shu kabi o‘ta muhim tarmoqlarda o‘zbek tili o‘zining haqiqiy o‘rnini egallashiga erishish, shu maqsadda zamonaviy darsliklar, etimologik va qiyosiy lug‘atlar yaratish, zarur atama va iboralar, tushuncha va kategoriyalarni ishlab chiqish muhim ahamiyat kasb etmoqda Shu bois universitet professor-o‘qituvchilari ham o‘zbek tilini siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy va boshqa sohalarda qo‘llash, ta’limning barcha bosqichlarida davlat tili o‘qitilishi hamda o‘zbek tili va adabiyotini yanada rivojlantirish borasidagi ilmiy, ilmiy-amaliy izlanishlar doirasini kengaytirish, undan davlat tili sifatida to‘liq va to‘g‘ri foydalanishni ta’minlash, davlat tilining zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalariga faol integratsiyalashuvi, xalqaro miqyosdagi o‘rni va nufuzini oshirish yo‘lidagi faoliyatini yanada takomillashtirib bormoqda. Bir so‘z bilan aytganda, jamoa mamlakat rahbari ta’riflagan “Ma’naviyat universiteti” degan yuksak nomga har jihatdan munosib bo‘lish uchun birdamlik bilan sa’y-harakat qilib kelmoqda. Zero, til va adabiyot rivoji millat taraqqiyotining garovidir.
Baxtiyor ABDUSHUKUROV,
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘zbek filologiyasi fakulteti dekani,
filologiya fanlari doktori, professor