“Bir million dasturchi”
Bugungi tezkor va globallashuv davri yuqori malakali dasturchi va mutaxassislar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishni taqozo qilmoqda. Bugungi kun va kelajagimizni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda sohaning yetuk kadrlarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Elektron o‘qitish dasturi doirasida o‘qib, diplom olgan dasturchilarni davlat va xo‘jalik muassasalariga IT mutaxassis sifatida ishga olish galdagi muhim vazifadir. Chunki ular tashkilotlar faoliyatini an’anaviy elektron formatdan raqamli ko‘rinishga o‘tkazishga mas’ul mutaxassislardir. IT infratuzilmasini yaxshilash, aholi, ayniqsa, yoshlarning bu boradagi savodxonligini oshirish — davr talabi.
“Bir million dasturchi” loyiha maqsadi – keng jaomatchilik, ayniqsa yoshlar uchun dasturlash yo‘nalishida qulay, sifatli va bepul masofaviy o‘qitishni ta’minlash. Loyiha doirasida o‘zbek tilidagi 700 dan ortiq elektron o‘quv materiallari jamlangan uzbekcoders.uz iteraktiv portali ishga tushirilgan. Unda eng mashhur to‘rtta talabgor mutaxassisliklar bo‘yicha bepul video kurslar o‘zbek tilida subtitrlar bilan taqdim etilgan, jumladan ma’lumotlarni tahlil qilish, “android” ilovalarni ishlab chiqish, veb-ilovalarni va dasturiy ta’minotlarni ishlab chiqish.
Shuningdek, axborot texnologiyalari sohasidagi yangi mutaxassisliklarni o‘zlashtirishga jalb qilish maqsadida Axborot texnologiyalari vazirligi tomonidan “Bir million dasturchi” loyihasida yoshlar ishtirokini kengaytirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda, hususan:
aholi o‘rtasida loyihani yoritish va raqamli ko‘nikmalarni targ‘ib qilish maqsadida reklama kompaniyasi (ijtimoiy tarmoqlar, onlayn maktab teledarsliklarida hamda radioda) ish boshladi;
loyiha doirasida bugungi kunda 69 mingdan ortiq o‘quvchi ro‘yxatdan o‘tib, 12 ming nafardan ortiq ishtirokchi sertifikatini, 6 ming nafar o‘quvchi bitiruvchi sertifikatni oldi;
“Bir million dasturchi” loyihasi ZIYONETta’lim portali, UZMOBILE mobil aloqa operatori va UZONLINE internet-provayderlarining bepul xizmatlariga kiritildi.
Shu bilan birga, raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarida ushbu loyiha doirasida dasturlash ko‘nikmalariga o‘qitish joriy etilmoqda.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi barcha hududda raqamli texnologiyalar bo‘yicha kamida 100 ta o‘quv markazi ochishni rejalashtirmoqda. Bu markazlarda dasturlash asoslari, elektron savdo va grafikli dizayn kabi yo‘nalishlar bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etiladi.
2020-2021 o‘quv yilida oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida informatika faniga «Bir million dasturchi» loyihasida nazarda tutilgan dasturlash yo‘nalishlarini alohida mavzu sifatida kiritish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Mutaxassislariga sharoit yaratish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan yili poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanida Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari parki bunyod etildi. Andijon va Marg‘ilon shaharlarida IT parkning filiallari tashkil qilindi. Poytaxtimizdagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot texnologiyalari maktabi hududida IT parkning yana bir filialiga bino qurilmoqda. Joriy yil yakuniga qadar Guliston, Buxoro, Namangan, Nukus, Samarqand, Urganch va Jizzax shaharlarida ham ana shunday filiallar tashkil etiladi.