MА’NАVIY MАKON: BUXORO — MА`RIFАTLI JАMIYAT SАRI

Bugunda inson qadri ulug‘ligiga, insonparvarlikka asoslangan demokratik tamoyilning xalqimiz hayotiga tobora chuqurroq kirib borayotganligining guvohi bo‘lyapmiz. Ya’ni “Inson-jamiyat-davlat” tamoyili har jabhada sezilib, mazmun-mohiyat kasb etmoqda. Har bir yurt fuqarosining tub manfaatlariga hurmat bajo keltirish — adolatli yondashuv tufayli vatandoshlarimizning, nafaqat, yashash sifati, balki dunyoqarashi ham o‘zgarib, daxldorlik tuyg‘usi, Vatan ravnaqiga hissa qo‘shishga bo‘lgan shaxsiy mas’ullik milliy mas’ullikka aylanmoqda. Aholi ruhiyatidagi bunday ijobiy o‘zgarishlarni yanada rivojlantirish orqali uchinchi Renessansga muhim asos bo‘ladigan «Yangi O‘zbekiston – ma’rifatli jamiyat» konsepsiyasini ishlab chiqishga kirishilganligi va bosh maqsad ta’lim-tarbiyani rivojlantirish kabi vazifaga asoslanishiga qaratilishi juda ayni muddao bo‘lar edi. Zero, jadid bobolarimiz e’tirof etganlaridek, “Najot — ta’limda, najot— tarbiyada, najot — bilimda”. Shunday ekan, bugungi kunda ta’lim tizimidagi islohotlar ko‘zni quvontiradi.
18-20-may kunlari Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat va notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi, Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti, “Ma’rifat” targ‘ibotchilari jamiyati, viloyat hokimligi hamkorligida ilm-ma’rifatning qadim o‘chog‘i bo‘lgan Buxoro shahrida “Uchinchi Renessans – ma’rifatli jamiyat sari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi.Anjuman ochilish marosimida respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari, Oliy Majlis Senati a’zosi Minhojiddin Mirzo onlayn tarzda so‘z olib, respublikamizning turli viloyatlaridan kelgan ma’rifat targ‘ibotchilari, olim va ziyolilar e’tiborini soha oldida turgan dolzarb vazifalarga qaratdi. “Nuroniy” jamg‘armasi Buxoro viloyat kengashi raisi S. Husenov, siyosiy fanlar doktori, professor N. Jo‘rayev Yangi Uyg‘onish davri haqidagi zalvorli so‘zlari bilan boshlab berdi. “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati raisi B. Husanov anjumanda kirish so‘zini ochib, yoshlar tarbiyasi, ya’ni ilmu ma’rifatli avlod ta’lim-tarbiyasi bugungi kunda o‘ta dolzarb masalaga aylangani xususida gapirdi. O‘g‘il-qizlarimizning zamonaviy bilimlarni chuqur egallashlari, ona yurtga, milliy qadriyatlarimizga mehru muhabbat ila o‘sishlari uchun har bir ota-ona mas’ul ekanligi va bu kelgusida qalbi ma’naviyatga oshno bo‘lgan avlodlar milliy yuksalish bunyodkorlari ekanliklari haqida alohida ta’kidladi.
Konferensiya o‘z ishini sho‘balarga bo‘lingan holda davom ettirdi.
III sho‘ba bo‘yicha mamlakatimizda demokratik o‘zgarishlar, jumladan, ta’lim islohotlari orqali O‘zbekistonda yangi uyg‘onish davri – Uchinchi Renessans poydevorini yaratish”mavzusi yuzasidan 2023 yilning “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb e’lon qilinishida ulug‘ niyat — o‘sib kelayotgan yosh avlodning ta’lim-tarbiyasi hamda davlatning, jamiyatning taraqqiyoti yoshlar kelajagiga bog‘liq ekan, ularning saviyasi, bilim va salohiyatini yuksaltirish ekanligi xususida sifatli ta’limni yosh avlodga taqdim etishda, o‘qituvchilarning qadri yanada yuksalishi borasidagi rag‘batlantiruvchi islohotlar, “davlat-ta’lim-o‘quvchi va ota-ona” xalqalarini qat’iy bir tizimga mustahkamlagan tamoyillarga asoslangan strategik maqsadlar ahamiyati, vatan oldidagi burch va sadoqat borasida, shuningdek, oila mustahkamligi, farzand tarbiyasida ota-onaning o‘rni kabi mavzularda fan doktorlari, professor-olimlarning ma’ruzalari tinglandi.
Xalq donishmandlarining bir naqli bor. Agar mamlakat 1 yil rivojlanaman desa — bug‘doy eksin, agar davlat 10 yil rivojlanaman desa — daraxt eksin, agar yurt 100 yil ravnaq topaman desa — o‘z yoshlarining ta’lim-tarbiyasiga jiddiy e’tibor qaratsin. Darhaqiqat, dunyo tajribasidan ko‘rish mumkinki, qaysiki rivojlangan mamlakat bo‘lsin, islohotlarining asosiy mezoni sifatli ta’lim, yoshlar tarbiyasiga tayangandir. Chunki, jamiyatning negizini insonlar tashkil etar ekan, ta’lim bu insonning imkoniyatlarini kengaytiruvchi, yuqori pog‘onaga ko‘taruvchi “richag”dir. Uchinchi Renessans ma’rifatli jamiyatda, ilm-fan taraqqiyot etgan davlatda quloch yozadi. Prezidentimiz tilga olgan va u istayotgan Uchinchi Renessans g‘oyasi ham davlatning, ham yoshlarning, ham ota-onalar va ustozlarning orzu-istaklarini birlashtiradi.
Anjuman doirasida aytilgan fikr-mulohazalar, bildirilgan takliflar juda ahamiyatga egaligi borasida xulosalar qilindi. Shuningdek, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati tomonidan chop etilgan “O‘zbekiston Qahramonlari” kitobining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Taqdimotda ikki avlod vakillari, vatanimizning yuksak mukofotlariga loyiq ko‘rilgan ibratli hayot yo‘lini bosib o‘tgan otaxon va onaxonlarning hamda bugungi yoshlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Ko‘rsatgan fidoyilik hamda matonatlarini e’tirof etgan holda O‘zbekiston qahramonlari va oila a’zolariga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. So‘ngra milliy estrada yulduzi, O‘zbekiston xalq artisti marhum Botir Zokirov ijodiy merosini keng targ‘ib qilish maqsadida O‘zbekiston xalq artisti Gavhar Zokirova ijrosida “Sulola” nomli bir aktyor spektakl sahna asari namoyish etildi. Spektakl tarbiyaviy ahamiyati jihatidan yoshlar qalbida kattaga hurmat, insonlarni qadrlash, millatni sevish kabi fazilatlarni uyg‘otishga xizmat qiladi. Seminar dasturidan joy olgan “Ma’rifat tur” loyihasida viloyatdagi “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”, “Temir daftar”ga kiritilgan oilalar vakillari va ularning farzandlarini ma’naviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida viloyatning qadimiy obidalari, qadamjolar va diqqatga sazovor joylarga sayyohati tashkil etildi. Buxoro shahridagi, “Naqshband” hunarmandchilik markazi hamda Buxoroning eski shahar – “Labi hovuz” majmuasi, “Minorai Kalon”, “Ark” qo‘rg‘oni kabi tarixiy joylarning tarixi bilan tanishishdi hamda ziyorat qildi. Shuningdek, ziyolilar ishtirokida uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida yosh avlodni yuksak insoniy tuyg‘ular ruhida tarbiyalash, uning estetik didi va tafakkurini shakllantirish, o‘zbek musiqa san’atining ko‘p asrlik ijro yo‘llari, qadimiy tarixi, noyob san’atini keng targ‘ib qilish maqsadida Shahriston maydonida o‘tkazilgan “Milliy qo‘shiqlar va maqom”konsert dasturi barchaning dilini xushnud qildi.
Anjuman yakunida dastur bo‘yicha tashkillashtirilgan ma’naviy tashriflar amalga oshirildi. Korxona, tashkilotlar va oliy ta’lim muassasalarida ziyolilar, shoir-yozuvchilar ishtirokida “Ma’rifat soatlari” loyihalari bo‘yicha uchrashuvlar o‘tkazildi. Shuningdek, Buxoro viloyatdagi bolalar uylarida tarbiyalanuvchilari va ko‘makka muhtoj insonlarning holidan xabar olindi. Jamiyatni inson o‘zgartiradi, ta’lim insonni yuksaltiradi. Yuksalish esa ma’rifatli jamiyatda yuz beradi. Ma’rifat istagan anjuman esa xalq va ziyolilar orasida ma’naviy ko‘prik vazifasini o‘tadi desam mubolag‘a bo‘lmas.
Oygul KAJANOVA, jurnalist