BIZ QACHON TAYYOR BO‘LAMIZ?
Regulation.gov.uz da muhokamasi ketayotgan “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasiga taklif 2021-yilda tayyorlangan “Oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni loyihasida hozirgi zamon talablariga javob beradigan, O‘zbekiston ilm-fanining jahon fani bilan integratsiyasiga yo‘l ochib beradigan progressiv takliflar mavjud.
Ayniqsa, farmon loyihasining 8-bandidagi O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Fanlar akademiyasining 1-2 kvartil (Q1-Q2) jurnallarida 10 dan ortiq maqolalar chiqarib, Web of Science va SCOPUS iqtiboslik reytingi bo‘yicha Xirsh indekslari h=4 dan yuqori bo‘lgan ilmiy izlanuvchilarga PhD ilmiy darajasi, h=8 dan yuqori bo‘lgan PhDlarga DSc ilmiy darajasini dissertatsiya himoyasisiz berish taklifi “biz bunga hali tayyor emasmiz, ilmiy izlanuvchilarimiz bu talablarni hali bajara olishmaydi, bunga bosqichma-bosqich o‘tishimiz kerak” degan asossiz, balki aytish mumkinki, g‘arazli bahonalar bilan inobatga olinmay kelinmoqda. Shu bois, yuqorida keltirilgan ko‘rsatkichlarga ega, Xirsh indeksi 8 dan yuqori, jahon tan olgan olimlarimiz yana chetda qolib ketishmoqda. Qolaversa, ular dissertatsiyalar himoyasi bo‘yicha kengashlar a’zoligiga ham munosib ko‘rilmay kelinmoqda. Holbuki, bu olimlarimizning ilmiy salohiyati DSc darajasiga ega olimlarnikidan kam emas. Ayrim dissertatsiyalar himoya qilinadigan kengashlardagi fan doktorlari, ba’zi ilmiy kengashlar raislari-yu va hatto, OAK ekspertiza komissiyasidagi DSc ilmiy darajasiga ega ko‘pchilik olimlarimizda ham Xirsh indeksining o‘zi yo‘q. Buni qanday tushunish mumkin? Bu juda tashvishlanarli holat, axir.
Ta’kidlash joizki, Scopus va Web of Science tizimiga kiruvchi haqiqiy jurnallar, ya’ni ScienceDirect, PubMed, Clarivate Analytics kabi nufuzli xalqaro platformalarda o‘qiladigan, Journal Citation Reports (JCR) ilmiy jurnallar xalqaro reytingida tegishli fan sohasining birinchi yoki ikkinchi (Q1-Q2) kvartiliga kiruvchi ilmiy nashrlarda 3 ta ilmiy maqola chop etgan, SCOPUS va Web of Science h-indeksi 4 bo‘lgan mutaxassisga falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi, Journal Citation Reports (JCR) ilmiy jurnallar xalqaro reytingida tegishli fan sohasining birinchi yoki ikkinchi kvartiliga kiruvchi ilmiy nashrlarda 10 ta ilmiy maqolasi nashr etilgan, SCOPUS va Web of Science h-indeksi 8 bo‘lgan mutaxassisga fan doktori (DSc) ilmiy darajasini dissertatsiya himoyasisiz berish o‘rinli bo‘ladi. Chunki bunday resurslarda maqola chiqarishdek murakkab jarayonni bosib o‘tgan olimlarimizning xizmatlari munosib taqdirlanmas ekan, olimlik darajalari qonuniylashtirilmas ekan, soxta open-access jurnallarida maqola chiqarib ko‘zbo‘yamachilik orqali ilmiy daraja olayotgan soxta “psevdo-olimlar” safi kengayib boraveradi. Turli bahonalar bilan bu ishlarni orqaga surish, ilm-fanga sifatsiz ilmiy darajali mutaxassislar kirib kelishiga sabab bo‘lmoqda.
Yuqoridagi fikrlarni inobatga olgan holda, regulation.gov.uz portalida muhokamaga qo‘yilgan “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestasiyadan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasiga Xirsh indeksi 8 dan yuqori bo‘lgan va allaqachon ilmiy jamoatchilikka tanilib ulgurgan olimlarimizga dissertatsiya himoyasisiz DSc ilmiy darajasi berilishini taklif qilaman. Chunki PhD va DSc ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengashlardagi olimlar safida xalqaro reytingda h-indeksi yuqori bo‘lgan DSc ilmiy darajasiga ega olimlar sonining ko‘payishi ilmiy darajali kadrlar tayyorlashda yuzaga kelgan bu nomutanosiblikni sog‘lomlashtirish va tayyorlanayotgan kadrlar sifatini oshirishga xizmat qiladi. Va bu o‘zgartirishlar 2023-yildayoq o‘z ijobiy natijasini berishi va respublika ilm-fanining xalqaro reytinglardagi nufuzi oshishiga xizmat qiladi, deb ishonamiz. Qolaversa, PhD va DSc ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengashlarda olimlar safida xalqaro reytingda h-indeksi yuqori olimlar soni ko‘payishiga sabab bo‘ladi va yosh kadrlar ham ayni maqsadga intiladi.
Nosir SHUKUROV,
geologiya fanlari nomzodi,
“Buyuk kelajak” ekspertlar kengashi a’zosi