BEQIYOS MA’NAVIY XAZINA
Mana oradan besh asrdan ortiq vaqt o‘tibdiki ulug‘ mutafakkir bobolarimiz, so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy hamda shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning boy ma’naviy merosi butun dunyoni hayratga solib, insonlar qalbiga, ongu shuuriga ezgulik, insonparvarlik, saxovat va mehr-muruvvat nurini taratib kelmoqda. Shu kunlarda, yurtimizda Alisher Navoiy tavalludining 582 hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligi keng nishonlanmoqda.
Jumladan, joriy yilning 7 fevral kuni “Adiblar xiyoboni”, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi tashabbusi bilan ikki shoir tavallud kunlariga bag‘ishlangan “Alisher Navoiy va Bobur merosi – beqiyos ma’naviy xazina” mavzusidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi mas’ullari, taniqli olimlar, shoirlar va yozuvchilar, san’atkorlar, O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi, Qurolli Kuchlar Akademiyasi, IIV Akademiyasi, Bojxona instituti professor-o‘qituvchilari, tinglovchi-kursantlar, bir guruh yoshlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbirning badiiy qismi Yozuvchilar uyushmasi zalida o‘ziga xos ko‘tarinki shukuh bilan o‘tdi. Unda – millat, xalq borki o‘z ajdodlarini eslashga, ularning hurmatini joyiga qo‘yishga intilishi, bunday xayrli ishlar mamlakatimiz xalqlarini bir-biriga yaqinlashtirishi, ularning birdamligiga xizmat qilishi, Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Boburning ilmiy merosi yoshlarda Ona-vatanga sadoqat va muhabbat, vatanparvarlik, poklik kabi insoniylik tuyg‘ularini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishini xususida keng fikr-mulohazalar bildirdilar.
Farhodjon XO‘JAYEV,
O‘zbekiston Respublikasi
Favqulodda vaziyatlar vazirligi
Akademiyasi katta o‘qituvchisi, mayor